Pedagogik mahoratning tarkibiy qismlari. Pedagogik mahorat yaxlit tizim sifatida quyidagi tarkibiy qismlardan iborat bo‘ladi (3-rasm):
pedagog shaxsini insonparvarlik yo‘nalishiga ega bo‘lishi, uning qiziqishlari, qadriyat yo‘nalishlari va ideallarining oliy maqsad-barkamol avlod tarbiyalashga yo‘naltirilganligi;
mutaxasislik fanlari, o‘qitish metodikasi, pedagogikapsixologiyadan mukammal bilimga ega bo‘lish;
pedagogik qobiliyatga ega bo‘lish (muloqotga moyillik, ishchanlik, kelajakni tasavvur qila olish, kasbiy mustaqillik, sensor axborotlarni tezlik bilan anglash (yuzidan uqib olish);
pedagogik madaniyat va texnikani egallash, ya’ni o‘z-o‘zini boshqara olish, o‘zaro ta’sir etish va hamkorlikda ishlashni uddalash.
3-rasm. Pedagogik mahoratning tarkibiy qismlari N.M.Egamberdiyevaning fikricha, pedagog shaxsining insonparvar yo‘nalganligi quyidagilarda yorqin namoyon bo‘ladi:
Ta’lim maqsadi, o‘quv-tarbiya jarayonining shaxsga yo‘naltirilganligi sifatidagi shaxsga yangicha qarash: 1) shaxs pedagogik jarayonning obyekti emas, subyekti sifatida aks etadi; 2) shaxs – qandaydir tashqi maqsadlarga erishish vositasi emas, ta’lim tizimi maqsadi; 3) har bir o‘quvchi qobiliyatli, ko‘plab o‘quvchilar iqtidorli; 4) shaxsning muhim sifatlari sifatida yuksak axloqiy qadriyatlar (yaxshilik, sevgi, mehnatsevarlik, vijdon, qadr-qimmat, fuqarolik va boshqalar) aks etadi.
Pedagogik munosabatlarni insonparvarlashtirish va demokratlashtirish: 1) pedagogik muhabbat, o‘quvchilar taqdiriga qiziqish bilan qarash; 2) o‘quvchiga yuksak ishonch bilan qarash; 3) hamkorlik, muloqot mahorati; 4) to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburlashdan voz kechish; 5) ijobiy rag‘batlantirishning muhimligi; 6) o‘quvchi shaxsiga ta’lim subyekti, faollik va erkin tanlash sohibi sifatidagi munosabat; 7) o‘qituvchi va o‘quvchi huquqlarini tenglashtirish; o‘quvchining erkin tanlashga bo‘lgan huquqi tushuniladi.
Zamonaviy sharoitda to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburlashdan natija bermaydigan metod sifatida voz kechish. Majburlashsiz o‘qitish quyidagilar bilan tavsiflanadi: 1) majburlovsiz, ishonchga asoslangan talabchanlik; 2) o‘qitishga tug‘ma qiziqishlarni ko‘payganligi; 3) majburlashning o‘rnini muvafaqqiyatga erishishga imkon beradigan istak bilan almashtirish; 4) o‘quvchilarni erkinlik va tashabbuskorlikka qo‘yib berilishi; 5) jamoa orqali bilvosita o‘quvchilarning qo‘llanilishi; 6) o‘quvchilarga ularning subyektivligi, o‘z-o‘zini namoyon etishi, ijtimoiylashuvi, madaniy tenglashuvi, hayotiy o‘z o‘rnini belgilashiga yordam ko‘rsatish, pedagogik qo‘llab-quvvatlash.
Individual yondashuvni yangicha talqin etish: 1) “o‘quv fanidan o‘quvchiga qarab borish emas, o‘quvchidan o‘quv faniga borish” tamoyilining bajarilishi; 2) o‘quvchilarning qobiliyatlari va mavjud imkoniyatlarini hisobga olgan holda o‘qitish; 3) o‘rtacha o‘zlashtiruvchi o‘quvchiga yo‘nalganlikdan voz kechish; shaxsning eng yaxshi sifatlarini izlash; 4) shaxsni psixologik-pedagogik tashxis etish (qiziqishlari, qobiliyatlari, yo‘nalganligi, Menqontseptsiyasi, xarakteri, fikrlash jarayonlarining o‘ziga xosligi)ning qo‘llanilishi; 5) shaxsning o‘quv-tarbiya jarayonidagi o‘ziga xosliklarini hisobga olish.
Ijobiy ma’nodagi “Men-kontseptsiyasi”ni shakllantirish: 1) pedagogik muloqotning o‘quvchilarda o‘ziga ijobiy munosabatni rivojlantirishning yo‘nalganligi; 2) hayotiy faoliyatning ijobiy yo‘lyo‘riq va motivlarini shakllantirish.
Pedagogik mahorat o‘z ichiga bolalar haqidagi, ularning psixologiyasi to‘g`risidagi, maktab haqidagi, ta’lim-tarbiya jarayonlarini tashkil etish va uning mazmuni, metodlari haqidagi keng bilimlarni qamrab oladi. Bu bilimlar umumiy pedagogik madaniyatni tashkil etadi, o‘qituvchi, tarbiyachi bu madaniyatni egallamasa, hech vaqt o‘z ishining chinakam ustasi bo‘la olmaydi, yomon, eski usuldan, bir qolipdagi tayyor andozalarni ishlatishdan nariga o‘tmaydi.
Pedagogik mahoratning asosi pedagogik bilimdonlikdir. Pedagogik bilimdonlik deganda konkret tarixiy davrda qabul qilingan me’yorlar (normalar), standartlar va talablarga muvofiq pedagogik vazifani bajarishga qobillik va tayyorlik bilan belgilanadigan integral kasbiy-shaxsiy tavsifnoma tushuniladi. Kasbiy-pedagogik bilimdonlik deganda esa, pedagogik voqelikni izchil idrok eta bilish va unda izchil harakat qila olish malakasini qamrab oladi. N.Azizxo‘jayeva takidlab o‘tganidek, bu xislat pedagogik jarayon mantig‘ining yaxlitligicha va butun tuzilmasi bilan birgalikda ko‘ra olish, pedagogik tizimning rivojlanish qonuniyatlari va yo‘nalishlarini tushunish imkoniyatini ta’minlaydi, maqsadga muvofiq faoliyatni konstruktsiyalashni osonlashtiradi.