Nodira, (taxallusi; ismi Mohlaroyim) (1792, Andijon — 1842, Qoʻqon) — oʻzbek shoirasi, maʼrifatparvari va davlat arbobi.
"Komila" va "Maknuna" taxalluslari bilan ham sheʼrlar yozgan. Otasi Andijon hokimi Rahmonqulbiy — oʻzbeklarning ming qabilasidan, Fargʻona hukmdori Olimxonning togʻasi. Olimxon ukasi Umarxonga Margʻilon hokimligini beradi va uni 1807-yilda Nodiraga uylantiradi. Nodira shu xonadonda sheʼr yozishni mashq qiladi, shoira Uvaysiy bilan tanishadi, uni muallima sifatida saroyga taklif etadi. Nodiraning turmush órtoĝi Amir Umarxon ham Amiriy taxallusida ijod qilgan. 1810-yilda akasi Olimxon oʻrniga taxtga chiqqan Umarxon bilan Qoʻqonga keladi. 1822-yil Umarxonning fojeali vafotidan soʻng oʻgʻli Maʼdalixon bilan birga Qoʻqon xonligini boshqaradi. Madrasa, masjid, karvonsaroylar qurdiradi. Ilm ahliga rahnamolik, faqirlarga homiylik qiladi. 1842-yil Buxoro amirligi hukmdori Amir Nasrulloh tomonidan qatl etiladi.
Gar bo’lsa Zulayxoda mening zarracha ishqim ,
Qolmas edi Yusufni firoqida salomat…
Yuzdin biri Majnunda agar bo’lsa g’amimni,
Bir oh ila olamg’a solur sho’ri qiyomat.
Yoki
Farhod agar ursa menga lofi muhabbat,
Bir oh ila aylarman uni dog’i xijolat
Jahon otin Uvaysiy (taxallusi; ismi Jahon) (1779 – Margʻilon – 1845) — atoqli oʻzbek shoirasi, oʻzbek shoirlari murabbiysi, maʼrifatparvar.
Otasi Siddiq bobo ikki tilda sheʼrlar yozgan. Onasi Chinnibibi otinoyi boʻlib, akasi Oxunjon hofiz sifatida mashhur edi. Uvaysiy oilada xatsavodini chiqarib, avval xalfa, soʻngra onasining yonida maktabdorlik qilgan. Akasi Oxunjon hofizdan sheʼriyat ilmini oʻrgangan, tez orada shoira, otin sifatida tanilgan. U, ayniqsa, aruzni, muammo (sheʼrda fikrni yashirib ifodalash) sanʼatini mukammal egallagan. Qoʻqon adabiy muhiti bilan yaqinlashib, mushoiralarda qatnashgan. Saroyda Nodira va boshqa xotin-qizlarga sheʼriyat ilmidan dars berib, ustozlik qilgan. Dilshod otinning maʼlumot berishicha, Uvaysiy Nodira bilan Konibodom, Xoʻjand, Oʻratepa, Toshkent, Andijon kabi shaharlarga borgan. 1842-yilda Buxoro amiri Nasrullaxon Qoʻqonni egallagach, Margʻilonga qaytib, umrining oxirigacha shu yerda yashagan. 65 yoshida Margʻilonda vafot etagan.
Uvaysiy 4 devon tuzganligi maʼlum. Lekin bu devonlarning asl qoʻlyozmalari topilmagan. Uvaysiy mumtoz oʻzbek sheʼriyatining barcha janrlarida ijod qilgan. Navoiy, Fuzuliy va boshqalarning asarlariga muxammaslar bogʻlagan. Shoiraning adabiy merosida 269 gʻazal, 29 muxammas, 55 musaddas, 1 murabba, chistoy, 3 doston, tugallanmagan bir manzuma bor. Ijodining gʻoyaviy mavzu doirasi teran va koʻp qirrali.
Anbar Otin — 1870-1915 yillarda yashab ijod etgan oʻzbek shoirasi.
