Mirzo Ulug‘bek (asl ismi Muhammad
Tarag‘ay, 1394 -1449 yillar)
Movarounnahr
xalqlari ilm-fani va madaniyatini o‘rta asr
sharoitida dunyo miqyosiga olib chiqqan
ulug‘ siymolardan biridir.
Muhammad Tarag‘ay – Ulug‘bek Amir
Temurning
kichik
o‘g‘li Shohruhning
farzandi. Ulug‘bek Eron Ozarbayjonining
Sultoniya shahrida bobosi Amir Temurning
harbiy yurishi paytida tug‘ilgan. Otasi
Shohruh
Mirzo
Xuroson
hukmdori,
ma’rifatli, ilm-fanga qiziqqan shoh bo‘lgan.
Onasi Gavharshodbegim ham o‘z davrining
oqilona, bilimdon, tadbirkor ayollardan
hisoblangan. Bolaligidayoq bobosi Amir
Temur nabirasini erkalab “Ulug‘bek” deb
atagan va u shu nom bilan jahon ilm faniga munosib hissa qo‘shib fan olamida
shon-shuhrat qozonadi.
Sharafuddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asarida yozilishicha, Amir Temur
huzuriga chopar kelib, Ulug‘bekning tug‘ilgani va munajjimlar bu nevara
51
kelajakda ham olim, ham hukmdor bo‘lishini bashorat qilganlari xushxabarini
yetkazadi. Sohibqiron xursandligidan Mordin qal’asi qamalini to‘xtatib, uning
xalqiga yuklangan to‘lovni bekor qiladi. Uning o‘z nabirasiga Muhammad
Tarag‘ay va Ulug‘bek deb ism qo‘yganini ham munajjimlarning yuqoridagi
bashorati bilan bog‘lash mumkin. Ikkinchidan, u Navro‘z kunlari tug‘ilgan.
Amir Temur suyukli nabirasi Ulug‘bekning tarbiyasiga alohida e’tibor berib,
uning jismonan sog‘lom, aql-zakovatli, axloq-odobli va ilmda barkamol bo‘lib
yetishuviga g‘amxo‘rlik qildi. Ulug‘bekni o‘z davrining bilimdon va tajribali
murabbiylari tarbiyalab, savodini chiqardilar, uni diniy va dunyoviy ilmlarning
asoslari bilan tanishtirdilar. Amir Temur rahnamoligida dunyoning turli
burchaklaridan ko‘pdan ko‘p fanlarga doir kitoblar va qo‘lyozmalarni oldirib kelib,
Samarqandda katta kutubxona tashkil etadi, yoshlarning ilmlarni egallashi uchun
imkoniyat yaratadi. Yosh Ulug‘bek arab va fors tillarini mukammal o‘rganadi, bu
uning kelajakda taniqli olim, davlat arbobi va fan homiysi sifatida shuhrat
qozonishiga imkon yaratadi. Ayni vaqtda Amir Temur Ulug‘bekni asta-sekin
davlat ahamiyatiga molik tadbirlarda qatnashtirgan. Ispaniyalik elchi Klavixoning
qayd etishicha, u Ulug‘bekni bobosining xorijiy elchilarni qabul qilish marosimlari
paytida hamda 1404 yili Konigilda Navro‘z-bahor bayramini nishonlash
tantanalarida ko‘rgan. Amir Temur vafoti (1405 yil)dan so‘ng Temuriylar o‘rtasida
toju-taxt uchun kurash boshlanadi, siyosiy parokandalik kuchayadi. Bu kurash
natijasida 1409 yili Xurosan va Movarounnahrda ikki mustaqil davlat yuzaga keladi.
Markazi Hirot shahri bo‘lgan Xurosan hududlarida Shohruh, markazi
Samarqand bo‘lgan Movarounnahrga 15 yoshli Ulug‘bek hukmdor bo‘ldi.
