Xo’jalik jamiyati va shirkatining mulki. Yuridik shaxs hisoblangan xo’jalik jamiyati va shirkatining mulki qatnashchilarning qo’shgan hissasi hisobidan, xo’jalik faoliyati natijasida olingan hamda qonunda man etilmagan boshqa asoslarda ular tomonidan qo’lga kiritilgan mol-mulkdan hosil bo’ladi. Xo’jalik jamiyati va shirkati qatnashchisi qo’shgan hissa tarkibiga asosiy va axborot fondlar, pul mablag’lari va qimmatli qog’ozlar, o’zga mol-mulk hamda mulkiy huquqlar kirishi mumkin. Yuridik va jismoniy shaxslar, davlat boshqaruvi idoralari, basharti, O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida boshqa qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, xo’jalik jamiyatining va shirkatining qatnashchilari bo’lishi mumkin. Aktsiyali jamiyat aktsiyalar sotish hisobiga hosil bo’lgan, shuningdek o’z xo’jalik faoliyati natijasida olingan va qonunda man etilmagan boshqa asoslarga binoan qo’lga kiritilgan mol-mulkning egasidir.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, davlat boshqaruvi idoralari, O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, ajnabiy davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari, basharti, O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida boshqa qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, aktsiya egalari bo’lishlari mumkin. Davlat korxonasi vakolat berilgan davlat idorasining qaroriga asosan korxonaning butun mol-mulki qiymati miqdorida aktsiya chiqarib, aktsiyali jamiyatga aylantirilishi mumkin. Aktsiyalarni sotishdan olingan mablag’ davlat korxonasining qo’langanidan keyin tegishli byudjetga tushadi.
Xo’jalik uyushmalari (birlashmalari)ning mulki.Korxona va tashkilotlarning xo’jalik uyushmasi (shu jumladan kontsern, tarmoq, tarmoqlararo va territorial birlashma) unga korxona va tashkilotlar ixtiyoriy ravishda bergan, shuningdek uning o’z xo’jalik faoliyati natijasida olingan mol-mulkning egasidir. Xo’jalik uyushmasi unga kiruvchi korxona va tashkilotlarning mol-mulkiga egalik qilish huquqiga ega emas. Xo’jalik uyushmasining faoliyati to’xtatilgandan keyin qolgan mol-mulk unga kirgan korxona va tashkilotlar o’rtasida kelishuv asosida hamda ularning qo’shgan hissalarini (ulushlarini) ehtiborga olgan holda taqsimlanadi.