12-Mavzu:Tasavvuf timsоllarining badiiy ijоdga ko`chishi. Atoqli tarjimashunos olim, navoiy ijodi va tasavvuf ilmining yetuk bilimdoni Najmiddin Komilov 1939 yilda tug’ilgan. Samarqand Davlat universitetining filologiya fakul’tetini tugatgan (1965). 1965-1967 mazkur universitetn gazetasida ishladi. 1967-1970 O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi. 1970 yili “Muhammadrizo Ogahiyning tarjimonlik mahorati” mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyasini, 1988 yili esa “Xorazm tarjima maktabi (XIX asr tarjima tarixini tipologik va qiyosiy tadqiq etish muammolari)” mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.1970-1971 yillari O’zbekiston milliy entsiklopediyasi Bosh muharririyatida, 1971-1993 Toshkent Davlat (bugungi Milliy) universitetida, 1993-1994 yillari Toshkent Sharqshunoslik institutida faoliyat yuritdi. 1991 yili professor ilmiy unvonini oldi.Tarjima tarixi, nazariyasi, qiyosiy adabiyotshunoslik va tasavvuf ta’limotini tadqiq etgan yirik mutaxassis, bir qancha asarlarning mohir tarjimoni. 2012 yili vafot etgan. Tasavvufning Sharqda keng tarqalishiga bois uning arab, fors va turkiy tillarda buyuk bir she’riyatni vujudga keltirishidir. VIII-IX asrlarda Robiya Adaviya, Mansur Halloj singari ulug’ sufiylar ijodi bilan boshlangan sufiy ash’or XII asrlarga kelib ulkan bir adabiyotga aylandi, o’ziga xos obrazlar, timsollar olami, alohida ramzlar, uslub va usullar shakllandi. Olimlar tasavvufning adabiyot bilan yaqinlashish sabablarini ko’proq sufiylarning raqsu samo’ majlislari bilan bog’laydilar. Biroq, aytish kerakki,sabab faqat shundan iborat emas. To’g’ri, tasavvuf shayxlari muridlariga ta’sir etish uchun ruboiy, g’azal kabi kichik she’riy janrlardan foydalanganlar. Ba’zan o’zlari sufiyona g’oyalarga mos asarlar ijod qilib, aksar holda esa xalq orasida yurgan og’zaki ijod namunalari va mashhur shoirlarning she’rlaridan foydalanib, suhbatlarini qizitganlar, so’zlarga yangi ma’no berib, sufiyona g’oyalar ruhida talqin va tafsir qilib, eshituvchilarni hayajonga solganlar. Bu – masalaning bir tomoni, ya’ni tasavvufning adabiyotga intilishi. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Gap shundaki, adabiyot ham tasavvuf tomonga qarab intilgan. Tasavvuf g’oyalari keng tarqalgandan keyin u gumanist shoirlarning qalbini rom etdi. Tasavvufning pok ilohiy ishq haqidagi, haq va haqiqat, najib insoniy xislatlar, komolot kasb etish haqidagi g’oyalari she’riyat g’oyalariga aylandi – shoirlar qizg’in bir ruh, ko’ngil amri bilan irfoniy g’oyalarni kuylaydilar, hisobsiz lirik she’rlar, jahonga mashhur dostonlar, qissalar yaratildi. Tasavvufning behudlik va ishq kontseptsiyasi, soflik adolat va haqiqat timsoli – Mutlaq Ilohga muhabbat zavqi ijod ahliga qattiq ta’sir etdi. Insoniyat g’am bilan qalbi dardga to’lgan isyonkor ruhdagi shoirlarni bir ohangraboday o’ziga tortib o’rtanishli, his-hayajonga serob ajoyib she’riyatni vujudga keltirdi. Bu she’riyatning markaziy qahramoni – rindi bebok, Mansur Halloj e’tiqodiga imon keltirgan, o’zini barkamollik cho’qqisida ko’rgan, ruhan ozod kish edi. Uning zavqi, iztirob-kechinmalari, xayoliy romantik olamga intilishi maxsus ifodalar va ko’p ma’noli ramziy iboralar bilan tasvirlanadigan bo’ldi. Sufiyona adabiyotning tasvir mavzui (ob’ekti) tariqat yo’li bilan poklanayotgan va tinmay komillik sari taraqqiy etayotgan Inson bo’lgani uchun ana shu solik – yo’lovchi Insonning dunyoqarashi, estetikasi, kechinmalar olami muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Tasavvufiy adabiyotning barcha ko’rinishlari, janrlarida ana shu solik Insonning tuyg’ulari, tushunchasi tasvirga olinadi, uni tarbiyalash, unga Haqni va o’zligini tushuntirish, turli rivoyat va hikoyatlar keltirish, o’git-nasihatlar qilish bilan uning ongi va qalbiga yo’l topish bosh masala qilib olinadi. Tasavvuf o’zi buyuk bir romantik olamdir. Olamni mutlaq Parvardigorning ijodi deb qarash, dunyoni Ilohning ko’zgusi deb tushuntirish va barcha go’zalliklar, qudratni Ilohdan deb hisoblash, Borliqni romantik ranglarda, shoirona xayoliy surat – timsollar tarzida, ilohiy nurning porlashidan doimiy harakatda va ijodda deb tasavvur etish – o’zi bir Buyuk Poeziyadir. Jami go’zalliklar, yaxshilik va ezgulik manbai mutlaq Iloh. Qudrat va kuch, harakat va faoliyat ham Undan. Dunyodagi jami husnu jamol – Uning jamolining aksi. Inson go’zalligi Uning jamolining jilvasi, bu Jamol olamda qancha ko’p jilo etgan bo’lsa, u shuncha go’zal bo’la oladi. Inson ruhining go’zallikka, nafosatga tashnaligi Iloh go’zalligiga tashnalik oqibatidir. Va yana buning ichida moddiy go’zallik va ma’naviy go’zallik, g’oya va fikr go’zalligi ham ajralib, e’tiborga olinadi. Xullas, go’zallikdan maqsad tafakkur go’zalligi, ma’naviy go’zallikni anglamoq, oliy javhar – Ruhiy azaliga narsalarning go’zalligini qabul qilmoqdir… Go’zallik ideali, qudrat ideali, poklik ideali, abadiylik ideali – jami ideallar ideali Uning O’zi. G’ayrat ham O’shandan, qudrat va shijoat ham, hayot nafosati ham undan. Jonli va jonsiz har bir narsada, hayotning o’zida Iloh qudratini mushohada etish, Uning go’zalligidan hayratlanib, jo’shib, olam-olam zavq olish, Ilohni yori aziz, do’st deb bilish, Unga suyanish, rozi dil aytish – mana sufiy shoirning estetik dunyosi, hayot mazmuni!