Ulug‘bek mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotini boshqarar ekan, ilmiy ishlar
bilan jiddiy shug‘ullanadi, olimlarning munozaralarida faol qatnashadi.
Manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, Ulug‘bek o‘tmishdoshlari Al-
Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Umar Hayyom va
boshqalarning ilmiy merosini batafsil o‘rganadi. Bu buyuk mutafakkirlarning
asarlari orqali u qadimgi yunon olimlari Aflotun (Platon), Arastu (Aristotel),
Gipparx, Ptolemeyning asarlari bilan – tanishadi. Ulug‘bek Movarounnahr
shaharlarini, xususan, Samarqand va Buxoroni ilmu-ma’rifat dargohiga
aylantirishga intildi. Uning farmoni bilan 1417 yili Buxoroda, 1417-1420 yillari
Samarqandda va 1432-1433 yillari G‘ijduvonda madrasa binolari qurildi. Hatto,
Buxoro madrasasining peshtoqiga: “Bilim olish har bir musulmon ayol va
erkakning burchidir” kalimasi o‘yib yozib qo‘yiladi. Movarounnahrning bu ko‘hna
shaharlarida barpo etilgan ilmgohlar, xususan, Samarqanddagi madrasasi
zamonasining universiteti hisoblangan. Ushbu madrasalarda ilohiyot ilmlari,
Qur’oni Karim, Hadis, tavsif-fiqh (din va shariat qonun-qoidalari) bilan birga,
dunyoviy fanlar riyoziyot (matematika), handasa (geometriya), falakiyot
52
(astronomiya), tibbiyot, tarix, geografiya hamda ilmi aruz (poetika), arab tili va
uning morfologiyasi (qofiya) kabi ilmlar ham o‘qitilgan. Ulug‘bekning
Samarqanddagi madrasasi ikki qavatli, ellik hujrali bo‘lgan. Har bir hujra uch
xonaga: qaznoq (omborxona), yotoqxona va darsxonalarga bo‘lingan. Samarqand
madrasasida yuzdan ortiq talaba istiqomat qilgan va ta’lim olgan. Madrasada o‘sha
zamonning ulug‘ olimlaridan Mavlono Shamsiddin, Muhammad Xavofiy yetakchi
mudarris bo‘lgan. Shuningdek, mazkur madrasada o‘rta asrning mashhur olimlari –
Qozizoda Rumiy, G‘iyosuddin Jamshid Koshoniy, Mirzo Ulug‘bek va uning
shogirdi Alouddin Ali Qushchi turli fanlardan dars berganlar. XVI asrning
mashhur adibi Zayniddin Vosifiyning yozishicha, 1420 yil 21-sentabr kuni,
madrasa ochilgan kuni, birinchi ma’ruzani Shamsuddin Muhammad Xavofiy
o‘qigan ekan. Mashg‘ulotda olimlardan 90 nafari qatnashgan, lekin ma’ruzaning
ma’nosiga Mirzo Ulug‘bek bilan Qozizoda Rumiydan boshqa hech kim
tushunmagan. Chunki, mazkur ma’ruza haddan tashqari ilmiy jihatdan kuchli va
murakkab masalalarni o‘z ichiga olgan edi. Shuni alohida qayd etish joizki,
madrasada kamida 15-16 yil tahsil ko‘rib, uning dasturi bo‘yicha asosiy fanlarni
to‘la o‘zlashtirgan va imtihonli saboqlarda o‘z bilimini namoyish qila olgan tolibi
ilmlarga
“sanad” – Shahodatnoma yozib berilgan. Mana shunday
shahodatnomalardan biri Ulug‘bekning Samarqanddagi madrasasida balxlik
Shamsuddin Muhammad nomiga, Hijriy 838 (1435) yil Qozizoda Rumiy imzosi
bilan yozib berilgan. Ulug‘bek madrasasida mudarrislik qilgan olimlardan bir
qismi turli fanlardan talabalarga dars berish bilan birga, astronomiya, matematika,
geografiya
bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va amaliy masalalar bilan ham
shug‘ullanganlar. Rasadxona qurilib ishga tushirilgunga qadar, osmon
yoritgichlarining holatini kuzatish ishlari muayyan darajada mana shu madrasada
Ulug‘bek tomonidan qurdirilgan muqatta’ masjidida olib borilgan.
