4-modda. Bilim olish huquqi Jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e'tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqyei, turar joyi, O‘zbekiston Respublikasi hududida qancha vaqt yashayotganligidan qat'i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanadi. Bilim olish huquqi:
davlat va nodavlat ta'lim muassasalarini rivojlantirish; ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda ta'lim olishni tashkil etish; ta'lim va kadrlar tayyorlash davlat dasturlari asosida bepul o‘qitish, shuningdek ta'lim muassasalarida shartnoma asosida to‘lov evaziga kasb-hunar o‘rgatish; barcha turdagi ta'lim muassasalarining bitiruvchilari keyingi bosqichdagi o‘quv yurtlariga kirishda teng huquqlarga ega bo‘lishi;
oilada yoki o‘zi mustaqil ravishda bilim olgan fuqarolarga akkreditatsiyadan o‘tgan ta'lim muassasalarida eksternat tartibida attestatsiyadan o‘tish huquqini berish orqali ta'minlanadi. Boshqa davlatlarning fuqarolari O‘zbekiston Respublikasida xalqaro shartnomalarga muvofiq bilim olish huquqiga ega. Respublikada istiqomat qilayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilim olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlarga ega.
5-modda. Pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi Tegishli ma'lumoti, kasb tayyorgarligi bor va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega. Pedagog xodimlarni oliy o‘quv yurtlariga ishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizomga muvofiq tanlov asosida amalga oshiriladi. Pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish sud hukmiga asosan man etilgan shaxslarning ta'lim muassasalarida bu faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
6-modda. Ta'lim muassasasining huquqiy maqomi Ta'lim muassasasini akkreditatsiyalash vakolatli davlat organi tomonidan attestatsiyaga asosan amalga oshiriladi. Ta'lim muassasasi yuridik shaxs bo‘lib, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda barpo etiladi. Nodavlat ta'lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan paytdan boshlab yuridik shaxs huquqlari va ta'lim faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi. Ta'lim muassasasi qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan ustav asosida faoliyat ko‘rsatadi. Ta'lim muassasasi attestatsiya natijalariga binoan davlat akkreditatsiyasidan mahrum etilishi mumkin. Ta'lim muassasalari o‘quv-tarbiya majmuilariga hamda o‘quv-ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari va uyushmalariga birlashishga haqli. Ta'lim muassasalari ustavda belgilangan vazifalariga muvofiq pulli ta'lim xizmatlari ko‘rsatish, shuningdek tadbirkorlik faoliyatining boshqa turlari bilan shug‘ullanishga haqli.