48-modda. Ta’lim oluvchilarning majburiyatlari Ta’lim oluvchilar:
o‘quv dasturlari asosida bilim, malaka va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishi, mashg‘ulotlarga qatnashishi, ularga mustaqil tayyorgarlik ko‘rishi, pedagog xodimlarning topshiriqlarini bajarishi;
ta’lim-tarbiya jarayonining boshqa ishtirokchilariga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlik ishlatmasligi va ularning o‘z majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilmasligi;
ustav (ta’sis hujjati) talablariga, ichki tartib-qoidalariga, vaqtincha yashash joylari qoidalariga va ta’lim faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirishga oid boshqa ichki hujjatlar talablariga rioya etishi;
axloqiy, ma’naviy va jismoniy kamol topishga hamda o‘z dunyoqarashini kengaytirishga intilishi;
ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini hurmat qilishi;
ta’lim tashkilotining mol-mulkini, moddiy va madaniy boyliklarini asrashi shart.
Ta’lim oluvchilarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
49-modda. Ta’lim oluvchilarning kiyim-boshiga nisbatan qo‘yiladigan talablar. Ta’lim tashkilotlarida ta’lim oluvchilarning kiyim-boshiga doir talablar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Ta’lim oluvchilarning ayrim toifalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan kiyim-bosh bilan ta’minlanadi.
50-modda. Ta’lim tashkilotlarida ta’lim oluvchilarni vaqtincha yashash joylari bilan ta’minlash Kunduzgi ta’lim shaklidagi ta’lim tashkilotida ta’lim oluvchilarga, shuningdek sirtqi ta’lim shaklida yakuniy va oraliq attestatsiya davrida vaqtincha yashash joylari, ular mavjud bo‘lgan taqdirda beriladi.
Vaqtincha yashash joylari ta’lim oluvchilarga ta’lim tashkiloti tomonidan belgilangan tartibga muvofiq beriladi.
Vaqtincha yashash joylariga muhtojlar mavjud bo‘lgan hollarda, ushbu joylardan boshqa maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Vaqtincha yashash joylaridan foydalanish uchun ta’lim tashkiloti bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq haq to‘lanadi.
Vaqtincha yashash joyidan foydalanganlik uchun to‘lov miqdori ta’lim tashkiloti tomonidan belgilanadi.
Davlat ta’lim muasasalari ayrim turdagi ta’lim oluvchilar uchun vaqtincha yashash joyidan foydalanganlik uchun to‘lov qiymatini kamaytirishga yoki ularni to‘lovdan to‘liq ozod qilishga haqli. Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, shuningdek o‘qitish davrida yetim bo‘lib qolgan bolalar, jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar (shaxslar) vaqtincha yashash joyidan foydalanganlik uchun haq to‘lashdan ozod qilinadi.