53
Islom olamidagi eng avvalgi yulduzlar haqidagi asarlar “Zij” deb atalib, ular
asosan jadvallardan iborat bo‘lgan. Ulug‘bekka qadar yozilgan eng mukammal
“Zijlar” Beruniyning “Qonuni Mas’udiy”si va Nasriddin Tusiyning 1256 yili
yozgan “Ziji Elxoniy” asari edi, xolos.Movarounnaxrda esa mo‘g‘il istilosidan
keyin birorta zij yozilmagan edi. Ana shu sabablarga ko‘ra Ulug‘bek, eng avvalo,
yulduzlar haqidagi ilmni yo‘lga qo‘yishga intiladi. Buning uchun rasadxona qurish
kerak edi. Tarixiy manbalar shundan dalolat beradiki, Ulug‘bek Samarqand
madrasasini qurdirib bitkazgandan keyin oradan to‘rt yil o‘tgach, 1424-1428 yillari
shahar yaqinida Obi-rahmat anhori bo‘yida rasadxona qurdiradi. Doira shaklida
bino qilingan bu katta imoratning aylanasi 47 metr, balandligi 31 metrga teng edi.
Zahiriddin Boburning yozishicha, u uch qavatli bo‘lgan. Binoning sirti
koshin va sirli parchinlar bilan qoplangan. Binoning ichki sahni Sudei faxriy
(sekstant) va karidorlar bilan to‘rt qismga ajratilgan. Har bir qismi bir necha zallar
va mayda xonalarga bo‘lingan. Bino xonalarining devorlari osmon gumbazi,
samoviy jismlar, ularning joylashishi va o‘zaro munosabati, sayyoralarning
orbitalari, sobita (qo‘zg‘almas) yulduzlar, dengizlar, okeanlar, tog‘lar, biyobonlar
bo‘yicha iqlim
mintaqalariga
bo‘lingan
yer
kurrasi
va
hokazolar
tasvirlangan.Xullas, rasadxona ichki devorlarida koinotu-yer kurrasining umumiy
manzarasi tasvirlangan bo‘lib, shu tufayli bu mavze mahalliy aholi o‘rtasida
54
“Naqshi Jahon” degan nom bilan shuhrat topadi. Shu bilan birga, Ulug‘bek
rasadxona qoshida zamonasining boy kutubxonasini ham tashkil etadi. Bu
kutubxonada fanlarning deyarli barcha sohalariga tegishli, qariyb o‘n besh ming
kitob saqlangan. Bu haqda fransuz faylasufi, yozuvchi va tarixchi olim Volter:
“Ulug‘bek Samarqandda birinchi akademiyaga asos soldi, yer kurrasini o‘lchashni
buyurdi va astronomik jadvallarni tuzishda ishtirok etdi”, deb yozgan edi. (Volter,
tanlangan asarlar Jeneva, 1969, X, 199 bet). O‘sha vaqtlarda Samarqandda
Ulug‘bek atrofida 200 ga yaqin olimlar uyushgan edi. Shuni qayd etish joizki,
madrasa bilan rasadxona orasida ilmiy aloqa mavjud bo‘lgan, ya’ni rasadxonada
ishlab turgan ilmiy xodimlarning bir qismi madrasada mudarrislik qilishgan. Ular
orasida G‘iyosiddin Jamshid Koshoniy va Mirzo Ulug‘bekning o‘zi ham bo‘lgan.
