Har qaysi o‘quv fani uchun yaratiladigan darslikda ilmiy bilimlar tizimi va uning hajmi dastur talablariga hamda shu sinf o‘quvchilarining yosh xususiyatlariga mos keladigan bo‘lishi kerak.
Darslikda bayon kilingan ilmiy bilimlarning nazariy asoslari va g‘oyaviy yo‘nalishi tizimli va izchil bo‘lishi, darslikda keltirilgan dalillarning ishonchli bo‘lishi, ular to‘g‘ri tahlil, anik ta’rif etilishi, tegishli xulosalar chikarilishi hamda shu orqali o‘quvchilarda ilmiy dunyoqarash, eng yaxshi insoniy fazilatlar tarkib topishini ta’kidlashi lozim.
Nazariy bilimlar ishlab chiqarish amaliyoti bilan bog‘langan bo‘lishi kerak.
Darslikda bayon kilinayotgan materialning xarakteriga bog‘liq holda tegishli qoida va ta’riflar berilishi, dalillar keltirilishi hamda darslik yaxshi bezatilgan bo‘lishi, ba’zi materiallar rasm, sxema, diagramma va boshka illyustratsiyalar bilan boyitilishi talab etiladi.
Darslik o‘quvchilar tushunishi oson bo‘lgan jonli tilda yozilishi, ayni zamonda fikrlar anik va qisqa bo‘lishi kerak.
Darslikda ta’lim mazmunining muhim komponentlari o‘z ifodasini topgan bo‘lishi lozim: tabiat, jamiyat, texnika, insoniyat, faoliyat usullari, tushuncha va iboralar to‘g‘risidagi nazariy bilimlar, nazariya va qonuniyatlar, metodologik va qimmatli fikrlar bo‘lishi kerak.
Darslik materiallari o‘quvchilarda ilmiy dunyoqarash, ma’naviyat, axloqiy-hulqiy tushuncha va odatlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Unda materiallarning izchil, sistemali bayon etilishiga, bilish metodlari bilan uzviy bo‘lishiga e’tiborni qaratish kerak.
Darslikda o‘quvchi ijodiy qobiliyatini, bilish imkoniyatlarini oshirish, mustaqil bilishni shakllantirish yuzasidan topshiriqlar, ko‘rsatma, yo‘l-yo‘riqlar, tavsiyalar beriladi.