Mustahkamlash uchun savollar:
1. Zamonaviy kiyim modellariga tavsif bering.
2. Xalatga tavsif qanday beriladi?
3. Modellashtirish jarayoni qanday bajariladi?
4. Xalat andozalari qanday tayyorlanadi?
5. Xalatni milliy gazlamadan bichish jarayoni qanday amalga oshiriladi?
Darsni yakunlash va o‘quvchilarni baholash. Kasbga yo‘llash xonasini tartibga keltirish.
Uyga vazifani e’lon qilish: mavzu bo‘yicha berilgan barcha ma’lumotlarni o‘qib-o‘rganib kelish.
Zamonaviy kiyimni tikish. Kerakli asbob va moslamalar: Tikuv mashinasi, ish qutichasi, qo‘l ignalari, qaychi, to‘g‘nog‘ichlar, turli rangdagi iplar, bichiq detallari, dazmol, dazmol stoli, xalatni tikish boyicha bajarilgan texnologik xarita va zamonaviy kiyim namunalari. Xalatga ishlov berish ketma-ketligi. Bichiqni ishga tayyorlash uchun detallarning konturlarini, ulardagi nazorat kertimlarini salqi qaviqlar bilan tikib chiqiladi. Old va orqa bo‘laklarning o‘rta chiziqlari, relef chiziqlari sirma qaviq bilan belgilab tikiladi. Xalatga ishlov berish uning relef choklarini va yon choklarini ko‘klashdan boshlanadi, bunda detallardaga kertimlarning bir-biriga to‘g‘ri kelishiga e’tibor berish kerak. Keyin yelka choklar va old bo‘lak bilan yaxlit bichilgan ostki yoqaning o‘rta qirqimlari ko‘klanadi. Ostki yoqaning burchaklari belgilangan chizig‘iga 0,2 – 0,3 santimetr yetkazmasdan 45 daraja burchak ostida qirqib qoyiladi va pastki qirqimi orqa bo‘lakning boyin o‘mizi bilan biriktiriladi. Bunda ostki yoqaning o‘rta choki orqa bo‘lakning o‘rta chizig‘idagi kertimiga mos kelishi kerak. Yengning yon qirqimlari ko‘klab biriktiriladi va yengboshi chizig‘i boylab baxyaqator yuritilib, salgina burma hosil qilinadi. Shundan so‘ng xalat gavdaga kiydirib ko‘riladi va yelka, yon va relef choklari, bel chizig‘i, yaxlit yoqasi, uzunligi to‘g‘riligi aniqlanadi. Xalatning yengi to‘g‘nog‘ichlar yordamida, kertimlari mos ravishda yelka chokiga va yeng o‘mizidagi kertimlarga to‘g‘rilanib, qadab qoyiladi, yengning to‘g‘ri o‘rnatilganligi tekshiriladi. Kiydirib ko‘rilganda aniqlangan kamchiliklar tuzatilib, sirma qaviqlar bilan xalatda belgilanadi, shundan keyin mashinada tikishga o‘tiladi. Relef choklar, yon va yelka choklar, ustki va ostki yoqaning o‘rta choklari, yenglarning yon choklari biriktirib tikiladi, yo‘rmaladi va dazmollanadi. Ostki yoqaning qirqimi orqa bo‘lakning boyin o‘miziga ulanadi va choki yorib dazmollanadi. Bort adiplari bilan yaxlit bichilgan ustki yoqa old bo‘lak ustiga o‘ngini o‘ngiga qaratib qoyiladi va ko‘klanadi, bunda ostki va ustki yoqalarning o‘rta choklari hamda yoqa va adip qismlaridagi kertimlar bir-biriga mos bo‘lishi kerak. Ko‘klash yoqaning o‘rta choklaridan boshlanib adip tarafga, keyin etak tarafga qarab bajariladi. Undan so‘ng mashinada adip tomonidan baxyaqator yuritib tikiladi. Adip xalatning ichkari tomoniga qaratib ag‘dariladi va yoqa qaytarmasining buklanish chizig‘igacha bort adipi tomondan, shu chiziqdan etakkacha old bo‘lak tomondan 0,2 santimetr kant hosil qilib ko‘klab chiqiladi. Yoqa ostki tomonidan dazmollanadi. Bort adipining ichki qirqimini 0,8 santimetrga bukib, mashinada baxyaqator yuritiladi, dazmollanadi va sirma qaviqlar bilan xalatga biriktiriladi. So‘ngra bort adipining ichki qirqimlari old bo‘lak boyin o‘mizi qismida zichroq qaviqlar bilan, boshqa qismlarida siyrak qaviqlar bilan yashirin chok solib, xalatga biriktirib chiqiladi. Yengning yon qirqimlari biriktirib tikiladi, yo‘rmaladi va yotqizib dazmollanadi. Yengning etak qismiga to‘rni bir oz burma qilib biriktiriladi, choklar yo‘rmalanadi va yeng tomonga qaratib dazmollanadi. Yengni yeng o‘miziga o‘tqaziladi, choklari yo‘rmaladi va yeng tomonga qaratib dazmollanadi. Xalatning etak qismi belgilangan chok haqi boyicha bukib, yashirin chok bilan qo‘lda tikiladi. Xalatga uzil-kesil ishlov beriladi: havoyi petlyalar yo‘rmalanadi, tugmalari qadaladi hamda vaqtinchalik qaviq iplaridan tozalanadi.