Ulug‘bek madrasa toliblari bilan tez-tez bahslashib, imtihon qilib turgan. Bir kuni
Ulug‘bek madrasa toliblarini riyoziyot va geografiyaga oid bo‘lgan tavqim
bo‘yicha bir imtihon qilmoqchi bo‘libdi. U o‘rtaga quyidagi savolni tashlabdi:
“Qani tolibi Ilm, ayting-chi, xijriy 818 yil, rajab oyining o‘n ikkinchisi birlan o‘n
beshinchi o‘rtasi, 918 yil rajab oyining o‘n ikkinchi birlan o‘n beshinchi orasi
qaysi ayyomga to‘g‘ri keladur? Buning uchun juda ko‘p raqamlarni yodda tuta
bilishi zarur ekan. Talabalardan birortasi ham bu masalani yecholmaydi. Shunda
Ulug‘bek buni uyga vazifa qilib topshiribdi va ustozlarga xos husni odob bilan
mehribonlik ko‘rsatib, o‘rtaga qo‘yilgan masalani tushuntirgan va yozib bergan.
So‘ng Abu Rayxon Beruniyning “Qonuni Mas’udiy” kitobini ochib oltinchi
maqolasining yettinchi bobidan parcha o‘qib bergan. Keyin kitobni yopib
talabalarga bir necha savollar bergan. Javoblardan qisman qoniqish hosil qilgan
ustoz tolibu ilm ahliga bu asarni chuqurroq tahlil qilib, uning mohiyatini anglab
yetishni uyga yana bir bor vazifa qilib berishi, shu qadar talabchan olim
ekanligidan dalolat beradi.
Rasadxona bilan madrasa ilm ahllarining birgalikdagi faoliyati Ulug‘bek
ilmiy maktabida yulduz ilmi va riyoziyotni o‘rta asrlar davrida eng yuqori
pog‘onaga ko‘tardi. Mirzo Ulug‘bek rahnamoligidagi “Samarqand akademiyasi”
allomalari, o‘sha davr mezoni bilan aytganda, astronomik kuzatishlarda ulkan
muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishgan. Jumladan, eplektikaning og‘maligi, beshta
sayyora (Venera, Saturn, Mars, Yupiter, Merkuriy)ning yillik harakati, yulduz
yilining uzoqligi, Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari bo‘ylab
joylashgan aholi yashaydigan maskanlardan 683tasini Samarqand kengligiga
nisbatan geografik koordinatlari belgilab chiqiladi, shuningdek, 1018 yulduzni o‘z
ichiga olgan jadval tuziladi. Samarqand rasadxonasida olib borilgan ko‘p yillik
tadqiqotlarning samarasi, Sharq klassik astronomiyasining nazariy va ilmiy
masalalarini o‘zida mujassamlashtirgan hamda uni yangi dalil-isbotlar bilan
boyitgan shoh asar Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘rag‘oniy” nomli kitobidir. Bu
55
asar 1437 yili yozib tugallangan bo‘lsa ham, unga muallif umrining oxiriga qadar
bajargan ilmiy tadqiqot natijalari asosida kuzatishlar va qo‘shimchalarni kiritib
boradi. Aytmoqchimizki, “Ziji Ko‘ragoniy”da keltirilgan ilmiy natijalarning
aniqligi va mukammalligi jahon olimlarini hayratda qoldirdi. Masalan, yulduz yili
haqidagi hisoblari Ulug‘bekda 365 kun 6 soat, 10 min, 8 sek, aslida 365 kun 6 soat
9 min, 6 sekund.
