Changchining tuzilishi. Changchi gulining asosiy qismlaridan biri, bo‘lib, unda ko‘plab mikrospora – chang hosil bo‘ladi.Changchi gultoji barglardan keyin joylashgan bo‘lib, uchinchi qatorni tashkil qiladi, shakli va soni esa, turlicha bo‘ladi. Shu sababli, o‘simliklar sistematikasini o‘rganishda bu qism muhim belgi bo‘lib, hisoblanadi.
Changchi uch qismdan: changdon, bog‘lovchi va chang ipidan iborat bo‘ladi. Changdonning bog‘lovchi qismi uni chang ipi bilan birlashtirib turadi. Changchilar yig‘indisi androtsey deb ataladi, ular alohida-alohida gulqo‘rg‘ondan ichkarigi qismda joylashadi. Masalan, olma, nok, olcha va shu kabilarda. Bundan tashqari, bir nechta androtsey o‘zaro tutashib ketgan bo‘lishi mumkin. Masalan, gulxayri, g‘o‘zada. Dukkakdoshlar oilasi vakillarida esa, androtsey o‘nta bo‘lib, to‘qkiztasi o‘zaro tutashib o‘sib, bittasi erkin holda bo‘ladi.
Changdonning tuzilishi. Changdon epiderma, fibroz, tapetum va o‘tkazuvchi to‘qimalardan tashqil topgan. Epiderma changdon sirtini o‘rab turadi. Fibroz epidermaga nisbatan perpendikulyar ravishda ichkaridan tik holatda joylashgan. Tapetum changdonning zapas oziq moddalarga boy bo‘lgan ichki qavati hisoblanadi. U chang etilishida katta ahamiyatga ega. Tapetum parenxima hujayralardan iborat bo‘lib, chang xonalari atrofida joylashgan.
Changdonning markaziy qismida o‘tkazuvchi to‘qima joylashgan, u suv va organiq moddalarni o‘tkazish funksiyasini bajaradi.
Changning tuzilishi. Changdonning markaziy qismida chang — mikrosporalar shakllanadi. Ularning shakli ovalsimon, yumaloq, uch qirrali, ko‘p qirrali, tayokchasimon, kubsimon, ipsimon, qanotchali va tikanli bo‘ladi. O‘simliklar turiga qarab, changning yirik-maydaligi turlicha bo‘ladi. Masalan, 0,008 mm dan 0,2 mm gacha etadi. Chang asosan sarg‘ish rangda bo‘ladi, ayrim hollarda qizil, qo‘ng‘ir, ko‘k va oq ranglilari ham uchraydi.
Changni mikroskopning katta ob’ektivida kuzatsak, ikki qavatdan tashkil topganini ko‘ramiz. Tashqi qavati kutikuladan iborat bo‘lib, ekzina deb atalsa, ichki qavati yupqa va pektin moddasiga boy bo‘lib, intina deb ataladi. Tarkibida har xil kattalikdagi ikkita hujayra bo‘lib, uning yirigi vegetativ hujayra bo‘lib, u chang naychasini hosil qiladi, lekin urug‘lanishda ishtirok etmaydi. Ikkinchisi kichik bo‘lib, generativ hujayradir; u rivojlanish bosqichida yadrosi bo‘linib, ikkita generativ yadro — spermiya hosil qiladi va urug‘lanishda ishtirok etadi.
Topshiriq. To‘liq va to‘liq bo‘lmagan, to‘g‘ri va noto‘g‘ri gullarni aniqlang. Changchining morfologik tuzilishini lupada ko‘rib, analiz qiling. Mikroskopda changchining anatomik tuzilishini ko‘rib o‘rganing. Rasmini chizib oling va qismlarini nomlang.