Anbar Otin Farmonqul qizi Qoʻqonda kambagʻal kosib oilasida tugʻilgan. Otasi Farmonqul asli margʻilonlik boʻlib, shoira Uvaysiyning jiyani boʻlgan. Onasi Ashurbibi qoʻqonlik bir kosibning qizi boʻlgan.
Anbar 7 yoshidan boshlab oʻz mahallasidagi Dilshod otinning maktabida taʼlim oladi. Navoiy va Uvaysiylarni ustoz deb hisoblagan. 1905-yilda Anbar Otin devon tuzib, unga 41 gʻazal, 4 muxammas, bir qit’a, bir mustahzod va sheʼriy tarjimai holini kiritgan.
Anbar Otin — lirik shoira. Uning lirikasida sof sevgi tarannum etiladi. U ayol qalbini, his-tuygʻularini oʻziga xos kuylovchi shoira. Shoiraning devoni mavjud.
Shoira ijodida oʻz davrining ijtimoiy-siyosiy, sotsial muammolari koʻtarib chiqilgan. Istiqbolni kuylovchi mavzular keng oʻrin egallaydi.
Asarlari: „Mushoira“ nomli risola, „Qoralar falsafasi“ („Falsafai siyohon“), „Alifbo“, „Ey goʻzal Fargʻona, oʻzinga kel endi shod qil“ va boshqalar
Dilshod otin, Barno, Dilshodi Barno (taxalluslari; asl ism-sharifi Dilshod Rahimqul soʻfi qizi), (1800, Oʻratepa — 1905/06, Qoʻqon) — shoira, maʼrifatparvar. Otasidan savod oʻrgangan. Maktabdorlik qilgan — xotin-qizlarga xat-savod oʻrgatgan. Anbar Otin D. O. ning iqtidorli talabalaridan boʻlgan. D. O. gʻazal, muxammas, masaddas, chiston va b. bilan birga xotiranomalar ham yaratgan. Uning 91 ta oʻzbekcha va 51 ta tojikcha sheʼri, "Tarixi muhojiron" ("Muhojirlar tarixi") badiiy-tarixiy asarining oʻzbekcha va tojikcha 3 qoʻlyozma nusxasi ("Tazkirai Barno", "Sabot ul-bashar maa tarixi muhojiron" — "Inson matonati va muhojirlar tarixi", "Muntaxab alashʼori Barno" — "Barnoning tanlangan sheʼrlari") bizgacha yetib kelgan. Bularda oʻzaro urushlar, xalqning turmush sharoiti va boshqa ijtimoiy-siyosiy voqealar oʻz ifodasini topgan. Turkistonni chor Rossiyasi bosib olishiga boʻlgan munosabatda shoira zamondoshlaridan ilgarilab, bu hodisaning barcha oqibatlarini toʻgʻri tushungan. Shu jihatdan D. O. sheʼriyati xalq taqdirining badiiy yilnomasi darajasiga koʻtarildi. Shu bilan birga shoira baxtiyor zamon, yaxshi kunlar kelishiga ishondi ("Bu jabru zulmat albat muvaqqat...", "Fargʻona" va b.), turkistonliklarni doʻst-inoq yashashga undadi ("Xaloyiq, borsangiz...", "Tarixi muxosara" va b.). D. O. lirikasida muhabbat va sadoqat mavzui, vatan va inson ozodligi masalasi uygʻunlashib ketgan ("Sochim sunbul deyurlar...", "Falakda suzuvchi oy..." va b.).
D. O.ning "Tarixi muhojiron" asarida 19-asr Qoʻqon xonligidagi tarixiy, ijtimoiy-siyosiy voqealar aks etgan. Ayollarni maʼrifatli, erkin, jamiyatning teng huquqli aʼzolari boʻlishga chorlagan. Shuningdek, asarda Oʻratepa va Qoʻqonda yashagan 30 dan ortiq shoir va shoiralar ijodi haqida maʼlumot keltirilgan. D. O. asarlari qoʻlyozmasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 1207). Asarlari oʻzbek va tojik tillarida nashr qilingan.