Ulug‘bek “Ziji” o‘z tarkibiga ko‘ra XIII-IX asrlarda boshlangan
zamondoshlarimiz Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayxon
Beruniy amalga oshirgan yulduzshunoslik an’analarini davom ettirsada, ammo
ilmiy natijalari bilan ulardan ancha yuqori turadi. Bu shoh asar muqaddima va to‘rt
maqoladan iborat. “Zij”ni o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, u faqat amaliy qo‘llanishga
mo‘ljallangan bo‘lib, nazariy masalalarni bayon etishni Ulug‘bek o‘z oldiga
maqsad qilib qo‘ymagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, “Zij”ni birinchi bo‘lib Ali
Qushchi sharhlaydi, keyinchalik sharhlarni olimlardan Mirim Chalabiy va Xusayn
Birjandirlar yozadi. 1447 yilda Ulug‘bekning otasi Shohruh vafot etadi. Shundan
keyin Ulug‘bek Xurosonni Movarounnahr bilan birlashtirib, kuchli davlat tuzishga
harakat qildi, lekin qattiq qarshilikka duch keldi. 1448-yil bahorida Hirot
yaqinidagi “Tarnob” degan joyda Ulug‘bek bilan jiyani Alovuddavla o‘rtasida
katta jang bo‘lib, qo‘shinning chap tomonidan Ulug‘bekning katta o‘g‘li
Abdullatif, o‘ng tomonidan kenja o‘g‘li Abdulaziz boshchilik qildi. Jang Ulug‘bek
g‘alabasi bilan tugadi, lekin g‘alabanoma Abdullatif nomidan emas, faqat
Abdulaziz nomidan e’lon qilindi. Buning ustiga Abdullatifning Hirotdagi
Ixtiyoriddin qal’asida saqlanayotgan mol-mulkni davlat mulkiga o‘tkazilishi
o‘g‘ilning otaga nisbatan dushmanligini yanada oshirdi. Ulug‘bek Hirotda
Abdullatifni qoldirib, o‘zi Samarqandga yo‘l oladi. O‘g‘lining otaga
dushmanligidan Ulug‘bek saroyida xizmat qilayotgan ayrim rahbarlari, ayniqsa
reaksion kuchlar foydalandilar. 1449 yil kuzida Abdullatif qo‘shinlari Ulug‘bekka
qarshi hujum qilib, uni yengdi. Abdullatifning roziligi va ruhoniylarning fatvosi
bilan Ulug‘bek Samarqand shahri yaqinidagi qishloqda qatl etildi.
Mirzo Ulug‘bekning fojiali halokatidan so‘ng Samarqanddagi rasadxona
faoliyatini uning shogirdi Ali Qushchi 1469-yilgacha davom ettiradi. Olimlarning
aksariyati esa, Samarqandni tark etib Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlariga tarqalib
ketadilar. Ular o‘zlari borgan yerlarga Samarqand olimlarining yutuqlarini va
“Zij”ning nusxalarini ham yetkazdilar. Jumladan, Ali Qushchi 1473 yili
Istambulga borib, u yerda rasadxona quradi. Shu tariqa Ulug‘bek “Ziji” Turkiyada
tarqaladi va u Turkiya orqali Yevropa mamlakatlariga yetib boradi. Ulug‘bekning
“Ziji Ko‘rag‘oniy” asarida geografiyaga oid ma’lumotlar nimalarda namoyon
bo‘ladi degan savolning tug‘ilishi tabiiy. Uning sirlari bevosita “Zij”da yashirinib
yotibdi. Buni biz bevosita “Zij” dan izlashimiz zarur bo‘ladi. Ma’lumki,
56
manbalarda u “Ziji jadidi Ko‘rag‘oniy” (“Ko‘rag‘oniy yangi astronomik jadvali”),
“Ulug‘bek ziji” deb yuritiladi. Hozirgi kundagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Zij”ning 120
ga yaqin forsiy va 15 dan ortiq arabiy nusxasi mavjud. Shuni ta’kidlash kerakki,
o‘rta asrda yozilgan ushbu asar lotin tiliga ham tarjima qilingan. Asar ikki
bo‘limdan, ya’ni muqaddima va kuzatishlar natijasida 1018 ta yulduzning holati
bo‘yicha tuzilgan jadvaldan iborat. Muqaddima 4 qismga ajratilgan. 1-qism –
xronologiya bo‘yicha Sharq xalqlarining yil hisoblash usullari bayon qilingan
bo‘lib, unda arab, yunon, eron, xitoy va uyg‘urlarda yil hisoblash tartiblari,
ularning birinchisidan ikkinchisiga o‘tish yo‘llari va u xalqlarning o‘ziga xos
milliy bayramlari va udumlarini hisoblash usullari ifodalangan. 2-qism – amaliy
astronomiya masalalariga bag‘ishlangan. Unda ekliptika va ekvator orasidagi
burchakni aniqlash, osmon jismlarining koordinatalarini topish usullari, meridian
chizig‘ini o‘tkazish, qibla azimutini aniqlash, geografik koordinatalarni topish, yil
davomiyligini aniqlash va osmon sferasida differensial o‘lchashlar o‘tkazish
masalalari yoritilgan. 3-qismda sayyoralarning ko‘rinma harakatlari geotsentrik
sistema asosida sharqlangan. 4-qismda goroskop haqida ma’lumotlar keltiriladi.
