Tarbiyachi mahoratining mazmuni. Tarbiyachining asosiy ko‘nikmalari. Tarbiyachi mahoratining tuzilishi



Yüklə 27,92 Kb.
səhifə1/3
tarix11.02.2023
ölçüsü27,92 Kb.
#83852
  1   2   3
Документ Microsoft Word


TARBIYACHI MAHORATI


REJA:



  1. Tarbiyachi mahoratining mazmuni.

  2. Tarbiyachining asosiy ko‘nikmalari.

  3. Tarbiyachi mahoratining tuzilishi.

Oliy o‘quv yurti bitiruvchilari ko‘pgina o‘quv jarayonini tashkil etishga yetarli darajada tayyor bo‘lganlari holda, maktabda tarbiyaviy ishlarni olib borishga tayyor emasliklarini aytadilar. Haqiqatan ham ko‘pchilik o‘qituvchilar uchun tarbiyachilik mahorati o‘qituvchilik mahoratining shakllanishi jarayoniga nisbatan murakkab hisoblanadi. Buning obyektiv sababi aniq, chunki tarbiya tushunchasi ta’lim tushunchasiga qaraganda ancha keng va ta’limning tugal maqsadi tarbiya maqsadining biron bir tomonini: yo o‘quvchi intellektual qobiliyatini, yo estetik, yo ahloqiy sifatlarni tarbiyalashga yo‘naltirilgan. Tarbiya jarayonining shaxs mahorati asoslarining shakllanishidagi murakkablik shaxs xususiyatlaridagi kasbiy shakllanishda tarbiya jarayonining zarur bo‘lgan yaxlit tizimini egallashi bilan ham bog‘liq.

Bu yerda nimani nazarda tutyapmiz?

Boshlovchi pedagog ziddiyatli holatlarda o‘qituvchining turli-tuman xulq usullarini tanlashida uning topqirligi bilan tarbiya mahoratini bog‘lashga o‘zida moyillik sezadi. Albatta, bu narsa muhim, lekin mohir tarbiyachi usullarni tanlashi bilan kuchli emas.

A.S.Makarenko tarbiyachi ishlarini ko‘rib chiqib aytadiki, tarbiyachi faoliyati, aslida, mohiyati bilan tashkilotchilik faoliyati ham hisoblanadi. Demak, tarbiyachi mahorati, boshqa narsa emas, balki bolalar hayotini tashkil etuvchi mahoratdir. Tarbiyachi mahorati - o‘quvchining samarali rivojlanishiga ta’sir etuvchi pedagogik holatlarni yarata bilishda ko‘rinadi. Mahoratda nazariya va amaliyot uzviyligi gavdalanadi.

Hech qachon biron bir muvaffaqiyatli harakat tushunilmagan yoki stixiyali bo‘lmaydi. Har qanday samarali usullarning asosiy va yetarli sharti shu maqsadga erishish vazifalarini, yo‘l va vositalarini, ya’ni tarbiya jarayonining qonuniyatlarini bilish demakdir.

Tarbiya mahorati - bu faqat yetarli nazariy bilimlarni egallashgina emas, balki tarbiya qonuniyatlari, bolalar jamoalari hayotini tashkil etish qonuniyatlaridan kelib chiqadigan barcha vosita, usul va metodlarni hayotga, ijodiy tatbiq eta bilish hamdir.

Tarbiya mahorati mazmunining acoci bilim va unga asoslangan ko‘nikmalardir. Tarbiyachining muhim ko‘nikmalariga turli pedagogik holatlarda bolalar dunyosida sodir bo‘layotgan turli jarayonlarni to‘g‘ri qabul qilish ko‘nikmasi, holatni tanlashga nisbatan tadbiq etiladigan «Maqsad - vosita- natija» munosabatlarini tahlil qila olish ko‘nikmasi, diqqatni tez yo‘naltira olish va biridan ikkinchisiga tez o‘gkaza olish ko‘nikmasi, bolalar bilan o‘ynay olish ko‘nikmasi, ko‘plab pedagogik holatlardan muhimini ajratib olish ko‘nikmasi, turli tomondan holatlarni baholay olish ko‘nikmasi, tasodifiy omillardan muhimini ko‘ra bilish ko‘nikmasi, bir xil holatda turli-tuman ta’sir usullaridan foydalana bilish ko‘nikmasi, o‘zining kayfiyatini, hissiyotini va fikrini so‘z, mimika, harakatlar orqali yetkaza olish ko‘nikmasi.

Yuqorida sanab o‘tilgan ko‘nikmalar bilan birga quyidagilar ham muhimdir: o‘quvchilarning barcha faoliyatlarida ular bilan kontakt o‘rnata olish; individual yondasha olish ko‘nikmasi; o‘quvchilarni yomon va yaxshiga ajratmaslik; bolalar tashabbuskorligini rivojlantira olish; qiyin holatlarda bolalarga yordam bera olish; o‘quvchilar jamoasi fikrini kelishtirish ko‘nikmasi; o‘z-o‘zini boshqara olishning turli shakllaridan mohirona foydalana bilish; o‘quvchi ishonchini suiste’mol qilmaslik; har bir o‘quvchidan ijobiy sifatlar topa bilish va ulardan unumli foydalana bilish ko‘nikmasi; o‘quvchilarni yomon va yaxshiga ajratmaslik, har bir nohaqlik, yomonlik, badbaxtlikka murosasiz bo‘lish; o‘quvchilarda axloqiy yo‘nalishni shakllantirish; yaxshilik va yomonlik to‘g‘risida bolalar tasavvurlarini rivojlantirish ko‘nikmasi va boshqalar.

«Kim tarbiya jarayoni texnologiyasi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilsa, munosabatlar tuzilishini rivojlantirsa va shu orqali erishilgan muvaffaqiyatlar bilan chegaralanib qolmay, balki yanada yaxshiroq natijaparga erishishga intilgan bo‘lsa, u yanada mahoratli bo‘lib boradi». (Amonashvili Sh. A, yedinstvo seli. M. 1987 g. 167-str).

Pedagogikada tarbiyachi mahorati yaxlit tizim sifatida uchta o‘zaro bog‘langan tizimchalarga bo‘linadi: texnologik; ijtimoiy psixologik (munosabat); ahloqiy. Texnologik tizimcha yoki texnologiya pedagog uchun o‘zining kuchini rejalashtirish va kerakli natijaga erishishga yordam beradigan shaxs va jamoaga ta’sir etadigan aniq vositalar hisoblanadi.

Kasbiy texnika asoslari nimalardan iborat? Albatga, tarbiyachi tomonidan o‘quvchilar amaliy faoliyatini tashkil etish, ularni ma’lum pedagogik vazifalarni bajarishga jalb etishdan iborat. Gap bu o‘rinda o‘quvchilarning o‘zlari hayotlarini tashkil etish, yo‘lga qo‘yish, demak, o‘quvchilar faol amaliy faoliyatlarini tashkil etishning samarali shakllaridan foydalanish haqida gap boradi. Bu shunday asoski, uning zamirida tarbiya yo‘lga qo‘yiladi.

Ochig‘ini aytish kerakki, ko‘pchilik sinf rahbarlari o‘zlari navbatchilik qiladi, kino, teatr, muzeylarga kollektiv bo‘lib olib boradi, ota-onalar majlislari, yig‘ilishlar, bayramlar, munozaralar, uchrashuvlarni o‘zlari tashkil etadilar. Hatto tarbiyachi nazoratisiz binoni tozalash, o‘ynash va boshqa ishlarni ham bajarishga ruxsat etilmaydi. Agar tarbiyachi faol tashkilotchi, lekin o‘quvchilar passiv ishtirokchi bo‘lgan bo‘lsa, u joyda tarbiya muvaffaqiyati haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Bu haqda o‘z-o‘zini boshqarishga asoslangan maktablar tajribasi bizga ko‘p narsani aytib turibdi.

Shunday maktablar borki, ko‘plab jamoat ishlarini (tarbiyachi navbatchiligi, o‘z-o‘ziga hurmat, shanbalik) tarbiyachi ishtirokisiz bolalarning o‘zlari bajaradilar. Tarbiyachilar esa bu ishlarni boshqarib, yo‘naltirib, maslahat berib turadilar. Bu yerda tarbiyachi qanday qilganda, o‘quvchilar o‘z-o‘zlarini mustaqil boshqarishi mumkin? degan savolga ijodiy izlanishlar orqali javob topib bo‘ladi.

O‘tkaziladigan u yoki bu tadbirlarni o‘quvchilar bilan birga muhokama qilib, ularning ilg‘or, yangi, foydali tomonlarini quvvatlash, ularni ijodiy faoliyat ko‘rsatishga yo‘naltirib turish zarur.

Tarbiyachining donoligi, ziyrakligi va mahorati shundaki, u har bir bola imkoniyatlarini yaxshilab o‘rganish va o‘sha imkoniyatlarni yanada ochish, undan foydalana bilish hamda rag‘batlantirib turishdan iborat.

Endi kollektiv ijodiy ishlar qanday tashkil etilishini ko‘rib chiqamiz. Buni uch bosqichda amalga oshirsa bo‘ladi:

- jamoa bo‘lib rejalashtirshi;

- tadbirlarni jamoa bo‘lib o‘tkazish;

- jamoa bo‘lib tahlil etish.

Lekin, bu masalani quyidagi 6 bosqichda ko‘rib chiqilsa, yanada maqsadga muvofiq bo‘lur edi:

1-bosqich: jamoaning dastlabki ishlari. Bunda quyidagi savollarga javob topish zarur. Nima va kim uchun qilamiz? Qachon? Qaerda? Kim bilan? Kim tashkilotchi bo‘ladi?

2-bosqich: jamoa bo‘lib rejalashtirish. Reja oldin kichik jamoalarda ishlab chiqiladi. Uning bajarilish muhokamasi umumiy yig‘ilishga qo‘yiladi. Keyin bu rejalar muhokama etilib, keyin tasdiqlanadi. Bu davr ichida, sen nima qilishni xohlarding? Kim uchun? degan savollar yechimi hal etilishi zarur.

3-bosqich: jamoa bo‘lib ijodiy ishlarga tayyorgarlik. Buning uchun kengash tuziladi va vazifalarni birga bajarish maslahatlashiladi.

4-bosqich: jamoa bo‘lib ijodiy ishlarni o‘tkazish. Bunda jamoa rejasi amalga oshiriladi.

5-bosqich: natijalarni jamoa bo‘lib yakunlash va quyidagi savollarni hal etish maqsadga muvofiq. Nimaga erishdik va nima uchun? Rejadagi qaysi ishlar bo‘lmadi, nima uchun? Kelajakda qanday xulosa chiqarish mumkin? Qanday?

6-bosqich: yakuniy muhokama. Tajribalarni keyinchalik qo‘llash, uslubiy o‘ziga xosliklar tahlili, pedagogik o‘ziga xos yondashuvlarning xarakteri. Uslubiy tavsiyalar ishlanadi va ular qarab chiqiladi.

Tarbiyaviy ishlarda kattalar bilan bolalarni o‘zaro bog‘lovchi mazmun va shakl hamda usullar bo‘yicha jamoa ta’sirining o‘zaro munosabatlari alohida ahamiyat kasb etadi. Tarbiyachining mahorati bolalar munosabatlarini yo‘naltira olish san’ati bilan xarakterlanadi.

Munosabatlar tizimchasida to‘g‘ri baholay olishni, fikrlashning shakllanishi asosida har bir jamoa a’zosining qimmatli tomonlari shaxs sifatida ochilib boradi. Shu jamoa ijodiy faoliyatini tashkil etishda dastlabki suhbatlashish ishni tugallash bosqichi uchun zarurdir. Bu o‘rinda bolalar qanday o‘zgarganligi qanday sifatlarga ega bo‘lganligi hisobga olinadi. Baho bu o‘rinda samimiy, o‘zaro bir-birlarini to‘g‘ri tushunish asosida bo‘lishi kerak.

To‘g‘ri munosabatlar shakllanishiga yakuniy yig‘in, «chaqmoq» chiqarish tarbiyalanuvchi xulqi va muammolarni muhokama etish, har bir vazifalarni bajarishda ayrim shaxs ishini baholash va to‘g‘ri tahlil etishdan iborat bo‘lmog‘i zarur.

Bolalar muhitida munosabatlarni to‘g‘ri boshqarish uchun ustoz tarbiyachiga jamoa ichidagi va jamoalar o‘rtasidagi bog‘liqliklarni, ziddiyatlarning kelib chiqish tabiatini bilish muhim hisoblanadi.

Jamoada shaxslararo muammolarni tadqiq etuvchilar bir necha qarama-qarshiliklarni ajratib ko‘rsatadilar.

a) sinf jamoasining har bir a’zosini belgilab qo‘yilgan maxsus vazifasi bilan ayrim o‘quvchilar o‘rtasidagi ziddiyat;

b) tashkilot faoliyatining asosiy rejasida belgilangan maqsad bilan, jamoaning har bir a’zosining shaxsiy maqsadlari o‘rtasidagi ziddiyat;

d) axloqiy va huquqiy omillar o‘rtasidagi ziddiyat;

e) bola tarbiyalanayotgan mikromuhitdagi ahloqiy tajriba bilan ijtimoiy axloq normalarining to‘g‘ri kelmasligi;

f) tarbiyalanuvchida yetarli iroda sifatlarining, erinchoqlik (saranjom-sarishtalik)ning yetishmasligi, bir tomondan, tarbiyachining talabchanligi, ikkinchi tomondan, to‘g‘ri kelmasligi.

Bu ziddiyatlar yechimi tarbiyachi shaxsiga, u bilan tarbiyalanuvchilar o‘rtasidagi munosabatlar mahoratning yo‘naltirilganiga bog‘liq.

Tarbiyachi u yoki bu tadbirni o‘tkazish uchun har xil usullardan foydalanadi: ba’zilari buyurib, ba’zilari iltimos qilib, ba’zilari o‘zlarining ibrati orqali u yoki bu tadbirni bajarishga erishadi.

Ko‘proq uch xil yondashuv bor.

1. Komanda berish holati: Bu tasodifiy hollarda buyruq tarzida amaliyotda komanda berish kamdan-kam holda qo‘llaniladi va bu tasodifiy hollarda yuz beradi.

2. Kirishib, qo‘shilib ketish holati: bolalar bilishdan avval taqlid qilish orqali o‘rganishlarini hisobga olgan holda tarbiyachi shaxsiy ibrat ko‘rsatadi. Ishga sadoqati, e’tiqodi, hech qanday manfaatsiz jamiyatga foyda keltirishni o‘ylab o‘z orqasidan boshqalarni ham ergashtiradi. Shuningdek, tarbiyachi hamma qatori maktab faoliyatiga - o‘quv, sport, mehnat, sayohat ishlariga ham kirishib ketish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi kerak.

3. Betaraf bo‘lish holati: tarbiyachining hech nimaga aralash-masligi. Uning ma’nosi bolalar faoliyatiga aralashmaslik, chekkada kuzatuvchi sifatida turish.

Texnologik va munosabatlar tizimchalari tarbiyachi mahorati tizimida yaxshi o‘zlashtirilishi mumkin. Ajoyib yo‘l va usullar ortida yetakchi g‘oya bo‘lmasa, yuqori natijaga erishib bo‘lmaydi. Pedagog va jamoa diqqat markazida - maktab, sinf o‘quvchilari nima maqsadda faoliyat ko‘rsatayotgani ularga ma’lum bo‘lsa, chuqur ijtimoiy motivlar tursagina faoliyat foydali bo‘ladi. eng muhimi, bu o‘rinda shunday g‘oyalarni shakllantirishda ajoyib pedagog I. P. Ivanovning prinsipial qoidalariga e’tibor berish zarur. «Inson unga hayot ta’sir yetayotgani uchungina tar-biyalanayotgani yo‘q, balki dunyoga o‘zi kuchli ta’sir yetayotgani uchun tarbiyalanyapti. Dunyoni o‘zgartira borib, o‘zi ham o‘zgarish, tarbiyalanib borishi mumkin: («Uchit. gazeta». 1987. 31 mart).

