Tashqi iqtisodiy aloqalar moddiy, moliyaviy va intellektual boyl
9.2. Jahon iqtisodiyotida xorijiy investitsiyalr dinamikasi va turlari Hozirgi sharoitda mamlakatlar iqtisodiyoti uchun ish bilan bandlikni oshiruvchi, ishlab chiqarishning o'sishiga va byudjetga tushumlarning oshishiga yordam beruvchi investisiyalar zarurdir. Rivojlanayotgan mamlakatlar va o'tish davri mamlakatlari iqtisodiyotida bevosita investisiyalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Iqtisodiyotni tarkibiy tub o'zgartirish, ishlab chiqarishning texnik darajasini va mahsulotning milliy, hamda jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish vazifalarini uzoq muddatli moliyalashtirish omili bo'lgan bevosita investisiyalarsiz amalga oshirib bo'lmaydi.
Xorijiy investisiyalar sifat jihatidan turli tumanligi bilan tavsiflanadi, turli xil maqsad va vazifalarni ko'zlaydi. To'gridan-to'g'ri xorijiy investisiyalar xususiy tadbirkorlik sarmoyasi eksportining asosiy shakli bo'lib, samarali nazorat o'rnatishni ta'minlaydi va chet eldagi kompaniya ustidan bevosita egalik qilish huquqini beradi. Boshqacha so'zlar bilan izohlaganda, TTXI – bu uzoq muddatli foydani va investorning korxona boshqaruviga salmoqli ta'sir etishini ko'zda tutuvchi uzoq muddatli sarmoya oqimi. Aynan "ta'sir etish va nazorat" bevosita investisiyalarni portfel investisiyalar va xalqaro sarmoya oqimining boshqa shakllaridan farqlantiruvchi o'ziga xos unsurdir. To'gridan-to'g'ri xorijiy investisiyalar uchun odatda investorlarning bozordan tez chiqib ketish imkoniyatidan mahrumligi; yuqori darajadagi tavakkalchilik, katta miqdordagi mablag'va sarmoya kiritishning yuqori muddatlari xosdir.
To'gridan-to'g'ri xorijiy investisiyalar xorijiy investorlarning mazkur mamlakatda ishlab chiqarishni joylashtirish qaroriga ta'sir etuvchi, ya'ni motivasiyasi omillariga ko'ra quyidagicha klassifikasiyalanadi: resurslarni ko'zlovchi TTXI (resource seeking FDI); samaradorlikni oshirish maqsadidagi TTXI (efficiency seeking FDI); bozorni kengaytirish maqsadidagi TTXI (market seeking FDI); strategik aktivlarni ko'zlovchi (strategic asset seeking FDI).7
Resurslarni ko'zlovchi TTXI (resource seeking FDI) – xorijiy investor sarmoya kiritishining klassik motivasiyasi bo'lib, rivojlanayotgan davlatning arzon tabiiy resurslarga boyligi ularni jalb etadi va bu investisiyalardan asosiy maqsad tabiiy resurslarni ichki bozor hamda eksport uchun qazib olish va ishlov berish.
Samaradorlikni oshirish maqsadidagi investisiyalar (efficiency seeking FDI) - ishlab chiqarish xarajatlari past va ishlab chiqarishda ishchi kuchidan intensiv foydalanish mumkin bo'lgan iqtisodiyotlarga sarmoya kiritish, ya'ni global bozor uchun ishlab chiqarishda band bo'lish.
Bozorni kengaytirish maqsadidagi investisiyalar (market seeking FDI) – bu importga qat'iy cheklashlar qo'yilgan bo'lsa, import o'rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish va rivojlanayotgan mamlakatlarning mahalliy bozorlariga kirish maqsadida ishlab chiqarish sektoriga investisiya kiritish, ya'ni keng miqyosda ichki bozorga xizmat ko'rsatish. Qo'shimcha sabablar transport xarajatlari, mahalliy iste'molchilar dididagi farqlar va boshqalar bo'lishi mumkin.
Strategik aktivlarni ko'zlovchi (strategic asset seeking FDI) – investorlarga raqobatda ustunlik yaratuvchi va ko'p hollarda boshlanayotgan monopoliyani beruvchi aktivlarni qidirish, ya'ni nou-xau, ilmiy tadqiqotlarga investisiya kiritish.
Yuqorida ta'riflab o'tilgan To'gridan-to'g'ri xorijiy investisiyalarning barcha turlari iqtisodiy rivojlanishga yordam bergani bilan, rivojlanayotgan va o'tish davri mamlakatlarining barchasi ham xorijiy investisiyalarni jalb qilish uchun bir xilda yaxshi qurollanagan, ya'ni qulay investisiya iqlimiga ega deb bo'lmaydi. Masalan, "resurslarni ko'zlovchi" investorlar mamlakatning iqtisodiy rivojlanish darajasiga uncha e'tibor bermay, asosan tabiiy resurslar bilan boyligiga ahamiyat beradilar. Rivojlanayotgan mamlakatlarning barchasida ishlab chiqarish xarajatlari past va etarli ishchi kuchi bor, agar qulay investisiya iqlimi mavjud bo'lsa, "samaradorlikni ko'zlovchi" bevosita investisiyalar oqimi oshadi. Mazkur mamlakatlarning barchasida xam "bozorni ko'zlovchi" xorijiy investisiyalarni jalb qilish uchun ko'p sonli aholi mavjud emas, lekin ular ochiq savdo siyosatini olib borishlari tufayli kattaroq va jozibaliroq mintaqaviy bozorlarni yaratish orqali bunday investisiyalarga erishishlari mumkin. Bu har bir mamlakatda yaratilgan investisiya iqlimiga bog’liqdir.