O‘rgatish - tarbiyalanuvchiga biror ish-harakat (masalan, turli joy va vaziyatlarda o‘zini tutishni, gapirishni va boshqalar) bajarish usulini, yo‘l-yo‘rug‘ini tushuntirish, bildirish va shu ishni mustaqil bajara oladigan qilish. Mazkur metodni to‘g‘ri qo‘llash qoidalariga quyidagilar kiradi: Tarbiyachi va tarbiyalanuvchilar tarbiya maqsadini aniq tasavvurga ega bo‘lishlari lozim. Ayniqsa, tarbiyalanuvchi o‘ rgatilayotgan ish-harakatning nima uchun xizmat qilishini tushunib etmasa, tarbiyachining harakati zoe ketadi.
Ish-harakatni bajarishga o‘rgatishda buyruqqa emas, tushuntirishga asoslanish lozim. Masalan: «Qo‘shnilar bilan salomlashib yursang, ular seni yaxshi ko‘rishadi», «Seni chiroyli kuladi deyishlari uchun tishlaringni yuvib yurishing kerak» va boshqalar.
Tarbiyalanuvchilarga o‘rgatiladigan ish-harakat uchun maqbul vaqt va miqdor hisobga olinishi lozim. Odatlantirish uchun ma’lum muddat zarur, shoshilish kerak emas. Dastlab tarbiyalanuvchini harakatlarni to‘g‘ri bajarishi haqidagi qayg‘urish, keyin uni tez amalga oshirishiga intilish zarur.
Tarbiyalanuvchiga harakatlar qanday bajarilishini, natijasi nima bilan tugashini ko‘rsatib berish lozim. Masalan, toza va iflos poyabzal, silliq va g‘ijimlangan kiyimni taqqoslab ko‘rsatish orqali tarbiyalanuvchini bunday holatlarni bartaraf etishga o‘rgatib borish mumkin.
O‘rgatish doimiy nazoratni talab etadi. Nazorat chin ko‘ngildan, qiziqish bilan amalga oshirilishi, zarda-jahl tarzida bo‘lmasligi hamda o‘z-o‘zini nazorat qilish bilan uyg‘unlikda olib borilishi lozim.
O‘rgatish o‘yin orqali amalga oshirilsa, yaxshi samara beradi. O‘ yinda tarbiyalanuvchi belgilangan qoidalarni boshqalarning majburlashisiz ham o‘z xohishiga ko‘ra bajaradi.