Buyuk maqsadlar pedagoglarning samarali, ijobiy ta’sirining muhim shartlari bo‘lib, tarbiya jarayonini asoslovchi prinsiplari tizimiga tayanishni talab etadi.

a) hayot bilan tarbiya birligi;

b) bolalar mustaqilligi va o‘z-o‘zini tarbiyalash;

d) axloqiy norma va xulqiy odat borligi;

e) insonparvarlik va insoniylik;

f) axloqiy va estetik birlik;

g) talab va ishonch birligi;

h) bola kelajagini ishonch bilan loyihalashtirish;

i) o‘quvchi shaxsiga ehtiyotlik bilan munosabat; i) jinsiy farqni hisobga olish;

j) bolalarning - jismoniy va axloqiy sog‘ligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik:

k) me’yor prinsiplari.

Axloqiy tasavvurlar tarbiya texnologiyasi bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi uchun tajribali pedagoglar turli mavzularda axloqiy suhbatlar tizimini amalga oshiradi. Jumladan, ota-ona, kattalarning Vatan oldidagi burch va masuliyati, xohish va burch uyg‘unligi, xohish va haqiqiy ehtiyoj: vijdon tushunchasining axloqiy ma’nosi, vijdon pokligi va boshqalar.

Har bir aniq holatda pedagog mahorati ijodkorlikdir.

Pedagog hamma vaqt u yoki bu holatda, tarbiyalanuvchiga to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatishning ijodiy yechimini topa oladi. Masalan, 6-sinf o‘quvchisi uchinchi qavatda bitta oynani ochib, undan tashqariga chiqib, ikkinchi oynaga o‘tishi va bunga o‘quvchilarning munosabati.

O‘qituvchi: Ahmad haqiqatan qo‘rqmay harakat qilgan, lekin hech qanday maqsadsiz, befoyda harakat. Agar qilayotgan harakatimiz, qo‘rqmaslik, botirligimiz ko‘pchilikka, xalqqa, Vatanga biron foyda keltirsa, o‘z hayotini qurbon qilish yevaziga ko‘pchilik hayotini vatan boyligini saqlab qolsa, bu haqiqiy qahramonlik. Aks holda bu harakatlar befoyda.

Buning o‘rniga tarbiyachi: «Agar Ahmadga biron narsa bo‘lganda, meni sud qilishardi, ota-onaga jabr bo‘lardi. Maktab, sinf, jamoa isnodga qolardi» deganda foydali bo‘lmasdi. Buni bolalar to‘gri tushunmas yedi ham.

Ma’lumki, rejalashtirish ijodiy xarakter kasb yetganligi sababli hamma uchun bir xilda shaklni taklif etib bo‘lmaydi. Lekin, yosh, yangi ish boshlayotgan tarbiyachilar uzoq yillar ishlab, tajriba orttirgan tarbiyachilar ish rejalari asosida g‘oya, yo‘nalishni belgilab olishlari mumkin. Tajribalarni maqsad asosida berish individual ijodkorlikdir. Quyida 4-sinf o‘quvchilari uchun tuzilgan rejaning «Vatanparvarlik va xalqlar o‘rtasidagi birodarlikni tarbiyalash» bo‘limidan bir qismini keltiramiz. Bu rejada bajarish muddati va bajaruvchi shaxs ko‘rsatilmagan.

Sinfdagi tarbiyaviy ishlarni rejalashtirishning taxminiy ko‘rinishi.

Ish mazmuni

Ish shakli

Mavzular

Vatanga, ona yurtga, uning o‘tmishi va hoziriga muhabbatni shakllantirish.

Sinf yig‘ilishi, uchrashuvlar, suhbatlar. Vatanimiz boyligi beqiyos. Vatanimiz bayrog‘i, gerbi, gimni.

Xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik. Qo‘shni respublikalar va ularning xalqlari turmush tarzi va madaniyati. Toshkent - ko‘p millatli shahar turli millat kishilari bilan uchrashuvlar, savol-javob kechalari

Qo‘shning tinch -sen tinch. Qondoshimiz-qardoshim. Butun dunyo bo‘ylab mening do‘stlarim bor.

Mustaqilligimizning 15 yili mobaynida viloyatlardagi, erishilgan muvaffaqiyatlar: sayohat, albom, turli plakatlarni tayyorlash, ona yurt tabiati va uning go‘zalligi. Xorijiy mamlakatlarga sirtqi sayohat.

Bu o‘rinda rejada keltirilgan ish mazmuni, uni amalga oshirish shakllari, o‘tkazilajak tadbirlar mavzulari ham aniq va tushunarli ekaniga e’tiborni qaratmoq kerak.

