Sentimentalizm(fr. Sentument-hissiyot, his qilish) oqimi XVIII asr o’rtalari (Angliya)da feodalizm sarqitlariga qarshi kurashni, oddiy kishilarning oliyjanobligini, qalbini tasvir markaziga olgan. Chunki klassisizm oqimi kishilarning ichki dunyosi tasviriga yetarli e’tibor qilmagan, oliy ijtimoiy tabaqa hayotini bo’rttirib aks ettirgan va adabiyotni “uch birlik” (harakat, joy, vaqt) qolipiga solgan edilar.
Sentimentalistlar klassisizm qoidalarini unigg qoliplarini “buzdilar”. Aql- idrokdan his-tuyg’uni ustun deb bildilar. O’rta va quyi sinf vakillari hayotini, ma’naviy jihatdan yetukligini, pokligini, boyligini, odamiyligini chuqur tasvir etdilar va ana shu jarayonda yuqori tabaqa vakillari dunyosining tubanligini, jirkanchligini fosh etdilar. Ingliz Sterning “Tristram Shendi”, Richardsonning “Pamela”, farang Russoning “Yangi Eloiza”, rus Karamzinning “Bechora Liza” asarlari buning isbotidir.
Sentimentalizm oqimi oddiy qahramonlar qismatini har qanday kitobxonni achintiradigan tarzda tasvirlaydi. Xo’rlangan, haqoratlangan, aybsitilgan qahrmonlar bilan tanishgan o’quvchi qalbida “u ham inson-ku, dunyoga u ham baxt uchun kelgan-ku! Nahot insonlar ularning qadru qimmatiga yetmasa? Insoniyat qachon birodarlikka, komillikka erishadi?” degan tuyg’ular uyg’onadi va qalbni iztirobga soladi. Qahramonlar hayoti va qalbining chuqur va ta’sirchan ochilishi – achinish tuyg’usini – insoniylikning zarur belgisini voqye qiladi. F. Dostoyevskiyning “Xo’rlanganlar va haqoratlanganlar”, A.Chexovning “Uyqu istagi” ham xuddi shu yo’nalishda yozilgan bebaho asarlardir.
Shuning uchun ham XX asrning klassigi Ch.Aytmatov yozgan edi: “... Dostoyevskiyning adabiyotda aytgan eng aziz va umriboqiy so’zi, menimcha, berahm va oriyatsiz ekspluatatorlar jamiyati girdobida azobu uqubatga botib, bo’g’ilib yotgan insonga cheksiz achinishdan iborat bo’ldi. O’sha dahshatli pallada rus yozuvchisi gumanistik adabiyotning eng muhim vazifalaridn birini- axloqiy sog’lom kishini tarbiyalash vazifasini jada yuqori ko’trdiki, shunday achinishsiz inson haqiqiy inson hisoblana olmaydi.