202-guruh talabasi Azadboyeva Marjonaning "Tasavvuf va badiiy ijod" fanidan mustaqil ishi
1-mavzu: Islоmning asоsi (ruknlari) va tasavvuf yo`llari Shariat bilan tariqat orasidagi masala g’oyat nozik masaladir. Bu jihatni anglamagan odam shubhasiz biror tomonga putur yetkazishi mumkin. Chinakam musulmon bo’lgan, islomni chuqur anglab, uning ma’rifati, hikmat va falsafasidan bahramand bo’lgan, musulmonlikni Alloh yodida pok yashash deb bilgan kishi hech qachon tariqatni o’ziga yot deb bilmaydi. Musulmonlikni faqat rasm-rusmlar, odatlar va boshqa tashqi belgilar yig’indisi deb biluvchi kishi uchun, turgan gap, tariqat mavhum va hatto zararli narsa bo’lib tuyuladi. Bu o’rinda shuni aytish kerakki, shariat ahlining hammasini ham tariqat bilan kurashib kelgan, tariqatga muxolif bo’lgan deb ayta olmaymiz. Ko’pgina shariat peshvolari tariqat ahliga hurmat bilan qaraganlar, shayxlar bilan do’stlashganlar. Bundan tashqari, darvesh sulukiga kirgan faqihlar, shayxulislomlar, obidlar bor edi, masjidlar va xonaqolar orasida aloqa bo’lib turardi.
Shunga qaramay, shariat va tariqat ahllari orasida muxoliflik davom etib keldi. Zohirbin ulamolar nazdida surunkali taqvo, doimiy ro’za, riyozat uchun o’zini qiynoqlarga solish Hazrati Payg’ambarimiz (s.a.v.) sunnatlariga xilof. Inson hayotdan, ya’ni Alloh bergan ne’matlardan bahramand bo’lishi va ham o’z Tangrisiga shukrona sifatida toat-ibodat bilan shug’ullanishi, bandalik xizmatini bajarib turishi lozim. O’zini qiynoqlarga solish Allohga xush kelmaydigan ishdir, deydi shariat ahli.
Ammo muxolifatning bosh sababi bu emas edi, zohidlar, «osoyishta» so’fiylar shariat ahlini unchalik bezovta qilmaganlar. Shariat ahliga tashvish keltirgan narsa – bu tasavvufning fano, tavhid, ishq va vasl kabi g’oyalari edi. Chunki mazkur tushunchalar hurfikrlilikni, haqiqatni izlash yo’lidagi mantiqiy-tafakkuriy jihatni kuchaytirar, vahdat, ruh, Iloh va inson haqida teranroq bilim berar, olam asrorini anglashga yo’l ochardi. Bu esa zohiriy bilim bilangina cheklangan odamlarga yoqmasdi. Boz ustiga, Haq ishqida bexudu devona bo’lgan valiylarning «shathiyot»lari, ya’ni zohirda «kufr» bo’lib ko’ringan gaplari (chunonchi, Hallojning: «Analhaq» deyishi, Boyazidning «Sharaflanganman, sharaflanganman, sha’nu sharaf menga» degan gapi, Mashrabning «Yorsiz ham bodasiz Makkaga bormoq na kerak, Boshimga urayinmu Ibrohimdan qolg’on ul eski do’konni» deyishi) tabiiyki aqidaparast kishilarni tash-vishga solar va ular buni iymondan chekinish deb baholardilar.
Shuning oqibati bo’ldiki, tasavvuf maslagining eng yorqin fikrli aziz farzandlari Mansur Halloj, Yah’yo Suhravardiy, Aynulquzzot Hamadoniy, Imomiddin Nasimiy, Badriddin Hiloliy, Boborahim Mashrab muqallid ulamolar fatvosi bilan rasmiy ravishda qatl etildilar. Mansur va Suhravardiyning bir necha shogirdlari ham qatl etilgan.