Tekshirdi” Kafedra mudiri V. Dadaboyeva 2022 yil Adabiyot fanidan dars rejasi №



Yüklə 0,85 Mb.
səhifə23/56
tarix20.09.2023
ölçüsü0,85 Mb.
#145657
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   56
1-kurs AF Adabiyot kons 2022

Ijod og’ushida. Alisher Navoiy she’rni, shoirlikni hamma narsadan baland tutdi. Vazirlik martabasida turib ham she’r yozishni to’xtatmadi. Ulug’ shoirning ilk she’riy devonini muxlislari tuzgan bo’lsalar, ,,Badoye ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”) nomli devonini 1472—1476- yillarda sultonning amriga ko’ra, shoirning o’zi kitob qildi. 1485—1486- yillarda ikkinchi devon ,,Navodir un-nihoya” (“Nihoyasiz nodirliklar”) maydonga keldi. Navoiyning eng katta orzusi yirik dostonlar yozish, birinchi navbatda, XII asrning buyuk shoiri Nizomiy Ganjaviy (1141—1209)dan keyin shoirlik qudratining mezoniga aylanib qolgan ,,Xamsa” yaratish edi.
Chiqishdagi an’analarga ko’ra, she’rning qadri buyuk edi. She’rning masnaviysi ham alohida e’tiborda kelardi. Masnaviy esa, asosan, doston deganidir. Keng qamrovli, voqeaband asarlar mana shu janrda yozilgan. Jumladan, Nizomiyning ,,Panj ganj” nomi bilan tarixga kirgan ,,Xamsa”siga yuz yil o’tgach, Xusrav Dehlaviy (1253—1325) javob qildi. Lekin bu ikkala adib ham turk bo’lishlariga qaramay, odatga rioya qilib, asarlarini fors tilida yozgandilar. O’z xalqining shunday xazinadan bebahra qolishi Navoiyni qiynaydi.
Navoiy ,,Xamsa” yozish niyati to’g’risida ustozi Abdurahmon Jomiy bilan maslahatlashganda, u Navoiyni bu ishga tezlikda kirishishga undaydi. Shoir ustozidan oq fotiha olib, og’ir, mashaqqatli ishga kirishadi. Nizomiy bilan bellashish — uning panjasiga panja urish (,,Xamsa”siga ,,Xamsa” bilan javob qilish) maqsadida maydonga kirish ulkan jasorat talab qilardi. Sherga yuzma-yuz bo’lish uchun sher bo’lmaganda ham yo’lbars bo’lmoq lozim edi:
Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq.
Kerak sher oldida ham sheri jangi,
Agar sher o’lmasa, bori palangi.
Navoiy besh dostonni ikki yilda yozib tamomlaydi. ,,Xamsa” yaratishga 1483- yilda kirishgan shoir 1485- yilning boshida uni tugatadi. Agar shoir ishlagan kunlarigina hisobga olinsa, 54 ming misralik ulkan asar olti oyda bitkazilganligi ma’lum bo’ladi. Shu tariqa, turkiy tildagi birinchi ,,Xamsa” yaratiladi.
Husayn Boyqaro Navoiy tomonidan bir vaqtlar Sayyid Hasan Ardasherga yozilgan she’riy maktubdagi gaplarini shunchaki bir ,,xomayi gazof’ (shoirona gap) deb o’ylagan edi. Shoir sultonga ,,Xamsa”ni taqdim etganida, u g’oyat qattiq hayajonga tushadi. Zayniddin Vosiflyning ,, Badoye’ ul-vaqoye” asarida yozilishicha: ,,Shoh Navoiyga: Bir mojaro Siz bilan bizning oramizda ko’pdan hal bo’lmay keladi, shuni bugun bir yoqlik qilaylik, deydi. Bu mojaro shundan iborat ediki, Sulton Husayn Alisherning muridi bo’lishni orzu qilar va uni ,,pirim” deb atar edi. Alisher esa har gal: ,,Yo Alloh, yo Alloh, bu qanday gap bo’ldi! Aslida, biz muridmiz, siz hammamizga pirsiz”,— der edi. Endi Sulton Husayn Alisherdan so’radi: ,,Pir nima-yu, murid nima?”. Alisher javob berdi: ,,Pirning tilagi — muridning tilagi bo’lishi kerak”. Shunda Sulton Husayn o’zining oq otini olib kelishni buyurdi. Ot juda asov, chopag’on edi. Sulton Husayn aytdi: ,,Siz murid, men pir bo’ladigan bo’lsam, Siz shu otga minasiz, men uni yetaklayman”. Alisher noiloj otga minishga majbur bo’ladi. Ot g’oyat asov bo’lib, shohdan boshqani o’ziga yaqinlashtirmas edi. Alisher oyog’ini uzangiga qo’yishi bilan ot tipirchilay boshladi. Sulton Husayn otiga o’shqirdi, ot itoat qilib, Alisherning minishini kutdi. Alisher egarga o’tirishi bilan Sulton Husayn otning jilovidan ushlab, yetaklay boshladi. Alisher hushidan ketdi. Uni egardan ko’tarib oldilar”. Tarixda bunday hol ko’rilmagan edi. Hech bir zamonda shoh shoirga jilovdorlik qilgan emas edi. Majididdin boshliq kuchlar 1487- yilda sulton oldida obro’si cheksiz bo’lgan Navoiyni poytaxtdan uzoqqa jo’nattirishga muvaffaq bo’ldilar. U Astrobodga hokim qilib jo’natildi. Shahar ahli shoirni izzat-ikrom bilan kutib oldilar. Uning nomi bu paytda mamlakatdan tashqarida ham g’oyat mashhur edi. Devonlari, ayniqsa, ,,Xamsa”si uning shuhratini olamga yoygan edi. Masalan, Navoiy g’azallari Usmonli davlatining hukmdori Boyazid II qo’liga 1481- yilda borib yetadi. Uning buyrug’iga ko’ra Bursa shahrida yashovchi shoir Ahmad Poshsho Navoiyning o’ttiz uch g’azaliga nazira bog’laydi. Astrobod Husayn Boyqaro saltanatidagi e’tiborli shaharlardan edi. Shoh birinchi marta hokimlikni shu yerda boshlagandi. Astrobod mamlakatning g’arbiy chegarasida joylashgan, iqtisodiy, siyosiy muhim ahamiyatga ega bo’lgan, ayni paytda g’oyat go’zal, xushhavo shahar edi. Alisher u yerga hokim etib tayinlanishi bilan yaqin-atrofdagi Mozandaron, Jurjon viloyatlari hokimlari uning huzuriga o’z ixtiyorlari bilan kelib, tobe’ bo’ladilar. Ozarbayjon va Iroq Astrobod bilan do’stona munosabatlarni yo’lga qo’yadi. Turkmanlar hukmdori Yoqubbek sovg’a-salomlar bilan Navoiyni tabrik etgani keladi. Shularga qaramasdan, shoir o’zini quvg’inda his qiladi. Bir yil o’tar-o’tmas, shoh huzuriga borib, Hirotga qaytishga ruxsat so’raydi. Ruxsat bo’lmaydi. Salkam ikki yildan so’nggina shoir tug’ilgan shahriga qaytishga muvaffaq bo’ladi. Oradan ko’p o’tmay, Balxdan Navoiyning ukasi Darveshali akasining davlat ishlaridan uzoqlashtirilgani, qadr- qimmati oyoqosti qilingani sababli shohga qarshi isyon ko’targanini xabar qiladilar. Shoh Majididdinni saroydan uzoqlashtirishga majbur bo’ladi. Uning o’rniga Nizomulmulk tayin etiladi. Biroq saroydagi fitna va fisq-u fasodlar bosilmaydi.
Shularga qaramay, 1480—1490- yillar Navoiy uchun ijodda samarali davr bo’ldi. Shoir ,,Xamsa”dan keyin ko’p o’tmay, ketma-ket nasriy kitoblar yaratdi. U 1488- yilda yozgan ,,Tarixi muluki Ajam” (,,Ajam shohiari tarixi”) shulardan biri edi. Navoiyning ,,Tarixi anbiyo va hukamo” (Payg’ambarlar va olimlar tarixi), ,,Siroj ul-muslimin” (,,Musulmonlik nuri”) asarlari ham ibrat va pand maqsadida yaratilgan edi. 80- yillarning oxiri, 90- yillarning boshida Navoiyning yaqin do’stlari, ustozlaridan Sayyid Hasan Ardasher (1489), Abdurahmon Jomiy (1492), Pahlavon Muhammad (1493) ketma-ket vafot etdilar. Navoiy ularga bag’ishlab ,,Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, ,,Xamsat ul-mutahayyirin”, ,,Holoti Pahlavon Muhammad” asarlarini yozadi. Bu asarlar nasriy bo’lib, shoirning ulug’ zamondoshlari haqidagi memuar-xotiralaridan tashkil topgan edi.
1491- yilda shoir muammo janriga bag’ishlangan ,,Risolai muammo” (ikkinchi nomi ,,Mufradot”) risolasini yozadi. Navoiy zamonasida muammo janri keng tarqalgan bo’lsa-da, asosan, fors tilida yozilar edi. Navoiy turkiy tilda muammo yozgan ilk shoirlardan bo’ldi. ,,Xazoyin ul-maoniy”ga uning ellik ikki muammosi kiritilgan. Shoirning fors tilidagi muammolari miqdorini esa besh yuz chamalaydilar. Shoir muammoni tuzish va yechish qoidalariga bag’ishlangan ushbu asarini fors tilida yozadi. Hadislar asosidagi qirq ruboiyni o’z ichiga olgan ,,Arbain” asarini yaratadi. Mashhur xalifa, Muhammad alayhissalomning jiyani va kuyovi hazrat Alining ,,Nasr ul-laoliy” asarini she’riy yo’lda tarjima qildi, 266 ruboiydan iborat ,,Nazm ul-javohir” asari ham shu yillari yuzaga keladi. Navoiy tomonidan XV asrning 90- yillarida amalga oshirilgan eng katta ishlardan biri ,,Xazoyin ul-maoniy” “Ma’nolar xazinasi” to’plamining tuzilishi bo’ldi. 1492—1498- yillarda tartib qilingan to’rt devondan iborat bu ulkan she’riy kulliyot (to’plam) shoirning turkiy tilda yozilgan deyarli barcha she’rlarini qamrab olgan edi. Navoiy ularni umr fasllariga moslab to’rtga bo’ldi va har bir devonga shunga muvofiq nom qoydi.
Navoiy arab, fors tillarini mukammal bilgan va bu tillarda ham ajoyib asarlar yozish qudratiga ega edi. Shoirning 12 ming misradan iborat forsiy she’rlarini o’z ichiga olgan ,,Devoni Foniy”si, deyarli har bir asarida uchraydigan ixcham arabiy matnlar buni yaqqol ko’rsatib turibdi. ,,Xamsa” esa buyuk shoirning tarix va ilmi nujumni puxta egallaganligini namoyish etgan edi. Darhaqiqat, Navoiy barcha fanlar bilan shug’ullangan edi. Hatto, o’q otish haqida ,,Risolayi tir andoxtan”, lug’atshunoslik borasida esa ,,Sab’atu abhur” “Yetti dengiz” nomli kitob yozgan. Ayniqsa, keyingi asari mumtoz arab tilining izohli lug’atini tuzishda muvaffaqiyatli tajribalardan hisoblanadi. Shular qatorida Navoiy adabiyotshunoslik va adabiyot nazariyasi borasida ham maxsus asarlar yaratdi. Yuqorida tilga olingan ,,Risolayi muammo” asaridan tashqari u 1490- yillarda turkiy tazkirachilikning ilk namunasi bo’lmish “Majolis un – nafois” ( “Nafis majlislar”) asarini yaratti, “Mezon ul – avzon” (“Vaznlar o’lchovi”) ilmiy risolasini yozib, turkiiy aruzning bir necha asrlik tajribasin umumlashtirdi.

Yüklə 0,85 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   56




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin