Tarkibi va biologik xususiyatlari 2 Mavzu Meva va rezavor meva
Yong‘oq. Mevasining mag‘zi juda mazali va to‘yimli, tarkibida 60-70 % moy, 11-20 % oqsil, 20 % gacha uglevodlar va vitaminlar bor. Xom yong‘oq tarkibida na’mataknikiga qaraganda 3-5 barobar ortiq S vitamini bo‘ladi.
Yong‘oq dunyodagi barcha mamlakatlarda, jumladan Markaziy Osiyo davlatlarida, asosan Qirg‘iziston va Tojikistonning janubiy hududlarida keng tarqalgan bo‘lib, katta maydonlarni egallaydi. O‘zbekistonning Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi tabiiy yong‘oqzorlar ayniqsa qimmatlidir.
Yong‘oq daraxtining bo‘yi 25-30 metrgacha, diametri 1,5-2 m ga etadi, shox- shabbasi sharsimon yoki qubbasimon, kam shoxlaydi, ildiz tizimi baquvvat - 4 m chuqurlikkacha kirib boradi, atrofga qarab esa 10-15 m taraladi.
Yong‘oq bir uyli, lekin guli ayrim jinsli daraxtdir. Erkak kuchalalari o‘tgan yilgi novdalar uchida, urg‘ochilari esa shu yili chiqqan novdalar uchida yakka- yakka yoki guruh bo‘lib joylashadi. YOng‘oq barg yozmasdan oldin - martning oxiri-aprelning boshlarida gullaydi, ba’zan erkak va urg‘ochi gullar bir vaqtda gullamaydi, shuning uchun yong‘oqzorlarda changlovchi navlarni o‘tqazish tavsiya etiladi. Yong‘oq shamol yordamida changlanadi, o‘suv davri 165-210 kun, tog‘li hududlarda bundan qisqaroq davom etadi.
Yong‘oq daraxti 8-10, payvand qilinganlari esa 5-6 yildan boshlab hosilga kiradi, lekin o‘tqazilgandan keyin 2 - yildayoq hosil beradigan navlari ham bor.
Yong‘oq 25-30 yoshga kirganda serhosil bo‘ladi, har bir tupidan 100-150 kg, ba’zilaridan 300-500 kg gacha hosil olinadi. Mevasi avgust oxiridan oktyabr boshlarigacha pishadi.
Bodom. Amygdalus L. turkumining 50 ta turi bor, shulardan bittasi shirin bodom va eng ahamiyatlisi hisoblanadi. U asosan shirin mag‘zi uchun o‘stiriladi. SHirin bodom mag‘zida 40-70 % moy, 20-25 % oqsil, 6 % shakar, 3 % ga yaqin elim, 2,5 % gacha amigdalin bo‘ladi.
Bodom O‘zbekistonning barcha hududlarida, asosan Farg‘ona vodiysida, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida keng tarqalgan.
Bodom daraxtining bo‘yi 6-10 m gacha etadi, shox-shabbasi piramida shaklida yoki tarvaqaylagan bo‘ladi, ildiz tizimi baquvvat 6 m gacha chuqurlikkacha taralib o‘sadi. YOvvoyi holda ba’zan buta shaklida o‘sadi. Bodomning mayda shoxchalari tikanli bo‘ladi. Guli yirik, pushti rangda, ko‘pincha juft-juft bo‘lib joylashadi, barg chiqarmasdan oldin gullaydi. Bodom eng erta, boshqa mevali daraxtlardan ilgari - fevral va martning boshlarida gullaydi, shuning uchun tekisliklarda bahorgi sovuqlar uni zararlaydi.
Bodom mevasi avgust- sentyabrda pishadi, to‘kilmay tupida turadi. Ekilgandan keyin 3-4 yili hosilga kiradi, 12-15 yoshgacha serhosil bo‘ladi, 40 yilgacha yaxshi hosil beradi, 60-100 yilgacha umr ko‘radi. Har tupidan 60-80 kilogrammgacha hosil olinadi. Bodom yorug‘sevar, issiqqa chidamli va qurg‘oqchilikka juda chidamli bo‘ladi. 20-25 0 gacha sovuqqa chidaydi.
Pista (Pistacia L.) turkumiga 20 ga yaqin tur kiradi. Pista bo‘yi 5-6 m ga etadigan daraxt yoki buta bo‘lib, shox-shabbasi tarvaqaylab o‘sadi, tanasining diametri 25-80 sm ga etadi, ildiz tizimi baquvvat bo‘lib 6-8 m gacha chuqurlikka kirib boradi. Lalmi erlarda pista 10-12, sug‘oriladigan erlarda 7-8 yilda hosilga kiradi. Pistaning mag‘zi shirin, tarkibida 63 % gacha moy, 22 % gacha oqsil, 12-13 % gacha shakar bo‘ladi. Mevasi sentyabrda pishadi. Madaniy holda o‘sadigan bir tup bodom daraxtidan 40-80 kg gacha hosil olinadi. Qurg‘oqchilikka chidamli, yorug‘sevar bo‘lib, yozda 42 0 gacha issiqqa, qishda esa 33 0 sovuqqa chidaydi. Pistaning madaniy navlari sovuqqa kam chidamli.
Pista juda uzoq, ayrim turlari hatto 300 yilgacha yashaydi. Urug‘dan, parxish va payvand qilish yo‘li bilan ko‘paytiriladi.