Shu o‘rinda biz, taniqli o‘zbek geograf olimi Hamidulla Hasanovning sa’yi-
harakatlari tufayli u “Ulug‘bek ziji”da geografiyaga taaluqli bo‘lgan ma’lumotlarni
akademik T.N.Qoriniyoziyning “Ulug‘bekning astronomik maktabi” (Toshkent,
Tanlangan
asarlar
6-tom,
1967
yil),
Ozarbayjonlik
astronom
olim
H.J.Mamadbeylining “Marog‘on observatoriyasining asoschisi Muhammad
Nasriddin Tusiy” asarlari hamda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik
instituti (O‘zFAShI) kutubxonasi qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan “Ulug‘bek
ibn Shohruh ibn Temur Ko‘ragon. “Ziji sultoni Ko‘ragoniy” № 2214 bo‘yicha
taqqoslangan. Ular quyidagilardan iborat. T.N.Qoriniyoziy fikricha, “Ulug‘bek
ziji” tafsilotini O‘zbekistonda birinchi bo‘lib, mukammal ochib berdi.
Ulug‘bekning yulduzlar jadvali undan 100 yil keyin Yevropada tuzilgan jadvaldan
ancha aniq edi. Unda berilgan asronomik jadvallar bilan bir qatorda shaharlarning
geografik koordinatalari ham ko‘rsatilgan va u oldingi “zij”lardan ancha
mukammalroq deb hisoblagan. H.J.Mamedbeyli asarida bunday deyilgan:
“Nasriddin Tusiy tuzgan “Ziji Elxoniy”dagi ayrim jadvallar, jumladan,
shaharlarning geografik koordinatalari jadvali “Ziji Ko‘rag‘oniy”ga to‘ppa-to‘g‘ri
ko‘chirib yozilgan. Sinchiklab tekshirish natijasida shu narsa isbot etildiki, 256
shaharning geografik koordinatasi berilgan bu jadval hech qanday o‘zgarishsiz
“Ziji Elxoniy”dan “Ziji Ko‘rag‘oniy”ga ko‘chirilgan, faqat Samarqand shahrining
koordinatalarigina boshqatdan aniqlangan” (232-bet). O‘z navbatida o‘zbek olimi
tomonidan bir qator manbalar batafsil o‘rganilishi va taqqoslash usulidan
mohirona foydalanib, Nasriddin Tusiy tuzgan “Zij”da 256 ta shahar, Ulug‘bek
“Ziji”da 569 ta shahar koordinatalari berilganligini isbotladi. Hozirgi tadqiqotlar
57
bo‘yicha ularning soni 637 tani tashkil qiladi. H.Hasanov “Sayyoh olimlar”
asarining (176-b)da Bosh meridianlar qo‘lda chizilgan sxemani keltirgan. Uning
tahlili shuni ko‘rsatadiki, Ptolemey, Xorazmiy va Beruniy Afrika qit’asining
g‘arbiy qirg‘oqlari bo‘yida joylashgan (Schastlivыe, Bajennыx, Ferro, Sa’da,
Saodat) orollar turkumini: Boshlang‘ich meridian sifatida olgan bo‘lsa, Nasriddin
Tusiy va Ulug‘bek esa, Atlantika okeanida joylashgan Azor orollari, Yashil Burun
orollarini ham G‘arbda (Vechnыe, Rayskie, Xolidot orollari) bo‘lgan punktlarini
bosh meridiani sifatida olgan. Hozirda, bosh meridian sifatida Angliyadagi
Grinvich (1676) observatoriyasi olingan. Samarqanddagi Ulug‘bek observatoriyasi
va memorial muzeyiga ekskursiya paytida eksponantlar ichida e’tiboringizni o‘ziga
beixtiyor tarzda jalb qiladigan, yorqin shu‘la tarqatib turgan globusga ko‘zingiz
tushadi. Unda belgilangan iqlimlarning chegaralari, tog‘lar, cho‘llar, vohalar,
dengizlar, daryolar belgilab qo‘yilganligini XV asr madrasa toliblari, olimu
fuzalolar, elchilar, sayyohlar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishgan. Tashrif buyurganlar esa
uni keng ommalashtirgan. Shu sababli Yevropa olimlari orasida keng tarqalgan va
Ulug‘bekning jahon olimlari orasidan munosib o‘rin egallaganligidan dalolat
beradi. Ulug‘bekning ta’lim-tarbiya, ilm-fan ravnaqi haqidagi g‘oyalari va hissasi
beqiyosdir. U davlat ishlari bilan band bo‘lishiga qaramasdan, avvalo, yosh
avlodning aqliy va ma’rifiy tarbiyasiga katta ahamiyat berib, ularni dunyoviy
bilimlarni egallashga da’vat etgan, faqat rivojlangan fan va madaniyat inson
tafakkurining kamol topishiga ko‘maklashishiga ishongan. Alloma yoshlar olgan
va egallagan bilimlarning ahamiyatini bu bilimlardan maqsad nima ekanligini
anglash, bilimlarni takomillashtirib borishlari, ularni hayotga tadbiq etish yo‘llarini
bilishlari, zarur kasblarni egallab olishlari lozim deb hisoblagan. Shu bois,
Ulug‘bek bilimlarni nafaqat kitoblardan, balki, bevosita hayotning o‘zidan
egallashni uqtirgan.
Ulug‘bek yangi-yangi ilmiy kashfiyotlar qilishni inson uchun oliy fazilat deb
bilgan. Ulug‘bek ushbu ezgu g‘oyalarni amalga oshirish maqsadida Movarounnahr
shaharlarini, xususan, Samarqand va Buxoroni ilmu-ma’rifat dargohiga aylantirdi.
Ulug‘bek o‘zidagi shu insoniy fazilatlarni ilm-fanni ravnaq topishiga, yoshlarni
tarbiyalashga bag‘ishlagan. Yoshlar taqdiri haqida qayg‘urgan, maktablar ochib,
bolalarni o‘qitgan, ularga bilim bergan, ta’lim-tarbiyani rivojlantirishga intilgan,
o‘qituvchilarga nisbatan hurmat va ehtiromda bo‘lgan, ularni moddiy va ma’naviy
tomondan qo‘llab turgan. Shu sa’y-harakatlari bilan ta’lim sifatini ko‘tarishga,
madrasalarda o‘qish-o‘qitish tizimini jonlantirishga katta hissa qo‘shgan.
Chunonchi, madrasadagi o‘quv tizimini isloh qilib, unda astronomiya, matematika,
geografiya kabi aniq fanlarni o‘qitishni joriy etdi, ta’lim mazmunining sifatini
oshirdi, madrasalarda o‘qitish muddatini 15-16 yildan 8 yilga qisqartirdi.
