f57b8ef60b984e2903eac44d540eb49b ADABIYOTSHUNOSLIKKA KIRISH FANIDAN O`QUV USLUBIY MAJMUA
GLOSSARIY ARXAIZM (yun. archaios – qadimgi) – eskirgan, iste’moldan chiqqan so‘z (yoki grammatik shakllar). A.lardan tarixiy mavzudagi asarlarda davr koloritini berish, qahramonlar nutqini individuallashtirish (zamonasiga mos holda) kabi maqsadlarda foydalaniladi. Mas., M.Alining “Sarbadorlar” romanidagi ilk jumla: “Hijriy 764 yil shavvol oyining 18-kuni o‘ttiz chog‘li tuyalar karvoni Samarqandning Kesh darvozasiga etib kelganida, vaqt xuftondan oshgan edi”. Dastlabki jumlayoq o‘quvchi diqqat-ye’tiborini o‘zga vaqtga sozlaydi, bunga jumlada qo‘llangan so‘zlar asos bo‘ladi. O‘tmish ruhi yuqtirilgan o‘quvchi romanni o‘qish davomida Temur “dastavval o‘ziga xos lashkar tuzishga urindi”, “turli shaharlarga ting‘chilar, qulovuzlar yubora boshladi” tarzidagi jumlalar, “Naqoralar chalindi. Navkarlar qo‘liga kishan solingan, uchovining bo‘yinlariga bitta jela tashlangan... dor tagiga olib bordilar” kabi lavhalarda qo‘llangan tarixiy so‘z va shakllarni tabiiy qabul qiladi, ayni shu til unsurlari unda o‘tmish ruhini tutib turadi. Bundan tashqari, A.lardan ba’zan uslubga tantanavorlik berish, ba’zan esa do‘stona hazil yo kinoya uchun ham foydalaniladi. Bunga G‘.G‘ulomning Charxiy, Ulfat, S.Abdulla, O.Valixonov kabi do‘stlariga bitgan maktublari misol bo‘la oladi. Jumladan, Charxiyga yozilgan maktub:
“Do‘sti muhtaram mavlono Asqarali Charxiy Xo‘qandiy.
As’ada kallohu fiddorayn.
Maktubi muhabbat uslublari soati sa’dda qo‘limizga tegdi. Boshimiz avji falakdan ham oshib ketdi. Shayxi-shuyux, allomai piri Kiromiddin hazratlarining debochai qalamilari haqindagi xabari sururovarlaridan bisyor mamnun bo‘ldik. Tez fursatda dastras bo‘lmog‘i umididamiz, albatta.
Masalai duvvumga kelganda, fikrimcha, bu ish o‘zim bormasdan, orqavorot – maktub orqali hal bo‘lmog‘i mushkul ko‘rinur. Yaqin o‘rtalarda Farg‘ona tomonlarga safar ixtiyor qilsammukun, degan niyatim ham yo‘q emas. Balki shu muddatda janoblarining iltimoslarini hal qilish uchun arbobi shahri Ho‘qandi firdavsmonandga murojaat qilurman, inshoolloh.
Boqi: Assalomu alaykum.
G‘afur G‘ulomi Shoshiyi Qoratoshiy”.
G‘.G‘ulom maktubida A. va varvarizmlar qo‘llash orqali eskicha uslubni tiklash (stilizasiya)ga intiladi: madrasa ko‘rgan ziyolilar uslubiga xos jumla qurilishi, arabcha-forscha so‘zlar, kalimalar va sintaktik qurilmalarning ishlatilgani shuni ko‘rsatadi. Bular esa maktubga tantanavor ruh berish bilan birga, shoirning do‘stona hazil-mutoyibaga moyilligi, eskicha an’analarga sodiq qolgan Charxiy domlaga kinoyasini ham ifodalaydi.