Maxsus ta’lim imkoniyati cheklangan bolalar uchun ta’lim tizimi sifatida rivojlangan. Ushbu ta’lim imkoniyati cheklangan bolalarning ehtiyojlarini umumta’lim muasasalarida qondirib bulmaydi degan taxminlar asosida qurilgan. Maxsus ta’lim butun dunyoda maktab yoki internat shaklida, shuningdek umumta’lim maktablarining uncha katta bo‘lmagan qismi sifatida faoliyat yuritadi.
Imkoniyati cheklangan bolalarning maxsus ta’lim tizimida o‘qitilishi ularning maktabni tugatgach ijtimoiy jamiyatga moslashib ketishlarini qiyinlashtiradi. Shuningdek, ularning o‘z oilasidan uzoqda bo‘lishga majbur qiladi. Bu toifa bolalar boqimandalikka o‘rganib qoladilar, o‘z-o‘ziga xizmat qilishlarida qiyinchiliklarga duch keladilar. Bundan tashqari juda ko‘plab maxsus ehtiyojli bolalar ta’limdan chetda qolib ketmoqdalar. Hozirgi kunda Respublikamizda alohida yordamga muhtoj bolalarning rivojlanish darajasi, imkoniyati, nuqson xususiyatlari va qobiliyatlariga ko‘ra maxsus yoki umumta’lim tizimida ta’lim olishini amalga oshirish maqsadida inkyuziv ta’lim siyosati faol amalga oshirilmoqda.
Inklyuziv ta’lim madaniyati. «Salamanka deklaratsiyasi»ga muvofiq, har bir o‘quvchining tafovut, xususiyatlarini qo‘llab- quvvatlovchi va ma’qullovchi islohot sifatida qarashadi. Uning maqsadi, jinsi, irqi, madaniyati, ijtimoiy millati, dini, individual imkoniyat va qobiliyatidagi tafovutlar oqibatida yuzaga keladigan ijtimoiy segregatsiyaga yo‘l qo‘ymaslikdir. Biroq bu kontsepsiya universal foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lib chiqdi. Dunyo bo‘yicha maktablarda inklyuzivga ko‘pincha umumta’lim maktablarida nogironlarni o‘zlarining tengdoshlari bilan birga ta’lim olish deb qaraladi. Biroq inklyuziv ta’limning mazmun-mohiyati to‘g‘risidagi bilim va ma’lumotlar hali jamiyatda yetarli emas. «Inklyuziv» va «integratsiyalashgan» atamalari ko‘pincha bir xil ma’noda ishlatiladi.
Nogiron bolani oddiy sharoitga joylashtirish integratsiyaga qarab qo‘yilgan birinchi qadamdir. Imkoniyati heklangan bolalarning umumta’lim muasasalari tarkibiga qamrab olinishi jahon miqyosida «inklyuziv» yoki «integratsion» ta’lim atamalari bilan ataladi. Integratsiyalashgan ta’lim bu – diqqat markazida bolaning aynan maktabga kelib-ketish muammosi turgan, maxsus ehtiyojli bolaning maktabga qatnash jarayonidir.
Integratsiyalashgan ta’limda bolaga alohida yordamga nuhtoj shaxs sifatida qaraladi. Bu ta’lim tizimining quyidagicha shakllari mavjud:
Jismoniy integratsiya. Integratsiyaning bu shakli nogiron va nogiron bo‘lmagan bolalar urtasidagi jismoniy farqni kamaytirishga qaratilgan. Oddiy maktab bilan yonma-yon joyda nogiron bolalar uchun maxsus bo‘lim yoki sinf tashkil qilish mumkin.
Funksional integratsiya. Bu shakl nogiron va nogiron bo‘lmagan bolalar o‘rtasidagi funksional muammolarni kamaytirishga qaratilgan.