3. "Fiyhi ma fiyhi" ("Ichingdagi ichingdadir") - Mavlononing suhbatlaridan iborat falsafiy kitob. 1998 yilda Toshkentda o‘zbek tilida nashr etildi. 4. "Mavoizi majolisi sab’a" - bu asar Rumiyning etti o‘git va pand-nasihatlaridan iborat. 5. "Maktubot" - Mavlononing turli davrlarda zamondoshlariga yozgan maktublaridan tashkil topgan to‘plam. Jaloliddin Rumiy ijodi yuksak badiiyati bilangina emas, balki mantiq kuchi, falsafiy fikrlarga boyligi bilan ham katta ta’sir quvvatiga ega. Taniqli olim va adib Radiy Fish so‘zlari bilan aytganda, shoirning «mavhum mantiqiy kategoriyalarda emas, balki otashin shoirona timsollar vositasida» talqin etilgan tabiat va jamiyat hodisalarining doimiy o‘sish, o‘zgarishda ekani, eskining yo‘qolib, yangining paydo bo‘lishi — «dunyoning ziddiyatlar birligidagi ziddiyatlar jangi»dan iboratligi to‘g‘risidagi qarashlari buyuk nemis faylasufi Gegelyushg e’tiroficha, unta dialektik metod yaratishga yordam bergan. Yoki ulug‘ mutafakkir Husn va Ishq tortilishi misolida birinchi bo‘lib olamning asosida o‘zaro tortishish kuchlari yotishi haqidagi fikrni o‘rtaga tashlaydiki, mazkur qonunning chindan-da amal qilishini bir necha asrdan keyin ingliz olimi Nyuton kashf etdi. Jaloliddin Rumiy ijodi usmonli turk adabiyotining sarchashmasi hisoblanadi. Zero, shoirning millati — turk, kelib chiqishi — xorazmlik.Uning buvisi Alo’iddin Muhammad Xorazmshohning qizi bo‘lgan. Mavlono tavallud topgan Balx shahri u davrda Xorazmshoxlar davlatiga qarar edi. Hozirda Afg‘oniston hududida bo‘lgan bu qadimiy va dongdor shahar aslida uzoq asrlar mobaynida Turon mulkining mashhur shaharlaridan biri sanalib kelgan. Jaloliddin Rumiy she’riyatini, asosan, ilohiy ishq bilan bog‘lashadi. Bu bejiz emas. Zero, Mavlono o‘zining 53 mingdan ortiq misrani o‘z ichiga olgan «Masnaviyi ma’naviy»si, 84 ming misradan iborat «Devoni Kabir» («Ulug‘ devon»)ida yeru ko‘kning sarvari bo‘lmish Ollohi karimni va uning zamindagi xalifasi Hazrati insonni ulug‘laydi. Ma’lumki, Jaloliddin Rumiy o‘z davrining an’anaviy adabiy tili bo‘lmish forsiyda ijod qilgan. Bizda shoir ijodini o‘rganish va targ‘ib etish Radiy Fishning «Jaloliddin Rumiy» deb nomlangan tarixiy-biografik romanini tarjima qilish bilan bonshandi (Ruschadan J. Kamol tarjimasi). Shundan keyin Sh. Shomuhamedov Rumiy g‘azallari, ruboiylari va masnaviylaridan bir nechtasini o‘zbekchaga o‘girib, fors-tojik mumtoz shoirlari asarlaridan tashkil topgan «Injular ummoni» kitobida e’lon qildi. J. Kamol esa avval Rumiy ruboiylari va masnaviylaridan namunalar tarjima qilib, «Uchmoqqa qanot yo‘q vale uchgayman» nomi bilan alohida kitobcha holida nashr ettirgan bo‘lsa, yaqinda buyuk «Masnaviyi ma’naviy» tarjimasini nihoyasiga yetkazdi.