Ma’lum ish tajribalari asosida suhbatlashish.

6) «Qiyin» bolalar bilan ishlash. Buning uchun quyidagi prinsiplarga amal qilgan holda individual reja ishlab chiqish zarur.

1. Ular xatti-harakatlarini keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash maqsadida bolalar subyektiv dunyosini hayotiy ko‘rinishlari jihatlarini diqqat bilan o‘rganish.

2. Qarashlar va xulqdagi chetga chiqishlar sabablarini aniqlash.

3. Turmush tarzini ijobiy tomonlarga o‘zgartirishda yordam beradigan hayotiy ko‘rinishlardan tanlab olish.

4. Yaqinlashish maqsadida kontakt (aloqa) o‘rnatish uchun o‘smirning hayotiy tajribasi darajasida uning «psixologik territoriyasidan» manba izlash kerak.

5. Bola xulqi va uning xatti-harakatlarida namoyon bo‘luvchi salbiy ta’sir natijalarining doimiy nazoratini amalga oshirish.

Buning uchun quyidagi usullardan foydalanish mumkin:

a) hayron qoldirish usuli;

b) hazil - mutoyiba usuli;

d) bola qobiliyatiga tayanish usuli;

e) o‘zaro bir-birini to‘g‘ri tushunish usuli;

f) o‘z munosabatini bildirish usuli;

g) pedagog o‘z aybini tan olishi usuli; g) tarbiya natijalarini hisobga olish.

Ma’lumki, tarbiya natijalari o‘zida pedagogik oqibatlarni aks ettirgan va o‘quvchilar xulqidagi tarbiyachi uchun zarur bo‘lgan o‘zgarishlarda, ularning o‘qish va mehnatga bo‘lgan munosabatlarida o‘z ifodasini topgan.

Tarbiya faoliyati natijalarining samaradorligi ancha murakkab masalalardan hisoblanadi.

Tarbiya natijalari hech qachon o‘tkazilgan turli tadbirlarning miqdori va unga jalb etilgan o‘quvchilar soni bilan o‘lchanmaydi. O‘quvchilarning tarbiyalanganlik darajasi tarbiyaviy ishlarni baholashda eng muhimdir.

U holda, o‘quvchining tarbiyalanganlik darajasini belgilovchi asosiy ko‘rsatkich uning harakati, faoliyati, munosabati deb aytish mumkinmi?

O‘quvchilarning tarbiyalanganlik darajasi qanday ko‘rsatkichlardan iborat? Uni aniqlash uchun quyidagi ko‘rsatkichlarni asos qilib olish mumkin.

1. O‘quvchilarning g‘oyaviy-siyosiy tayyorgarligi, mamlakatimiz siyosatiga, uning yutuqlariga, uning xalqaro miqyosidagi o‘rniga qiziqishi, jamiyat huquqiy normalarni bilishi va amal qilishi.

2. Maktab yoshlar ittifoqi faoliyati va ularning jamiyat ishlaridagi faol ishtiroki.

3. O‘quvchilarning o‘qishga munosabati, o‘quv mashg‘ulotlariga qiziqish darajasi, fanga kirishilganligi va h. k.

4. Mehnat faoliyatiga munosabati, mehnat topshiriqlarini bajarish sifati, ijtimoiy foydali mehnatda faol ishtiroki, jamiyat mulkiga munosabat.

5.O‘quvchilarning bir-biriga munosabati, do‘stlik, o‘rtoqlik, insonparvarlik, o‘zaro yordam hissining shakllanganligi, sinfdagi o‘rtoqlariga, maktab o‘quvchilariga, kichiklarga munosabati.

6. O‘quvchilarning maktabdan, nazoratdan tashqaridagi yurish-turishi, xushmuomalaligi, madaniy xulqi, munosabat va muomalasi.

7. Umumiy estetik madaniyati, badIIy, ijodiy rivojlanganligi.

8. Umumiy pedagogik tayyorgarlik, sifat tizimi bilan tugallanishi.

Demak, buning uchun tarbiyachi pedagogik ta’sirni amalga oshirishda natijalarni oldindan loyihalashtirishga alohida e’tibor berishi kerak.



Yüklə 27,92 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin