BESTSELLER (ingl. best – eng yaxshi, sell – sotilmoq) – noshirlikning tijoriy tomoni bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan termin, katta tirajda chop etilgan va tez tarqalib ketgan, tijoriy nuqtai nazardan muvaffaqiyat qozongan kitob. Shundan kelib chiqib, B. termini kitobxonlar tomonidan qizg‘in kutib olingan va qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan asarlarga nisbatan ham qo‘llanadi. Biroq muayyan asarning B.ga aylanishi uning badiiy mukammallik darajasini belgilay olmaydi, chunki asar badiiyatga aloqasi bo‘lmagan turli omillar (qizg‘in reklama, ayni o‘z vaqtida yozilganlik, keng ommaning did va talablariga moslik va b.) natijasida B.ga aylanishi mumkin. Albatta, chinakam so‘z san’atiga daxldor asarlar ham B.ga aylanishi mumkin (mas., G.Markes, P.Koyelo asarlari), biroq amalda bu ko‘proq ommaviy adabiyot namunalari (detektiv, sarguzasht, fantastika, jangari asarlar va sh.k.)ga nasib etadi. Bu o‘rinda ustalik bilan, ommaning qiziqishlari va ruhiyatini hisobga olgan holda amalga oshirilgan reklama, turli taqdimotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, noshirlik ishlari tijoriy asosga qo‘yilgan G‘arb mamlakatlarida chop etilgan asarlarning tiraji, sotilishi kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha reytinglari ham muntazam e’lon qilib boriladi.
BIBLIOGRAFIYA (yun. biblion – kitob, grapho – yozmoq) – 1) kitoblar, vaqtli nashrlarda e’lon qilingan asarlar ro‘yxatini tuzish, ularni tematik yoki boshqa (fan sohalari bo‘yicha, mualliflar ismi-sharifi bo‘yicha va h.) jihatlarga ko‘ra tasniflash, qisqacha annotasiyalar yozish kabi vazifalarni o‘z oldiga qo‘yuvchi ilmiy-amaliy soha; 2) adabiyotshunoslikning yordamchi sohasi. Adabiyotshunoslik B.si adabiyotshunoslik bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borish uchun zarur ma’lumotlarni – badiiy asarlar, adabiyotshunoslikka oid kitoblar, maqolalar, ilmiy tadqiqotlar ro‘yxatlarini tuzish, muayyan tematik yo‘nalishdagi yoki xronologik asosdagi bibliografik ko‘rsatkichlar tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Bunday ko‘rsatkichlar biron-bir mavzu bo‘yicha izlanayotgan tadqiqotchining vaqtini tejaydi, ilmiy faoliyati samarasini oshiradi, shu bilan birga, mavzu bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan to‘liq tanishish imkonini beradi, demak, ilmiy xulosalarning ob’ektiv va ahamiyatli bo‘lishiga ham zamin hozirlaydi. O‘zbek adabiyotshunosligida B. sohasida ham birmuncha ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, O‘zR FA Bosh kutubxonasi xodimlari tomonidan tayyorlangan “Adabiy hayot” bibliografik ko‘rsatkichi; Fitrat, A.Qodiriy, Cho‘lpon, G‘.G‘ulom, A.Qahhor kabi ijodkorlar, M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinov, U.Normatov, N.Karimov kabi qator olimlar faoliyatini yorituvchi bibliografik ko‘rsatkichlarni bunga misol qilib keltirish mumkin.