Tarjimon: Shahnoza Qahhorova



Yüklə 1,69 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə60/65
tarix22.09.2023
ölçüsü1,69 Mb.
#146901
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   65
Ishqqa oid qirq qoida [@kitoblar pdf]

2008 yil, 3 iyul, Boston.
Boston hech qachon hozirgidek jonli va 
chiroyli bo'lmagan, o'ylardi Ella. Nahotki, 
ko'zlarim ko'r bo'lgan-u, shu paytgacha bu 
chiroyni ko'rmagan bo'lsam? 
Aziz Bostonga besh kunga kelgan edi. Va Ella 
har kuni Aziz bilan uchrashish uchun 
Nortgemptondan Bostonga kelardi. «Kichik 
Italiya»da oddiygina nonushta qilishardi, nafis 
san'at muzeyida bo'lishdi, Boston-Kommon va 
Uoterfrant bog'larida sayr qilib yurishdi, 
akvariumda kitlarni kuzatishdi, Garvard-
skverdagi kichkina kafeda qahva ichishdi. Shu 
bilan birga ular tinmay ko'p narsalarni, 
masalan, turli mamlakatlarning taomlarini, 
meditasiya uslublarini, aboregenlar san'atini, 
gotik asarlarni, tabiatdagi qushlarni o'rganishni, 


bog'dorchilikni, pomidor yetishtirishni, tushlar 
ta'birini muhokama qilishar, tinimsiz bir-
birlarining gaplarini bo'lishardi. Ella qachon 
bunchalik ko’p gapirganini eslay olmaydi ham. 
Ko'chada bir-birlariga tegmasdan yurishga 
harakat qilishardi, lekin doim noqulay ahvolga 
tushib qolaverishardi. Ella, qo'l ushlashib olsak 
yaxshi bo'larmidi, deb o'ylab qo'yardi. Nihoyat, 
birdan Ellada o'zi hech qachon kutmagan 
jasorat paydo bo'ldi. U restoranlarda va 
ko'chalarda Azizni qo'ltiqlab olar, hatto uni 
o'par edi. U boshqalar uni ko'rishiga nafaqat 
befarq edi, hattoki ko'rishlarini ISTAR edi 
ham. 
Aziz Amsterdamga qaytib ketadigan kuni 
ertalab nomeriga kirishdi. U yerda tez orada 
boshlanadigan hijrondan darak berib, jomadon 
xomush turardi. 
- Men senga bir nimani aytishim kerak, - dedi 
Ella. - Nazarimda, buni aytish uchun juda uzoq 
taraddud ko'rdim. 
Aziz bir qoshini ko'tardi. 


- Men ham senga bir nimani aytishim kerak, - 
dedi ovozida bezovta ohang bilan u. 
- Unda sen birinchi aytaqol. 
- Yo'q, sen birinchi aytaver. 
Nim tabassumini saqlagancha Ella fikrlarini 
to'plab olish uchun ko’zlarini yerga oldi. 
- Hali sen Bostonga kelmasingdan oldin bir 
kuni biz Devid bilan uzoq gaplashgan edik. U 
sen haqingda so’ragan edi. Chunki u mendan 
beruxsat pochtamni o'qigan ekan. Undan qattiq 
jahlim chiqdi, lekin haqiqatni Undan 
yashirmadim. Ya'ni sen bilan mening 
oramizdagi bor Haqiqatni. 
Ella o'zining endi aytadigan gapiga Aziz 
qanday qarashini bilmay, qurquvda ko’zlarini 
yerdan oldi. 
- Qisqasi, men erimga boshqa insonni 
sevishimni aytdim. 
Ko'chadan barcha ovozlarni bosib ketadigan o't 
o'chiruvchilar mashinasining chinqirig'i 
eshitilardi. Ella xatar borligini his etdi, lekin 
yarim yo'lda to'xtamadi. 


- Aytadigan gapim uncha sog'lom ko'rinmasligi 
mumkin. Men bu haqida juda ko'p 
o'ylaganman. Lekin men sen bilan 
Amsterdamga ketishni istayman. 
Aziz deraza yoniga bordi va ko'chada nimalar 
bo'layotganini bilmoqchi bo'lib qaradi. 
Yaqinroqdagi bir uydan osmonga qalin qora 
tutun buriqsayotgan edi. Aziz jimgina shu uyda 
yashovchilarni duo qildi, keyin shoshilmay 
nimalarnidir gapirdi, uning gaplari Ellada 
xuddi butun shaharga qaratilgandek tasavvur 
uyg'otdi. 
- Men seni jon deb Amsterdamga olib ketgan 
bo'lardim, lekin senga baxtli kelajak va'da qila 
olmayman. 
- Nima demoqchisan? - dedi qo'rqa-pisa Ella. U 
kelib yoniga o'tirdi, qo'llarini o'z qo'llariga oldi, 
parishon holda ularni silab turib dedi: 
- Sen menga birinchi marta xat yozganingda, 
bu hayotimdagi eng yomon davr edi. 
- Hayotimda boshqa ayol bor, 
demoqchimisan?.. 


- Yo'q, sevgilim, yo'q, - Aziz istehzoli kuldi, 
lekin tez orada yuzi yana jiddiylashdi. - Aslo 
bunday emas. Men senga o'z hayotimning uch 
davri haqida gapirganim esingdami? 
«So'fiy» so'zining birinchi uch harfi. Lekin sen 
bir marta ham to'rtinchi davr haqida 
so'ramagansan, men senga bu haqida aytishni 
juda istagan bo'lsam ham, negadir sira mavridi 
kelmagan edi. Lekin «i» harfi bilan ham 
uchrashuv bo'lgan edi. Nima bo'lgani haqida 
bilishni istayganmi? 
- Ha, - dedi Ella, eshitishi mumkin bo'lgan 
narsadan qo’rqqani holda. - Ha, istayman. 
Aziz Ellaga iyul oyining kunduzida, otelda, 
Amsterdamga uchadigan reysga bir necha soat 
vaqt qolganda, o'zining 1977 yil qanday qilib 
yangi ism olib, so'fiy bo'lgani, shu bilan birga, 
o'zining aytishicha, yangi taqdir ham qabul 
qilgani haqida gapirib berdi. 
Shundan buyon u kasbiga ko'ra fotograf va 
qalb amriga ko'ra darbadar darvish sifatida 
dunyo kezib yurgan ekan. U oltita qit'ada chin 


do'stlar orttiripti, u ularga xuddi o’z oila 
a'zosiday yaqin ekan. Aziz garchi boshqa oila 
qurmagan esa-da, Sharqiy Evropada ikki 
yetimning otasi bo'lipti. Shams Tabriziyni 
hamisha xotirasida saqlash uchun bo'yniga 
quyosh shakli bor marjon taqib yurar, so'fiy 
darvishlar an'analariga ko'ra sayohatlar qilar, 
ma'ruzalar o'qir va targ'ibotlar qilar ekan. 
Ikki yil oldin esa unga kasal ekani ma'lum 
bo'lipti. 
Kasallik qo'ltig'i ostidagi shishni sezishdan 
boshlanipti, afsuski, u buni kech payqapti. 
Qabariq melanoma, ya'ni rakning o'limga olib 
keluvchi shakli ekan. Shifokorlar tekshirib, 
metastaz ichki organlarga ham tarqab ketganini 
aytishipti. 
O'shanda Aziz ellik ikki yoshda bo'lgan. Unga 
ko'pi bilan ellik besh yoshga qadar yashashi 
mumkinligini aytishgan. 
Ellaning lablari bir nima deyishga chog'langan 
kabi qimirladi, lekin tili kalimaga kelmadi, 
og'zi xuddi cho'lda qaqrab qolganday quruq 


edi. Yuzlaridan ikki tomchi yosh dumaladi, 
lekin u tezgina artib tashladi. 
Aziz har bir so'zini dona-dona aytib, gapida 
davom etdi. Shundan keyin hayotida yangi va 
muayyan ma'noda mahsuldor davr boshlangan 
ekan. Yerda hali u ko'rishni istagan ko'pgina 
yerlar bor ekan, u birinchi navbatda o’sha 
yerlarga borish yo'llarini izlab topipti. 
Amsterdamda butun dunyoda filiallari bor 
bo'lgan so'fiylik jamoasiga asos solipti. 
Indoneziya, Misr so'fiylari bilan birga 
konsertlarda havaskor sifatida nay chalipti va 
hatto Kordova, Ispaniyadagi yahudiy va 
musulmon mistiklari guruhi bilan birga 
alьbomlar chiqaripti. Keyin Marokkoga 
qaytipti va yo'lining boshida uchratgan birinchi 
so'fiylar takkasini ziyorat qilipti. Ustoz 
Sammid allaqachonlar vafot etgan ekan, Aziz 
uning qabrini ziyorat qilipti, duolar o'qipti va 
meditasiya qilipti. 
- Shundan keyin o'zim hamisha yozishni 
istagan, lekin dangasalik qilibmi yoki jur'at qila 


olmaganim uchunmi, hamisha orqaga surib 
kelgan romanni yozish uchun faol hayotdan 
chekindim. - Aziz Ellaga ko'z qisib qo'ydi. 
- Men buni juda ham istagan edim. Asarni 
«Shirin shakkoklik» deb atadim va hech 
qanday ijobiy natija kutmagan va har qanday 
natijaga tayyor holda uni amerika agentligiga 
yubordim. Birmuncha vaqtdan keyin esa 
Bostondagi sirli bir ayoldan g'alati elektron xat 
oldim. 
Ella jilmayishdan o'zini tiya olmadi. Bu 
tavozeli hamdardlik tabassumi edi, u og'riqli va 
mehrli edi. 
Aziz o'sha daqiqalardan buyon avvalgidek 
bo'la olmaganini aytdi. Eng to'g'ri kelmaydigan 
vaqtda, u o'limga tayyorlanayotgan odamdan 
sevuvchi odamga aylandi. Shunga qadar 
muhim va o'zgarmas bo'lib tuyulgan narsalar 
birdan qo'zg'olib, charxpalakday aylanib ketdi. 
Ruh, hayot, o'lim, e'tiqod va ishq - shulardan 
barchasining ma'nolarini u qaytadan anglab 
chiqdi. Uning aslo o'lgisi kelmas edi. 


O'z hayotining final bosqichini u «So'fiy» 
so'zidagi «i» harfi bilan atadi. U bu bosqichni 
eng qiyin bosqich ekaniga iqror bo'ldi, chunki 
u o'zini barcha ichki konfliktlarni boshdan 
kechirib bo'lgan deb o'ylagan, o'zini ruhan etuk 
va maqsadiga erishgan inson deb hisoblagandi. 
- So'fiylar o'lishdan oldin o'lishni o'rganadilar. 
Va men qadam-baqadam barcha bosqichlardan 
o'tib kelgandim. Keyin esa, hammasini aniqlab 
bo'ldim, deb o'ylay boshlaganimda, yo'q yerdan 
bir ayol paydo bo'ldi. u menga yozadi, men 
unga javob yozaman. Har bitta elektron xatidan 
keyin, nafasimni ichimga yutib, uning xatini 
kutaman. So'zlar qimmati har qachongidan 
baland bo'lib ketdi. Hamma narsa butkul bo'm-
bo'sh ekranga aylandi, men unda harflar paydo 
bo'lishini intizor kutaman. Keyin birdan bu 
ayolni yaxshiroq bilgim kelayotganini 
anglayman. U bilan ko'proq vaqt birga bo'lgim 
keladi. Menga bu hayot kamlik qilayapti. Men 
endi o'limdan qo'rqayotganimni va mendagi 
qaysidir qism shu vaqtgacha men hurmat qilib 


kelgan va men bosh egib kelgan Xudoga qarshi 
isyon ko'tarmoqchi bo'layotganini anglayman. 
- Lekin hali vaqtimiz bor... - dedi Ella qayta 
tilga kirib. 
- Shifokorlar o'n olti oy deyishgan, - garchi 
o'zini beparvo tutishga harakat qilayotgan esa-
da, qat'iy qilib dedi Aziz. - Ular xato qilishlari 
mumkin. To'g'ri aytgan bo'lishlari ham 
mumkin. Bilmayman. Quloq sol, Ella, men 
senga faqat HOZIRni taklif eta olaman. Menda 
bori shu, xolos. Aslida hammada ham shunday, 
hamma ham kecha ham emas, kelajak ham 
emas, faqat hozir bor. Biz shunchaki tasavvur 
etishni yoqtiramiz... 
Ella yerga qaradi va xuddi to'g'ri o'tirishga 
kuchi yetmayotganday bukchayib qoldi. 
Ojizlikka qarshilik ko'rsatmoqchi bo'ldi, lekin 
kuchi etmadi, yig'lab yubordi. 
- Iltimos, yig'lama. Sen men bilan 
Amsterdamga uchib ketishingni dunyodagi 
hamma narsadan ko'proq istayman. Men senga: 
«Yur, dunyo kezaylik. Olis mamlakatlarin 


ko'raylik, har xil odamlar bilan tanishaylik va 
birgalikda Rabbimiz yaratmishlaridan 
zavqlanaylik» degim keladi. 
- Bu menga yoqadi, - tabassum qildi Ella va 
xuddi yig'lamasin deb qo'liga qo’g'irchoq 
berilgan bolaga o'xshab ketdi. 
Azizning qovog'i solindi, oyna tomonga 
o'girilib oldi. 
- Men esa qo'rqaman. Men hatto senga 
teginishga ham qo'rqaman, boshqa narsalarni 
esa qo'yaverasan. Men o'z kelajagim yo'q 
bo'laturib, qanday qilib sendan men bilan birga 
bo'lishingni, oilangni tashlashingni so'ray 
olaman? 
Ella yelkalarini qisdi, lekin baribir dedi: 
- Tushkun bo'lishning nima keragi bor? Axir 
sen xastalikka qarshi kurasha olasan-ku! Sen 
men uchun shunday qilishing kerak. Biz uchun. 
- Nima uchun kurashishimiz kerak ekan? - 
e'tiroz qildi Aziz. - Biz hamisha kurash haqida 
gapiramiz - Inflyasiyaga, OITSga, rakka, 
korrupsiyaga, terrorizmga, hatto ortiqcha 


kilogrammlarga qarshi kurash haqida... 
- Men so'fiy emasman, - dedi betoqatlik bilan 
qandaydir xirillagan begona ovozda Ella. 
Xayolidan o'zini-o'zi o'ldirib, hayotdan ko'z 
yumgan otasi, undan keyingi judolik azoblari, 
agar vaziyat boshqacha bo'lganda hayot qanday 
bo'lishi mumkinligi haqidagi achchiq va 
nadomatli o'ylar g'izillab o'tdi. 
- Sen so'fiy emasligingni bilaman, - istehzoli 
kuldi Aziz. - Bo'lishing kerak ham emas. 
Rumiy bo'lsang bas. Sendan faqat shuni 
so'rayman. 
- Nimani nazarda tutayapsan? 
- Yaqinda mendan, sen o'zingni Shams deb 
hisoblaysanmi, deb so'ragan eding. Esingdami? 
Sen meni unga o'xshaysan, degan eding. Buni 
eshitishdan qanchalar baxtiyor bo'lsam hamki, 
lekin men Shams emasman. O'ylashimcha, u 
ancha buyuk bo'lgan. Lekin sen Rumiy bo'la 
olasan. Agar ishq seni ishg'ol etishiga va seni 
o'zgartirishiga imkon bersang - avval o'z 
borliging bilan, keyin esa yo'qliging bilan... 


- Men shoir emasman, - dedi Ella. 
- Rumiy ham shoir emas edi. Lekin keyin 
bo'ldi. 
- Tushunmayapsan. Xudo haqi, men oddiy uy 
bekasiman, uch farzandning onasi! - xitob qildi 
Ella va qiynalib tin oldi. 
- Asliyatimiz qanday bo'lsa, biz shundaymiz, - 
shivirladi Aziz. - Va biz hammamiz 
o'zgaramiz. Bu bir sayohat. Sen shu sayohatni 
amalga oshira olasan. Agar jasoratli bo'lsang 
va men ham jasoratli bo'lsam, biz nihoyat 
Konyaga bora olardik. Men o'sha yerda o'lishni 
istayman. 
Ella xo'rsindi: 
- Bas qil. 
Aziz Ellaga uzoq qarab qoldi, keyin yerga 
qaradi. Yuzida boshqa ifoda paydo bo'ldi, 
ovozida esa begonalik bor edi, bu ovoz xuddi 
shamol uchirgan yaproq kabi uzoqdan 
kelayotganday edi. 
- Shuningdek, Ella, - shoshmasdan dedi u, - sen 
uyga qaytishing mumkin. Bolalaring oldiga - 


uyingga bor. O'zing hal qil, sevgilim. Sen qaysi 
birini tanlasang ham, bu mening tuyg'ularimga 
ta'sir qilmaydi. Men seni hamma vaqt yaxshi 
ko'raveraman. 

Yüklə 1,69 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   65




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin