Yassioyoqlikda tovon-kaft yuzasining (gumbaz qismi) kengayib, o’yiq (chuqur) qismining sathi kamayadi, ba’zida esa oyoq yuzasining butun sathining gumbaz qismi egilib, tekis bo’lib qoladi. Natijada tovon-kaftning ressorlik vazifasi buziladi va quyidagi belgilar yuzaga keladi: bunday odam uzoq vaqt tik turganda, ko’proq yurganda, yugurganda, og’ir yuk ko’targanda oyog’ining tovon-panja va boldir muskullarida og’riq paydo bo’ladi; yassioyoqli umurtqa pog’onasi va chanoq suyaklarining egrilanishiga va qadqomatning buzilishiga ham sabab bo’ladi. Chunki bunday odam tanasini tik va to’g’ri tuta olmaydi. Yassioyoqlik odamlar yurganida oyoqlarini keng tashlab, qo’llarini yon tomonlarga silkitib, lapanglab yuradi, chunki yurgan vaqtda tanasining og’irligi oyoq yuzasiga baravar taqsimlanmasligi natijasida tovon-kaft muskullari tez charchaydi va ularda og’riq seziladi. Bunday odamlar ko’proq tik turganida va yurganida oyog’ining kaft yuzasi yana kengayadi va ertalab mos bo’lgan poyafzal kunning ikkinchi yarmida oyoqni qisa boshlaydi.
37-rasm.Oyoq panjalari kaftlarinig shakllari:
A-mo’tadil, B-yassi panja, D- turli darajadagi yassipanjalik
Yassioyoqlikda, tananing massasi ko’proq tovon-kaftning ichki tomoniga tushadi. Shuning uchun bunday odamlarning poyafzali ichki tomonga qiyshayib, u tezda yaroqsiz holga kelib qoladi.
Yassioyoqlik tug’ma va hayotda orttirilgan bo’ladi. Tug’ma bo’lishi bu nasldan naslga berilishi yoki bolaning embrion rivojlanishi davrida ona organizmiga tashqi muhitning biron noqulay ta’siri natijasida sodir bo’lishi mumkin.
Yassioyoqlikning tug’ilgandan keyin yuzaga kelish sabablari quyidagilardan iborat:
Bolani juda yoshligidan (8-10 oyligidan) boshlab yurgizish va uni uzoq vaqt oyog’ida tik turg’izish;
Yosh bolaga poshnasiz yumshoq poyafzal kiygizish;
O’quvchilar kun bo’yi poshnasiz sport poyafzalida yurishi (sprot poyafzalini faqat mashg’ulot vaqtida kiyish kerak);
Poshnasi baland, uch tomoni tor, orqa tomoni keng bo’lgan poyafzallarni kiyish;
Og’ir yuk ko’tarish ham yassioyoqlik yuzaga kelishiga sabab bo’ladi.
Ana shularni hisobga olib, yassioyoqlikning oldini olishga e’tibor berish kerak.
Dostları ilə paylaş: |