Sulton Valad
1248 yil, sentyabr, Konьya.
Kambag'al-nochorlar, ichkilikbozlar,
fohishalar, yetim-yesirlar, o'g'rilar... U oltin va
kumushlarni ularga va jinoyatchilarga ulashib
berdi. O'sha dahshatli kundan buyon otam juda
o'zgardi. Dard-alam uni aqldan ozdiripti, deb
o'ylayapti hamma. Undan, nima qilayapsiz, deb
so'raganlarga arablarning podshohi Imr-ul-
Qays tarixini gapirib berardi. Aytishicha, u
juda boy va chiroyli bo'lgan, bir kuni bularning
hammasidan voz kechib, darvishlik kiyimini
kiyib, umrining oxirigacha darbadar dunyo
kezgan. (Imru al-Qays asosan arab she'riy
metrikasi asoschisi sifatida keng tanilgan.)
- Inson o'z sevgilisini yo'qotganida shunday
bo'ladi, - der edi otam. - Shohlik uning uchun
changga aylangan, darvishlik mohiyati esa
yuzaga chiqqan. Shams yo'q, endi men ham
yo'qman. Men endi ustoz ham emasman, imom
ham emasman. Men bo'm-bo'shman,
bo'shliqman. Bu mening FANOyim,
BAQOyim ham shu. (Tasavvufda fano - o'lmay
turib o'lish; baqo - fanoga erishgan inson
vujudan o'lgach erishiladigan abadiyat, Xudo
bilan birlik holati.)
Bir kuni uyimiz eshigini, ayyorligi aftidan
shundoq ko'rinib turgan, bir mallasoch
savdogar taqillatdi. U bir vaqtlar Bag'dodda
Shams Tabriziy bilan tanishganini aytdi. Keyin
ovozini pasaytirib Shamsni Hindistonda
ko'rganini, u, qaytib kelish uchun qulay fursat
kutib, hind ashramlari (ibodatgohlari)dan birida
yashirinib, muroqaba qilib yurganini aytib,
qasam ichdi.
Bundan otamning esi batamom og'ib qoldi. U
savdogardan bu xushxabar uchun nima
istashini so'radi, u uyatsiz esa o'zining yosh
bolalik vaqtida darvish bo'lishni istaganini,
lekin hayoti boshqa yo'ldan ketgach, endi
Rumiydek buyuk zotdan o'z ustidagi duxoba
to'nini esdalik uchun olish istagi borligini
aytdi. Otam buni eshitib, darhol duxoba to'nini
echib, savdogarga uzatdi.
- Ota, nima uchun qimmatbaho to'ningizni bu
lo'ttibozga yechib berdingiz, axir har bir
so'zining yolg'onligi shundoq ko'rinib turgan
edi-ku? - so'radim men mallasoch savdogar
ketgan zahoti.
Shunda otam menga shunday javob qildi:
- Seningcha, bu to'n uning yolg'oni uchun juda
qimmatmi? Yo'q, o'g'lim, men to'nni shu
yolg'on uchun berdim, agar rost aytsa, jonimni
bergan bo'lardim.
Rumiy
1260 yil, 31 oktyabr, Konьya.
Vaqt chopqillab o'tib borarkan, og'riqli holat
o'rniga hasrat keldi, hasrat sukut bilan o'rin
almashdi, sukut esa yolg'izlik bilan birga qop-
qorong'u cheksiz va chuqur ummon. Bugun
Shams bilan uchrashgan kunimizga o'n olti yil
bo'ldi. Har yili shu sanada yolg'iz o'zim
qolishga harakat qilaman, har safargi yolg'izlik
avvalgisidan og'irroq bo'lib bormoqda. Qirq
kunni qirq qoida haqida fikrlab o'tkazdim.
Hammasini esimda saqlayman, miyamda
hamisha Shams Tabriziy haqidagi xayollar.
