SHahar maktablarining vujudga kelishi. G‘arbiy yevropada XII—XIII asrlarda hunarmandchilik va savdoning rivojlanishi shaharlarning o‘sishiga va shahar madaniyatining vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. SHaharning asosiy aholisini tashkil qiluvchi hunarmand va savdogarlar o‘z bolalariga amaliy faoliyat uchun zarur bo‘lgan bilim berishni istar edilar. Ular o‘sha davrlarda cherkov maktablaridan qanoatlanmadilar. Hunarmandlar sexlarga uyushib, o‘zlarining sex maktablarini ocha boshladilar, bunday maktablarda hunarmandlarning bolalariga o‘z ona tillarida o‘qish va yozish, hisob va din o‘rgatilar edi: hunar esa uyda — otalarining ustaxonasida o‘rgatilar edi. Gildiyalarga uyushgan savdogarlar ham o‘zlarining gildiya maktablarini ocha boshladilar va o‘z bolalariga dastur asosida bilim bera boshladilar. Keyinroq borib sex va gildiya maktablari magistrat maktablariga, ya’ni shahar boshqarmasi (magistrat) harajatidagi maktablarga aylandi.
Bu maktablarning mudir va o‘qituvchilari tegishli sex, gildiya va magistratura tomonidan tayinlanardilar va ular cherkovga qaram emas edilar. Bu maktablarda pul to‘lab o‘qilardi.
Yevropada dastlabki universitetlar hamda Akademiyalarning tashkil topishi va ulardagi ta’lim tizimi. yevropada birinchi universitetlar XII asrning ikkinchi yarmida Italiyada (Bolonya shahrida), Angliyada (Oksford shahrida), Fransiyada (Parijda) tashkil qilindi. Bu universitetlar dastlab profesor va studentlarning mustaqil idora qilinadigan uyushmasi (korporatsiyasi)dan iborat edi. Keyinchalik XIII asrda bu korporatsiyalar o‘z-o‘zini idora qilish huquqini saqlab qolgan holda davlat tomonidan rasmiy tasdiqlandi. CHerkov esa universitetni tamomlagan studentlarga ilmiy daraja va o‘qituvchilik huquqini berishni o‘z ixtiyoriga oldi. Ana shu tariqa universitetlar rasmiy o‘quv muasasasiga aylanib qoldi. XIV—XV asrlarga kelib universitetlar yevropa mamlkatlarining hammasida ochilgan edi.
O‘rta asr universitetlarida to‘rt fakultet bo‘lar edi. Tayyorlov fakultetida «etti erkin san’at» (travium va kvadrilium) fanlari o‘qitilar edi. Bu fakultet o‘rta maktab vazifasini bajarardi. Bu fakultetda 6—7 yil o‘qib, «san’at magistri» darajasini olar edi. SHundan so‘ng ular asosiy uch fakultetdan birida: ilohiyot, meditsina yoki yuridik fakultetida o‘qishni davom ettirish imkonyatiga ega bo‘lar edi. Bu faultetlarda o‘qish muddati 5—6 yil bo‘lib, uni tamomlaganlar doktor, yoki olim unvonini olar edi.
O‘rta asr universitetlari cherkov nazorati ostida ishlaganliklari oqibatida sxolistika ruhidagi maktabga aylanib qolgan edilar. Bunda atrof-tevarakda real fakt va hodisalarni o‘rganish bilan emas, balki cherkov ruhoniylari tomonidan ma’qullangan va tavsiya qilingan kitoblarni yodlab olish bilan shug‘ullanardilar. SHu sababdan bunda o‘qish quruq qiroatxonlikdan iborat bo‘lib qoldi. Universitetlarda o‘qitish metodlari leksiya, cherkov tomonidan tasdiqlangan darslik va asarlarni yodlash va disput (munozara)lardan iborat edi. Universitetlarda o‘qish faqat lotin tilida olib borilar edi.
Universitet ta’limining va undagi metodlarning sxolastik mazmunidan qat’i nazar, O‘rta asr universitetlari yevropa madaniyatining rivojlanishida katta rol o‘ynaydi. Ular ma’rifat tarqatish va o‘sha davrdagi ma’lumotli kishilarni yetishtirishda katta xizmat qildi.