Ichkilikboz Sulaymon
1248 yil, mart, Konya.
Ichkilik ichmaydiganlar ichuvchilar boshqa
qiladigan ishlari yo'qligidan, dangasalikdan
ichishadi, deb hisoblashadi. Ular hech nimani
tushunishmaydi! Qancha ko'p ichsangiz,
shuncha og'irlashasiz, o'zingizni
harakatlanishga majburlay olmaydigan bo'lib
qolasiz. Biz butun dunyo yukini o'z
yelkalarimizda ko'taramiz.
Qattiq holdan toygan va hamma narsadan
norozilik tuygan holda boshimni stolga qo'yib,
mudrab qolibman. O'shanda ancha noxush bir
tush ko'ribman. Qandaydir notanish
ko'chalarda kattakon qora buqa meni g'azab
bilan quvlayotganmish. Undan qochib, bozorga
kiribman, bozordagi do'konlar, peshtaxtalar
oshib, savdo qilayotganlarga urinib-surinib,
hammaning jahlini chiqarib
chopayotganmishman. Chopayotib qandaydir
o'tish joyiga duch keldim, o'zimni o'shanga
urdim, lekin u boshi berk ko’cha ekan. U yerda
mamontning tuxumi bor ekan, juda katta,
uydek keladi. Tuxum birdan maydalana
boshladi, ichidan bir xunuk ho’l qush chiqipti.
Men boshi berk ko'chadan chiqib ketmoqchi
bo'libman, lekin shutob osmonda qushning
onasi paydo bo'lipti, go'yo jo'jasining
isqirtligiga meni aybdor sanab, qarab
turganmish. Keyin u osmondan pastlay
boshlapti va menga o'tkir tumshug'ini taqapti...
Shundan keyin uyg'onib ketdim.
Ko'zimni ochib, stol oldida uxlab qolganimni
tushundim. Og'zim xuddi zanglagan mixning
ta'miga o'xshagan mazadan taxir bo'lib ketipti,
chanqab, o'lay deb qolibman-u, lekin
qimirlagim kelmas edi. Boshimni ko'tarmagan
holda qovoqxonadagi shovqinga quloq
tutgancha, yana yo'qlikka cho'kib ketdim.
Shu orada orqamda kimlardir
bahslashayotganini eshitdim; shovqin xuddi
asalari inidan chiqadigan ovozlarga o'xshab
goh yaqinlashar, goh uzoqlashardi. Nihoyat bu
qo'shni stolda bahslashib o'tirgan odamlarning
ovozlari ekanini ilg'adim. Endi ularning yuziga
qaramoqchi bo'lib turgandim, qulog'imga «qatl
etish» degan ovoz eshitilib qoldi.
Avvaliga buni mast odamning alahlashi bo'lsa
kerak, deb o'yladim. Qovoqxonada nimalarni
eshitmaysan kishi, keyin esa, o'rganib
ketilganidan keyin hamma narsani ham jiddiy
qabul qilavermaslik kerakligini tushunasiz.
Lekin qo'shni stoldagilar ovozlaridagi allanima
meni hushyor tortib, tuzukroq quloq solishga
majbur etdi. Ular hazillashmayotganlarini va
gap Shams Tabriziyni o'ldirish haqida
ketayotganini tushungach, chakagim uzilay deb
osilib qoldi.
Ular chiqib ketgan zahoti o'zimni uxlayotganga
solishdan to'xtab, stoldan irg'ib turdim.
- Xristos, bu yoqqa kel! Kelsang-chi tezroq! -
baqirdim men.
- Senga yana nima kerak? - so'radi chopib
kelgan Xristos. - Nimaga baqirasan?
Men esa hech nima deya olmadim. Hatto unga
ham ayta olmadim. Qovoqxonada
o'tirganlarning hammasi menga shubhali
ko'rinardi. Bu Shamsga qarshi
uyushtirilayotgan suiqasd bo'lsa-chi? Yo'q,
og'izni qulflab, ko'zni kattaroq ochish kerak.
- Shunchaki, o'zim! Qornim ochdi, - dedim. -
Menga sho'rvangdan olib kel. Sarimsoqdan
ko'proq sol. Hushimga kelib olay!
Mening kayfiyatimdagi tez o'zgarishlarga
odatlanib qolgan Xristos menga hayron qarab
qo'ydi, ortiqcha savol bermadi. Birpasdan
keyin yaxshi qaynagan va xushbo'y tovuq
sho'rva olib keldi. Va men uni shoshib icha
boshladim. Biroz o'zimga kelib olgach, Shame
Tabriziyni izlab topish uchun ko'chaga otildim.
Eng oldin Rumiylarnikiga bordim. Shams u
yerda yo'q ekan. Keyin machit, madrasa,
choyxona, novvoyxona, hammomga bordim...
Hunarmandlar ko'chasining barcha
burchaklariga qirib chiqdim. Hatto mabodo
tishi og'rib qolgan bo'lsa, kirmadimikin deb
lo'lining chaylasiga ham bosh suqdim.
Hammayoqni izladim va vaqt o'tgan sayin
qo'rquvim ortib bordi. Vahimaga tushib
qoldim. Kech qoldimmikan? O'ldirib
bo'lishganmikin?
Bir necha soat shu zaylda yurib, endi qayoqqa
borishni bilmay karvonsaroy tomonga
burildim, yuragim alg'ov-dalg'ov bo'lib yotardi.
Shunda birdan, xuddi mo’jiza ro’y berganday,
eshikdan ikki qadam narida Shamsga duch
keldim.
- Assalomu alaykum, Sulaymon. Sen juda band
ko'rinasan? - kulimsirab so'radi Shams.
- Xudoga shukur! Tirik ekansan! - xitob qildim
men va uni quchoqlab oldim.
Shams qo'llarimdan bo'shab olgach, menga
hayron qarab qoldi:
- Tirikman, albatta! Yo arvohni ko'rdim deb
o'yladingmi?
Men jilmayib qo'ydim. Boshim og'riyotgan edi,
boshqa vaqt bo'lganda-ku, tezroq chanqovbosdi
qilish va tashvishdan nari bo'lish uchun ikki
ko'za ichgan bo'lardim.
- Do'stim, nima bo'ldi? Tuzukmisan? -
xavotirlanib so'radi Shams.
Men zo'rg'a yutinib oldim. Men suiqasd haqida
aytsam, u ishonmasa-chi? Balki kayfi
oshganidan shunday tushungan, deb o'ylar? Bu
to'g'ri bo'lishi ham mumkin. Hozir o'zim ham
o'zimga ishonmas edim.
- Seni o'ldirmoqchi bo'lishayapti, - dedim men.
- Bu odamlar kimligini bilmayman, chunki
ularning yuzlarini ko'rmadim. Uxlayotgandim,
bilasan-ku... Lekin bu tush emas edi. Ya'ni tush
ham ko'rayotgan edim, lekin bu tush emas edi.
Men mast emas edim. Atigi ikki finjon, nima
degan gap...
Shams qo'lini elkamga qo'ydi:
- Xotirjam bo'l, do'stim. Men tushunaman.
- Tushunasan?
- Ha. Endi joyingga qaytib borgin-da, men
haqimda boshqa tashvish qilma.
- Yo'q, yo'q! Hech qayoqqa bormayman. Sen
ham bormaysan, - qarshilik qildim men. - Bu
jiddiy odamlar edi. Sen ehtiyot bo'lishing zarur.
Rumiylarnikiga borma. Seni eng oldin o'sha
yerdan izlashadi.
Shams mening holatimga e'tibor bermay, jim
turardi.
- Menga quloq sol, darvish, mening uyim
kichkina, lekin agar istasang menikida qancha
turging kelsa, shuncha turishing mumkin.
- Meni o'ylaganing uchun katta rahmat, - dedi
Shams.
- Lekin hammamiz ham Xudoning
dargohidamiz. Qoidalardan birida aytilishicha:
«Dunyo hamma narsalarning hamma
narsalarga bog'liqligi qonuniga bo'ysunadi.
Ezgulikning har bir tomchisi, yomonlikning
har bir bo'lagi - hamma-hammasi o'zaro
bog'langan. Suiqasdlardan, aldanishlardan,
ayyorliklardan ko'rmaslik kerak. Kimdir senga
qopqon qo'yayotgan bo'lsa, bilginki, u
Xudoning irodasi bilan shunday qilayapti. Eng
zo'r qopqonni Uning O'zi qo'yadi. Xudoning
izmisiz daraxtning yaprog'i ham qilt etmaydi.
Xudoga to'liq ishon. Nimaiki sodir bo'lmasin,
uning iznisiz bo'lmaydi».
Shams shu so'zlarni aytib menga ko'zini qisib
qo'ydi va xayrlashib, menga qo'l silkitdi. Men
uning loy ko'chadan yurib, Rumiylarning uyi
tomon qadam tashlab tez ketayotganini kuzatib
qoldim. Mening ogohlantirishimga e'tibor
bermadi ham.
Qotil
Dostları ilə paylaş: |