Kutishga boshqa majol qolmadi. Qalb nuri
so'ndi, butkul qorong'ulikda qolganim
yaxshiroq, deb o'yladim. Lekin atrofda
hammayoq zulmat va ko'zlar dunyo uchun
yumilganda qalb uchinchi ko'zi ochildi. Shunda
odatdagi ko'zlar ichki ko'z bilan ziddiyatda
ekanini tushunar ekan kishi. Odatdagi ko'zimiz
ishq ko'ziday aniq va o'tkir ko'ra olmaydi.
Hasratdan keyingi davr boshlandi, boshqa
inson paydo bo'ladi. Bunda hammayoqdan
sevgan insoningni izlaysan, hech qayoqdan
topa olmayotganday bo'lasan.
Uni suv tomchisida ham ko'rasan, baland
to'lqinlarda ham ko'rasan, musaffo tonggi
saboda ham ko'rasan; qum ustidagi majoziy
chizgilarda, quyosh nurida yaltiragan kichik
toshlarda, yangi tug'ilgan chaqaloqning
jilmayishida va vujudingda erkin aylanuvchi
qonda ham ko'rasan. Hamonki u hamma yoqda
ekan, Shamsni endi IShQ, deyish mumkinmi?
Har kun, har on hijron va xomushlik og'ushida
ohista aylanar ekanman, Shamsdan sira
ajralmayman. Shams qalbimga hamishalikka
ko'chib o'tgan. Men shu erda Shamsning
ovozini asrayman. Bir vaqtlar ustoz va
mudarris bo'lgan mendan asar ham qolmagan.
Ishq barcha odat va mashg'ulotlarimni yutib
yuborgan.
Menga eng qiyin vaqtda ikki inson dalda bo'ldi
- to'ng'ich o'g'lim va usta zargar, avliyo inson
Salohiddin. O'zining kichkinagina ustaxonasida
tillani bolg'a bilan ura-ura, mukammal shaklga
solayotganini ko'rib, ovozini eshitib
turarkanman, ne ajabki, aylanuvchi darvishlar
raqsini eslayman. Salohiddinning o'z bolg'asi
bilan taqillatish maromi Shams aytgan
muqaddas marom bilan bir xil ekanini his
etaman...
Shu orada to'ng'ich o'g'lim Salohiddinning qizi
Fotimaga uylandi. Hamisha porlab turadigan
va qizikquvchan bu qiz menga Kimyoni
eslatadi. Men uni Qur'on o'qishga o'rgatdim.
Sekin-asta uni yaxshi ko'rib qoldim va u
mening o'ng ko'zimday bo'lib qoldi, singlisi
Qadriya esa chap ko'zim bo'ldi. Bir vaqtlar
Kimyoginam qizlar ham o'g'il bolalar kabi
yaxshi shogird bo'lishlari mumkinligini
ko'rsatib, menga muhim narsani o'rgatgan edi.
Men qizlar uchun darvishlar raqsini
o'rgatadigan maktab ochdim va so'fiy opa-
singillarga shu an'anani davom ettirishlarini
maslahat berdim.
«Masnaviy»larni aytib turib
yozdirayotganimga ham to'rt yil bo'ldi. Uning
birinchi misrasi erta tongda, quyoshning ilk
nurlarini kuzatib turganimda kelgan edi.
Shundan buyon she'riy misralar tilimdan
o'zidan-o'zi yog'iladi. Men ularni yozmayman.
Dastlab Salohiddin yozib bordi. O'g'lim
ulardan nusxa ko'chirdi. Ular tufayli she'rlar
saqlanib qoldi, chunki, to'g'risini aytsam, agar
mendan ularni yoddan qayta aytishni so'rasalar,
men ayta olmagan bo'lardim. Nasriymi yoki
nazmiymi, so'zlar to'plami menga
kutilmaganda keladi, keyin esa kutilmaganda
yana to'xtaydi, ular go'yo osmonda uchib
o'tayotgan qushlar kabidir.
Men poema ijod qilayotganimda, nima haqida
bo'lishi mumkinligi haqida tushuncham ham
bo'lmaydi. Uning hajmi ham katta yoki
qisqagina bo'lishi mumkin. Lekin menda hech
qanday reja bo'lmas edi. Uni tugatganimdan
keyin yana xomush bo'lib qolaman. Jimgina
yuraveraman. Va endi taxalluslarimdan biri
«Xomush» bo'ldi. Ikkinchi taxallusim - Shams
Tabriziy.
Vaqt biz nazorat etishga va anglab etishga
ulgura olmaydigan darajada tez o'tmoqda. 1258
yil Bag'dod mo'g'ullarga taslim bo'ldi.
Mustahkam istehkomlari va go'zalligi mag'rur,
o'zini dunyoning markazi deb e'lon qilgan bu
shahar yengildi. O'sha yili Salohiddin vafot
etdi. Men o'z darvishlarim bilan birga
ko'chalarda childirma va nay sadolari ostida
yurib, juda yaxshi marosim o'tkazdik. Biz uni
quvnoq kuy, raqslar bilan kuzatdik, zero
avliyolar u dunyoga shunday ketishlari joiz.
1260 yilga kelib mo'g'ullarning shashti pasaydi.
Mamluklar ularni yengishdi. Kechagi g'oliblar
bugun mag'lub. Barcha g'oliblar o'z
g'alabalarini abadiy deb o'ylashadi. Barcha
mag'lublar esa o'z mag'lubiyatlari abadiy
bo'lishidan qo'rqishadi. Har ikki tomon ham bir
sababga ko'ra nohaq. Xudodan boshqa hamma
narsa o'zgaradi.
Salohiddinning vafotidan keyin anchagina
voyaga yetgan va ruhiyat yo'lidan dadil
odimlay boshlagan shogirdim Xusomiddin
Chalabiy she'rlarimni qog'ozga tushiradigan
bo'ldi. Masnaviyni u qog'ozga tushirdi. U
kamtar inson. Agar undan, kimsan, deb
so'rasangiz, bir on ham ikkilanmasdan «Men
Shams Tabriziyning kamtarin izdoshiman»,
deb javob beradi.
Hammamiz ham qirq, ellik, oltmish yilliklarni
bosib o'tdik, har o'n yillik o'tgach, o'zimizni
mukammalroq, to'liqroq his eta bordik. Garchi
bu yo'l nihoyasiz esa-da, yuraverish kerak.
Koinot hamisha va charchamay harakatlanadi,
Yer va Oy doim aylanadi, ularni Kim
harakatlanishga majbur etadi? Bu sir. Biz
darvishlar shuni tushunganimiz uchun, hatto
boshqalar biz nima qilayotganimizni va nima
uchun qilayotganimizni tushunmasalar ham,
hamisha raqsu samo qilamiz. Biz hech nimaga
qaramasdan - og'riqlarimiz va qayg'ularimizga,
quvonch va lazzatlarimizga, tezlik va
sekinlikka qaramasdan, yakka yoki ko'pchilik
bo'lib raqs tushaveramiz, zero suv oqimi
shunday. Buyuk uyg'unlik bizga nima ishora
qilsa, shunday raqsga tushamiz. Hamma yoq
o'zgarishda, ammo doira o'zgarmaydi. O’ttiz
to'qqizinchi qoida: «Qismlar o'zgarsa ham,
butun o'zgarmaydi. Bir yaramas inson
dunyodan o'tsa, boshqa yaramasi dunyoga
keladi. Bir yaxshi inson dunyoni tark etsa,
o'rniga boshqa yaxshisi keladi. Shuning uchun
nafaqat hech nima o'zgarmasdan qolmaydi,
balki hech nima chinakamiga o'zgarmaydi
ham. Bir so'fiy vafot etsa, qayerdadir boshqa
yerda boshqa so'fiy dunyoga keladi».
Bizningdinimiz – ishq dini. Bizlar yurak
zanjirlari bilan o'zaro bog'langanmiz.
Zanjirning bir bo'lagi uzilsa, uning o'rniga
boshqa joyda yana bir bo'lak keladi. Shams
Tabriziy vafot etganidan keyin boshqa joyda,
boshqa yoshda, boshqa «Shams» paydo bo'ladi.
Ismlar o'zgaradi, odamlar kelib va ketib
turishadi, lekin mohiyat o'shandayicha qoladi.
Ella
Dostları ilə paylaş: |