2008 yil, 29 iyun, Boston.
Boston oteligacha yaqin, juda yaqin qoldi. Bu
vaqt ichida qattiq asabiylashganidan Ellaning
fikrlari tamoman chalkashib ketdi.
Mehmonxonaning kutish joyiga kirganida,
yaponiyalik turistlar yurganini
ko'rdi - devorlardagi rasmlarni go'yo diqqat
bilan kuzatayotganday, aslida esa - atrofdagi
odamlarning ko'ziga tashlanmaslik uchun - u
yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Lekin
qiziquvchanligi uni tezgina engdi. Ko'zlarini
devordan olgan zahoti, u o'zini kuzatib
turganini ko'rdi.
U, barcha tugmalari taqilgan xaki (mosh)
rangidagi ko'ylak va velvet shim kiygan edi.
U ikki kun soqol olmagan ko'rinadi, lekin bu
unga yarashgan edi. Qizg'ish-qo'ng'ir jingalak
sochlari yashil ko'zlari ustiga tushib turar, bu
esa unga o'ziga ishonganlik bilan birga,
ajablanarlisi, sho'xchan tus berib turardi.
Qotmadan kelgan va ozg'in, engil va navdadek
egiluvchan bu odam buyurtma berib
tiktiriladigan qimmatbaho kiyimlardagi
Devidning butkul aksi edi. Ella uning nutqida
o'zini maftun etgan shotlandcha talaffuz
borligini sezdi, boz ustiga kulgusi samimiy edi.
U quvonchi va hayajonini yashirmas edi.
Shunda Ellaning ko'nglidan, «u bilan birga
o'tirib, bir finjondan qahva ichsa, buning
nimasi yomon?» degan xayol o'tdi.
Keyinroq esa bu bir finjon qanday qilib bir
qancha finjonga aylanib ketganini, nima uchun
u barmoqlarini o'pa boshlaganini va nima
uchun o'zi uni to'xtatmaganini ham eslay
olmadi. Biroz vaqtdan keyin esa hech nimaning
ahamiyati yo'q bo'lib qoldi. U gapirar, Ella esa
uning lablari atrofidagi chuqurchalardan kuz
uzmay, agar men uni o'psam qanday bo'larkin,
degan xayolda unga quloq solib o'tirardi. Soat
o'n bir yarim bo'ldi. U faqat yozgan elektron
xatlarida o'zi haqida ma'lumot bergan, yozgan
romanidan boshqa hech nimani bilmaydigan
erkak bilan otelda o'tirar edi.
- Demak, jurnal topshirig'i bilan bu yerga
keldingmi? - so'radi Ella.
- Aslida seni deb keldim, - dedi Aziz. -
Xatingni oldim-u, seni juda ko'rgim keldi.
Ella hali qaytish uchun vaqt borligini tushunib
turardi. Ma'lum muddatgacha oralaridagi
munosabatni faqat do'stona-virtual xatlar,
telefondagi gaplashishlardangina iborat qilib
ko'rsatib turish mumkin edi. Birozgina noz-
karashma qilgan bo'lsa nima bo'lipti? Ha, buni
to'xtatish mumkin edi. Toki Aziz: «Ella,
mening nomerimga chiqishga qarshi
emasmisan?» deb so'ramagunicha bu mumkin
edi.
Agar bu o'yin bo'lgan bo'lsa, ular ikkisi ham bu
o'yinni shunga qadar o'ynashdi. Lekin bu
savoldan keyin hammasi o'z o'rnini topdi, go'yo
bu savol har ikkisi ham bilib turgan, lekin tan
olmaslikka urinayotgan haqiqatni ochib
qo'ygan edi. Ellaning hushi boshidan uchdi,
sarosimaga tushdi, lekin rozi bo'ldi. U hayotda
hech qachon bunchalik tez qaror qabul
qilmagan edi; lekin bu taqdirdan ekanini
anglab turardi.
Olti yuz sakkizinchi nomer qora, qizil va
novvotranglarda chiroyli bejalgan edi. Xona
keng va iliq edi. Ella oxirgi marta qachon
otelda bo'lganini eslashga urindi. Eri va
bolalari bilan ancha ilgari Monrealga borgani
esiga tushib ketdi. Undan keyin esa yozni
Rodosda, o'z uylarida o'tkazadigan bo'lishgan
edi, har kuni sochiqlarni almashtiradigan,
kimdir begona odam ovqat pishiradigan
joylarda yurishga hojat qolmagan edi. Otel
nomerida Ella o'zini begona yurtda bo'lib
qolganday his etardi.
Balki, chindan ham shunday bo'lsa kerak. Seni
hech kim bilmaydigan va sen ham hech kimni
bilmaydigan joydagina bo'lishi mumkin bo'lgan
erkinlikdan zavqlanish hissini u aynan shu
yerda tuymayaptimi, axir.
Ella xonaga kirgan zahoti asabiylashmay
qo'ydi. Endi hech nimaning ahamiyati ham
qolmagan edi, zero xona markazida
qirollarnikiday hajmli karavot turardi. Karavot
yonida Ella o'zini noqulay sezar va aybdorlik
hissini tuyardi. U hozir o'ziga-o'zi berishi ham
keraksiz bo'lgan, hech qanday natija
bermaydigan savollarni berishga qarshi kurash
olib borardi. Ular shuncha tez qovushadilarmi?
