Litsenziyalash Kvotalash jarayoni (boshqacha qilib aytganda, kontingentlash), odatda, litsenziyalash, ya’ni maxsus ro’yxatga kiritilgan resurslar va mahsulotlar bilan tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishga vakolatga ega bo’lgan davlat tashkilotlari (vazirliklar va mahkamalar) tomonidan ruxsat berish bilan birgalikda kuzatiladi.
Ko’pchilik davlatlarda tashqi iqtisodiy faoliyatni litsenziyalashni joriy qilish xalqaro huquqiy aktlarga asoslanadi, ularning ichida eng asosiysi 1947 yilda imzolangan Savdo va tariflar bo’yicha Bosh bitim (GATT) hisoblanadi. Keyinchalik GATT doirasida ba’zi bir boshqa shartnomalar imzolangan.
Tashqi savdoni litsenziyalash turli ko’rinishlarni olishi mumkin: bosh litsenziya, bir martalik litsenziya va avtomatik litsenziya. Bosh litsenziyalar uning egasining ma’lum tovar guruhi bilan ma’lum vaqt oralig’ida (odatda bir yildan uch yilgacha) eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish huquqini bildiradi. Bir martalik litsenziya kompaniyalarga xorijiy hamkor bilan aniq bir bitimni amalga oshirish uchun beriladi. Avtomatik litsenziya davlat tomonidan xaridni, ya’ni xarid hajmini ham, tovar oqimlarining jug’rofiy yo’nalishini ham doimiy ravishda nazorat qilishni nazarda tutadi.
Litsenziyalarni joylashtirishning asosiy usullariga quyidagilarni kiritish mumkin:
Ochiq konkurs — bunda maksimal narx taklif qilgan firma litsenziyaga ega bo’ladi;
yaqqol afzallik tizimi - bunda davlat ana shu sohadagi eng obro’li kompaniyalarga litsenziya beradi;
harajatlar usuli - bu raqobatchilariga nisbatan kattaroq ishlab chiqarish quvvatlariga va boshqa resurslarga ega korxonalarga litsenziya berishni anglatadi.
O’z-o’zidan tushunarliki, keltirilgan usullar ichida eng afzali korruptsiya va oshna-og’aynigarchilikdan xoli bo’lgan ochiq konkurs usulidir.
Evropa Ittifoqiga a’zo-mamlakatlar orasida eksport-import operatsiyalarini litsenziyalash tovar aylanmasi umumiy hajmining 5-6 foizi darajasiga yetadi
(kvotalash va litsenziyalash bo’yicha o’ziga xos «lider» Frantsiya hisoblanadi).
Litsenziyalashni talab etadigan tovarlar ro’yxatiga birinchi navbatda eksportga mo’ljallangan kvotalanadigan mahsulotlar, shuningdek, ba’zi bir maxsus guruhdagi tovarlar: strategik ahamiyatga ega tovar va resurslar, dori-darmonlar, bolalar assortimenti va boshqalar kiradi.