Mulkka egalik qilish mulkdorlik huquqining uning egasi qo‘lida saqlanib turishini bildiradi va yaratilgan moddiy boyliklarni o‘zlashtirishning ijtimoiy shaklini ifodalaydi. Ayrim hollarda mulkka egalik qilish uning egasi ixtiyorida saqlangan holda, undan amalda foydalanish esa boshqalar qo‘lida bo‘ladi. Bunga ijaraga berilgan mol-mulkni misol qilib keltirish mumkin.
Mulkdan foydalanish – bu mol-mulkning iqtisodiy faoliyatda ishlatilishi yoki ijtimoiy hayotda qo‘llanilishidir. Mol-mulkdan foydalanish yuz berganda u daromad olish uchun yoki shaxsiy ehtiyojni qondirish uchun ishlatilishini bildiradi.