58
Ulug‘bekning 40 yillik hokimlik davrida Samarqand yanada gullab
yashnadi. Ayniqsa, hunarmandchilik, me’morchilik va adabiyot ravnaq topdi. Ilm-
fan yuksaldi, savdo rivojlandi, ajoyib bog‘lar barpo etildi. Shuningdek, uning
rahbarligida talaygina jamoat binolari (karvonsaroy, tim, hammomlar) ham barpo
etildi. Tarixchi Hayvar Mirzo o‘zining “Tarixi Rashidiy” asarida: “Mirzo Ulug‘bek
tarixnavis donishmand edi, va “To‘rt Ulus” (tarixini) ham yozib qoldirgan” deb
yozgan. Hozirgi kunda bu asar o‘zbek tilida nashr qilingan. Uning 2 nusxa
qo‘lyozmasi Britaniya va Istambul muzeylarida saqlanmoqda. Ulug‘bek fanda
kuzatish metodiga va ilmiy asboblarning roliga katta e’tibor bergan. Ilmiy
haqiqatni ochishda matematik vositalar va mantiqiy usullar rolini alohida qayd
etadi. O‘z ilmiy kuzatishlari va konkret xulosalarida tabiatning moddiy mavjudligi
va undagi hodisalar obyektiv sababini bog‘lanishlarga asoslanishidan kelib
chiqadi. Ulug‘bek merosi – “Ziji Ko‘rag‘oniy” uning vafotidan so‘ng ko‘p o‘tmay
Yevropa madaniyati dunyosiga kirib bordi. Uning ilmiy merosini Turkiya, Eron,
Afg‘oniston, Hindiston va Yevropa mamlakatlarining olimlari o‘rgandilar, o‘z
navbatida, Ulug‘bekning tadqiqot usullaridan foydalandilar, uning rasadxonasiga
o‘xshatib rasadxonalar qurdilar. Xitoy astronomlarning aytishicha: “Biz
xitoyliklar, astronomiya sohasida barcha bilimlarimizni G‘arbdan Samarqand
atroflaridan olganmiz”, deb e’tirof etishgan. Bu Ulug‘bek kashfiyotini jahon faniga
qo‘shilgan katta hissasini to‘la isbotlaydi. Uning pedagogikasi “Shogirdlar yuzida
o‘qituvchini ko‘rish” prinsipiga asoslangan edi. U o‘qituvchi-ustozni har
tomonlama bilimdon, darslarni puxta tayyorlab o‘tadigan, yuqori ma’lumotli
bo‘lishini istadi. U bilimlarni mustaqil o‘rganish kerakligini, ahamiyatini aytib,
izohladi. U o‘zidan ko‘plab munosib shogirdlar qoldirdi.
Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi YuNESKO homiyligida 1994 yil aprel
oyida Parijda, oktabr oyida Toshkent va Samarqandda tantanali ravishda
nishonlandi va xalqaro konferensiyalar o‘tkazildi. Shu yili Toshkentda Ulug‘bekka
haykal o‘rnatildi. Uning siymosi Pulkovo rasadxonasi, Moskva davlat universiteti
konferensiyalar zalida, dunyodagi mashhur olimlarning portretlari qatoridan joy
olgan. Samarqandda Ulug‘bekning memorial muzeyi tashkil etilgan. Toshkent
shahrida O‘zbekiston milliy universiteti, tuman, planetariy, ko‘cha, mahalla, metro
stansiyasi, istirohat bog‘i, shaharcha Ulug‘bek nomi bilan ataladi, Samarqand
arxitektura qurilish institutiga, Kitob xalqaro kenglik stansiyasiga, 2019 yildan
boshlab Toshkent shahridagi iqtidorli maktab o‘quvchilarining astronomiya
maktabiga Ulug‘bek nomi berilgan.
59
Buyuk alloma
Dostları ilə paylaş: |