Shunday bo'lishi kerakmi o'zi? Agar shunday
bo'lsa, erining ko'zlariga qanday qaraydi?
Devid o'zining sanoqsiz yurishlaridan keyin
uning yuziga qaramagan. Aziz uning qomati
haqida qanday xayollarga borarkan? Unga men
yoqmasam-chi? Endi bolalar haqida o'ylashim
mumkinmikin? Nima bo'lsa ham, ular hozir
nima qilishayotgan ekan, uxlashayotganmikin?
Yo televizor ko'rishayotganmikin? Agar ular
uning hozir qiladigan ishini bilsalar,
kechirarmikinlar?
Uning holatini tushungan Aziz Ellaning
qo'ltig'idan oldi va karavotdan uzoq, burchakda
turgan kresloga o'tqazib qo'ydi.
- Tinchlan, - shivirladi u. - Hozir boshingda
ovozlar haddan tashqari ko'p. Ovozlar
guvullayapti.
- Afsuski, biz ancha ilgari bir-birimizni
uchratmagan ekanmiz, - o'z ovozini eshitdi
Ella.
- Hech nima haddan ziyod erta yoki haddan
ziyod kech bo'lmaydi, - e'tiroz bildirdi Aziz. -
Barcha hodisalar o'z vaqtida sodir bo'ladi.
- Sen rostdan bunga ishonasanmi?
Aziz jilmaydi va peshonasidagi sochlarini nari
qilish uchun boshini silkitdi. Keyin jomadon
ochib, Gvatemalada sotib olgan ro'molni,
ichida feruzarang marjoy va aylanuvchi
kumushrang darvishlar tasviri tushirilgan qizil
rangli dumaloq marjonlari bor kichkina
qutichani oldi.
Ella Azizga marjonni bo'yniga taqib qo'yishi
uchun izn berdi. Uning barmoqlari tekkan
joydagi terisi bilan ularning iliqligini sezdi.
- Sen meni seva olasanmi?
- Men allaqachon seni sevaman, - dedi jilmayib
Aziz.
- Lekin sen meni sira bilmaysan-ku!
- Seni sevish uchun men seni bilishim kerak
ham emas.
Ella xo'rsindi:
- Bu telbalik.
Aziz qo'llarini uzatdi va Ellaning sochlaridagi
to'g'nog'ichlarni sug'urib oldi, keyin mehr bilan
uni etaklab borib, karavotga o'tqazdi, sochlarini
ohista silay boshladi. Shu alfozda u tinmay
nimalarnidir pichirlar edi. Ella birdan tushundi:
u duo o'qiyotgan edi. Ella hech qachon bundan
yuksak ruhiyatni his etmagan edi. Ularning
harakatlarida sezgiga tegishli hech nima yo'q
edi, shunga qaramay u o'z hayotida bundan
ehtirosliroq tuyg'uni boshidan kechirmagan
edi.
Kaftlari, qo'llari, elkalari, butun vujudi
qandaydir noma'lum quvvatga to'lib borardi.
Ella o'zini xuddi to'lqinlanib turgan qorong'u
suvda suzib yurgandek his etardi va undan
faqatgina ikki narsa talab qilinardi: taslim
bo'lish va tabassum qilish. Oldin Ella uning
vujudi atrofida, keyin o'z vujudi atrofida
allanechuk jonli jarayon borligini his etdi,
go'yo ikkisi ham cho'milayotgan edilar.
Ella ko'zlarini yumib oldi va to'lqinlanib turgan
suvda, biron narsani tutib turishga ham harakat
qilmasdan suzib ketdi. Oldinda sharshara
kelishi tayin, lekin u to'xtamoqchi emas.
Hayot quvonchi neligini his etgan Ella
telbalarcha shod edi. Va u ayni shu erkakni
seva olishini, juda qattiq seva olishini angladi.
Shuni anglarkan, Azizni quchoqladi va uni
o'ziga tortdi. Lekin Aziz ko'zlarini ochdi, uning
burnidan o'pib qo'ydi va nari surildi.
- Sen meni xohlamayapsanmi? - o'z ovozi
qanchalar zaif chiqqanidan hayron bo'lgancha
so'radi Ella.
- Men sening keyinchalik o'zingni o'zing
jazolab yuradigan hech nima qilishni
istamayman.
Ella bu gapdan keyin, bir tomondan, yig'lagisi
keldi, ikkinchi tomondan - u juda mamnun
bo'ldi. Yuragini allaqanday nurli tuyg'u
to'ldirgan edi. U xijolatda edi, lekin
nimagaligini tushunmasa ham, o'z xijolatidan
lazzatlanardi.
Soat tungi bir yarimlarda Ella Bostondagi o'z
uyining eshigini ochdi. U oilaviy karavotda
yotishni istamay, divanga o'rin solib yotdi.
Buni u eri bu joyda boshqa ayollar bilan
yotgani uchun emas, shunday qilish to'g'ri
bo'ladi deb qildi: bu uy oteldagi nomer kabi
Ellaniki emas edi, Ella bu erda mehmon edi,
xolos. Uning haqiqiy «men»i uni qayerdadir
boshqa yoqda kutardi.
Shams
Dostları ilə paylaş: |