Termiz – 2020 mund а r I j а


Jamoatchilik nazoratining shakllari



Yüklə 480,36 Kb.
səhifə118/128
tarix02.01.2022
ölçüsü480,36 Kb.
#41656
1   ...   114   115   116   117   118   119   120   121   ...   128
Fuqoralik Jamiyati maruza

4. Jamoatchilik nazoratining shakllari
Fuqarolik jamiyati shakllanishida fuqarolik jamiyati barcha institutlarining o‘zaro aloqadorlikda ishlashi muhim ahamiyat kasb etadi. Jamoatchilik nazoratining maqsadi davlat hokimiyati organlarining aholi oldidagi barcha majburiyatlarini qanday bajarayotganliklarini nazorat qilishdan iborat. Mamlakatni modernizatsiyalash, korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytirilayotgan hozirgi sharoitdajamoatchilik nazoratining roli beqiyos darajada ortadi. Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish mamlakatda qonunchilikni ta’minlashning kafolati vazifasini bajaradi. Davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati turli ko‘rinish, shakl va usullar yordamida o‘tkaziladi. Jamoatchilik nazorati turlari va shakllarini to‘la va chuqur anglash uchun quyidagi holat va hodisalar haqida aniq tasavvurlar hosil qilish lozim:

- davlat hokimiyat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tushunchasining mazmun va mohiyatini tahlil qilish:

- jamoatchilik nazoratini tartibga solib turuvchi hujjatlarni tahlil qilish:

- fuqarolik jamiyati institutlarining jamoatchilik nazorati olib borishdagi amaliy faoliyatlarini tahlil qilish.

Jamoatchilik nazorati muayyan shakllarda olib boriladi. Jamoatchilik nazorati shakllari xilma xil bo‘lib ularning asosiylari quyidagilar:

- jamoatchilik ekspertizasi;

- jamoatchilik monitoringi;

- jamoatchilik tinglovi;

- jamoatchilik surishtiruvi;

- jamoatchilik muhokamasi;

- jamoatchilik kuzatuvi.

Jamoatchilik nazoratining hozirgi sharoitda bizning mamlakatimizda eng ko‘p qo‘llanayotgan shakllaridan biri jamoatchilik tinglovidir. Mazkur shakl ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan u yoki bu muammoni hal qilishda turli ijtimoiy guruhlarning manfaatlarini o‘zaro kelishtirishga xizmat qiladi. Jamoatchilik tinglovi quyidagi maqsadlarni ko‘zlab o‘tkaziladi:

- ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan muammolarni aniqlash va muhokama qilish;

- mazkur muammoni hal qilishdan manfaatdor bo‘lgan tomonlarni aniqlash;

- manfaatdor tomonlarning mazkur muammo bo‘yicha mavqeini qayd qilish va barcha tomonlar uchun maqbul bo‘ladigan qaror variantini ishlab chiqish.

Jamoatchilik tinglovi ishtirok etayotgan barcha tomonlarning o‘z fikr va dalillarini bayon qilishini ko‘zda tutadi. Bunda ular muhokama qilinayotgan masalaga aloqador bo‘lgan hujjatlar bilan tanishib chiqadi.

Jamoatchilik tinglovining ishtirokchilari quyidagilar bo‘lishi mumkin:

- mazkur muammoni kun tartibiga qo‘yishda tashabbus ko‘rsatgan tomon (investor, tayyorlangan loyiha mualliflari);

- mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ma’muriyat, davlat nazorat idoralarining vakillari;

- muhokama qilinayotgan masaladan manfaatdor bo‘lgan jamoatchilik, shu jumladan, jamoat tashkilotlarining vakillari.

Jamoatchilik tinglovini tashkil etish va o‘tkazishga mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat tashkilotlari va birlashmalarining vakillari jalb etilishi lozim.

Jamoatchilik tinglovining ob’ekti jamiyatda vujudga kelgan muammoni hal qilish bo‘yicha tayyorlangan loyiha bo‘lishi mumkin. Mabodo, loyiha tarkibida yopiq ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, loyiha mualliflari jamoat tinglovi uchun alohida ma’ruza tayyorlashadi. Shu bilan birga, muammoni hal qilish bo‘yicha tayyorlangan hujjatning qisqacha mazmuni ko‘pchilik uchun tushunarli bo‘lgan sodda tilda tayyorlangan bo‘lishi zarur.

Mamlakatimizda jamoatchilik nazoratining eng ko‘p tarqalgan ko‘rinishlaridan biri tuman va shaharlarda mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari, xususan hokimlarning hudud aholisi oldida muayyan davr (chorak, yarim yil yoki yil) davomida rejalarning qanday bajarilayotgani to‘g‘risida axborot berishidir. Bunda hokimdan tashqari hududdagi aholiga xizmat ko‘rsatadigan barcha tashkilot va muassasalarning rahbarlari hozir bo‘lishadi. Tinglov davomida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, rejadan orqada qolish, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning to‘laligi va sifati singari masalalar ham muhokama qilinadi. Bunday tinglovlar mamlakatimizdagi barcha hududlarda an’ana tusini oldi.

Jamoatchilik tinglovi yakunlari bo‘yicha tashkilotchiquyidagi vazifalarni bajarishi zarur:

- qaror loyihasi bo‘yicha tayyorlangan hujjatga tinglov jarayonida bildirilgan taklif va mulohazalar asosida tegishli o‘zgarishlar kiritish;

- jamoatchilik tinglovi natijalarini hujjatlashtirish.

Jamoat tinglovining asosiy hujjatlari quyidagilar: muhokama qilinayotgan loyiha, berilgan savollar hamda takliflar, ularga berilgan javoblar; jamoatchilik tinglovining bayonnomasi; tomonlarning kelishmovchiligi qayd etilgan yakuniy hujjat; loyihaga tinglov natijasida kiritilgan o‘zgarishlar ro‘yxati.

Jamoat tinglovining yakunlovchi hujjatini ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish tavsiya etiladi

Jamoatchilik tinglovi muammoga ekspertlarni jalb qilish, tinglov haqida ommaviy axborot vositalarida e’lon berish, jamoatchilik tinglovini o‘tkazadigan joyni ijaraga olish kabi moliyaviy mablag‘larni talab etadigan masalalar bilan bog‘liq. Odatda, tegishli moliyaviy mablag‘ bu muammoni hal qilishdan manfaatdor tomon va hal qilish uchun buyurtma bergan buyurtmachi yoki investor tomonidan qoplanadi. Shuningdek, qo‘shimcha mablag‘lar (xayriya mablag‘lari, jamoat tashkilotlari a’zolaridan tushgan badallar) ham jalb qilinishi mumkin.

Jamoatchilik ekspertizasi. ―”Ekspertiza” tushunchasi muayyan masalani mutaxassislar tomonidan o‘rganish va u haqda xulosalar berishni anglatadi. Ijtimoiy sohada shunday masala va muammolar mavjudki, ularni o‘rganish va tadqiq qilish muayyan qiyinchiliklar bilan bog‘liq. Bu qiyinchiliklar o‘rganilayotgan masala va muammoning murakkabligi tufayli vujudga keladi. Shuning uchun ham, jamiyatda ekspertiza qilishga katta ehtiyoj mavjud.

Ekspertiza qilish, ko‘pincha, biror bir hujjat, loyiha, bajarilgan ish natijalari haqida xulosa berishni anglatadi. Ijtimoiy ekspertiza mutaxassis (ekspert)lar tomonidan ob’ektning holatini tashxislash, uning haqidagi axborot to‘g‘riligi va ishonchliligini aniqlash, uning keyingi tadrijini, shuningdek, boshqa ob’ektlarga ta’sirini prognozlash hamda qaror qabul qilish uchun tavsiyalar ishlab chiqishni qamrab oladigan tadqiqotdir. Ekspertiza, jumladan, jamoatchilik ekspertizasi to‘rt funksiyani bajaradi:

1. Diagnostik funksiya. Mazkur funksiya o‘rganilayotgan ob’ektning holatini aniqlashni ifodalaydi.

2. Axborot-nazorat funksiyasi. Mazkur funksiya ob’ekt va uning atrofidagi muhit haqidagi axborotni o‘rganish, uning to‘g‘riligiva ishonchliligini aniqlash. Agar axborotda noaniqlik va noto‘g‘ri ma’lumotlar bo‘lsa, ularga tegishli tuzatishlar kiritishni bildiradi.

3. Prognostik funksiya. Mazkur funksiya o‘rganilayotgan ob’ektning yaqin, o‘rta va uzoq istiqbolda qanday holatga o‘tish ehtimolini aniqlashni bildiradi.

4. Loyihalash funksiyasi. Mazkur funksiya o‘rganilayotgan ob’ektni ekspertiza qilish natijalariniijtimoiy loyihalash va qarorlar qabul qilishda qo‘llashni nazarda tutadi.

Jamoatchilik ekspertizasining ob’ektlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati, ijtimoiy institut va jarayonlar, konsepsiyalar, me’yoriy-huquqiy hujjatlar bo‘lishi mumkin. Jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish lozim bo‘lgan ob’ektlarning barchasini sanab o‘tish juda ko‘p vaqt talab qiladi. Umumlashtirib aytganda, jamoatchilik ekspertizasining ob’ekti davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining qonunlarga mosligi yoki mos emasligidan tashqari, ijtimoiy, siyosiy ahamiyatga molik barcha faoliyat va jarayonlar bo‘lishi mumkin. Lekin jahondagi mamlakatlar o‘z taraqqiyotining turli bosqichlaridagi ehtiyojlaridan kelib chiqib jamoatchilik nazoratining turli qirralari yoki ob’ektlariga oid qonunlar qabul qilishi mumkin. Jamiyat, ijtimoiy guruh yoki alohida shaxslar hayoti va faoliyatiga ijobiy yoki salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan har qanday hujjat va qarorlar ekspertizadan o‘tkazilishi mumkin.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari qabul qilgan yoki qabul qilmoqchi bo‘lgan qarorlar quyidagi hollarda ekspertizadan o‘tkazilishi tavsiya etiladi:

- qabul qilingan yoki qilinayotgan qarorlarning aholi hayot faoliyatiga va turmush darajasiga o‘tkazadigan ta’siri miqyosini aniqlash zarur bo‘lganda;

- qabul qilingan qarorni amalga oshirishning oqibatlari turli ijtimoiy guruhlar, turli hududlar hayotida vujudga keltiradigan oqibatlari qay darajada turli-tuman bo‘lishi mumkinligini aniqlash zarur bo‘lganda;

- qabul qilingan qaror va hujjatlar to‘g‘risida turli-tuman, bir-biriga zid fikrlar mavjud bo‘lganda;

- qabul qilingan yoki tayyorlangan qaror yetarli asoslanmaganda. Uning ijobiy va salbiy oqibatlari qanday bo‘lishi aniq bo‘lmaganda;

- qaror qabul qilayotgan organ mazkur qarorning oqibatlarini bashorat qilishga ehtiyoj sezganda;

- bir-biriga zid bo‘lgan qaror variantlari mavjud bo‘lganda.

Bizning mamlakatimizda jamoatchilik nazorati bo‘yicha tayyorlangan qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan jamoatchilik ekspertizasining maqsadi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining amaldagi qonunlarga mosligini, shuningdek, mazkur qarorlar fuqarolar manfaatlariga hamda jamoatchilik fikriga qay darajada mosligini aniqlashdan iborat.

Jamoatchilik ekspertizasi murakkab jarayon bo‘lganligi tufayli, uning ob’ektivligi va xolisligiga erishishning asosiy yo‘li ekspertlarning hamkorlikda ish olib borishidir.

Jamoatchilik nazoratining monitoring shakli. Jamoatchilik nazoratining monitoring shakli dastlab atrof-muhitdagi o‘zgarishlarni o‘rganishda qo‘llangan. Masalan, O‘zbekistonda nazoratning monitoring shakliOrolbo‘yi mintaqasida bir qator holat va ko‘rsatkichlarnikuzatish maqsadida o‘tkazilgan. Jamoatchilik nazoratiga ekologiya sohasidan kirib kelgan mazkur usul, keyinchalik, jamiyat hayotining boshqa sohalarida ham qo‘llana boshladi.

Mamlakatni modernizatsiyalash jarayonida mavjud muammolarni hal qilish yangi muammolarni keltirib chiqaradi. Lekin, vujudga kelayotgan yangi muammolar taraqqiyotning yangi, yuqoriroq bosqichida, shu bosqichning talablariga mos ravishda hal qilinadi. Ana shunday muammolarni samarali hal qilish uchun jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar tadrijini muntazam tahlil qilish zarurati vujudga keladi. Ana shunday tahlil talablariga jamoatchilik monitoringi to‘la javob beradi. Ijtimoiy munosabatlar tadrijini tashxis qilish va bashorat qilish vazifasini bajaruvchi jamoatchilik monitoringi, ayni paytda, mazkur jarayonlarni boshqarish bo‘yicha tezkor axborot olish imkonini ham beradi.

Jamoatchilik monitoringining boshqa tadqiqot usullaridan afzalligi shundaki, uning yordamida ijtimoiy ko‘rsatkichlarning keng doirasi bo‘yicha olinadigan ma’lumotlarni muntazam to‘ldirib va uyg‘unlashtirib borish imkoni paydo bo‘ladi. Axborotlarni ana shunday to‘ldirish va uyg‘unlashtirish asosida muntazam yangilanib turuvchi axborot banki yaratiladi. Ayni mana shu afzalligi jamoatchilik monitoringining keng tarqalishi uchun asos yaratmoqda.

Jamoatchilik monitoringi jamoatchilik faolligining yangi shakli bo‘lib, muayyan tizimlar to‘g‘risida muntazam va ilgarilab boruvchi axborot olish imkonini beradi. Olingan axborotlarda tizimning holati monitoring ko‘rsatkichlari yordamida ifodalanadi. Monitoring ko‘rsatkichlari komplekslik va integrativlik mezonlari asosida shakllanadi. Komplekslik tushunchasi tizimning turli tarkibiy qismlari to‘g‘risida axborot olishni anglatsa, integrativlik mezoni olinayotgan axborotning o‘sha tarkibiy qismlari o‘zaro ta’sirini ifodalashni ta’minlaydi. Mazkur axborotlar tizimdagi miqdoriy va sifat o‘zgarishlarni o‘zaro aloqadorlikda ifodalaydi.

“Monitoring” tushunchasi muayyan ob’ektlarning holati to‘g‘risida maxsus tashkil etilgan tizimli kuzatishni anglatadi. Masalan, atrof-muhitni monitoring qilish tabiatdagi ob’ektlarning holati va ulardagi o‘zgarishlarni kuzatishni anglatadi.

Jamoatchilik monitoringi nodavlat notijorat tashkilotlar va umuman, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan davlat hokimiyati organlari faoliyatining amaldagi qonunchilikka mos yoki mos emasligini nazorat qilish maqsadida amalga oshiriladi. Jamoatchilik monitoringi davlat hokimiyati organlari faoliyatiga baho berish bilan birga, zarur bo‘lgan hollarda ularni korreksiya qilish imkonini ham yaratadi.

Jamoatchilik monitoringi quyidagi tamoyillarga asoslanib o‘tkaziladi:

- tizimlilik va xolislik;

- qonuniylik va ochiqlik;

- olinayotgan ma’lumotlarning ishonchliligi.

Ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlarni jamoatchilik monitoringidan o‘tkazishning maqsadi mazkur dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdir. Bunday tavsiyalar monitoring natijalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish asosida qabul qilinadi.

Ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlarni jamoatchilik monitoringidan o‘tkazish texnologiyasi o‘zaro bog‘liq va muayyan ketma-ketlikda tashkil etilgan harakatlar yig‘indisi bo‘lib, ularni amalga oshirish manfaatdor shaxs va tashkilotlarga, birinchi navbatda, nodavlat notijorat tashkilotlarga ijtimoiy ahamiyatga molik mazkur dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish imkoniyatini beradi. Bunday ishtirok aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning sifati va samaradorligini oshirishni nazarda tutadi.

Jamoatchilik monitoringi bir necha usullardan foydalanib o‘tkaziladi. Bunday usullar jumlasiga quyidagilarni kiritish mumkin: statistik tahlil; budjet tahlili; huquqiy tahlil; so‘rovnomalar; intervyu.

Monitoring o‘tkazish dasturimuammoli vaziyatni tavsiflashni ham qamrab oladi.Monitoring ana shu vaziyatni statistik ma’lumotlar, ommaviy axborot vositalarida chop etilgan ma’lumotlar, shuningdek, boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar asosida tahlil qilishni nazarda tutadi. Ana shunday tahlil asosida ijtimoiy ahamiyatga molik dasturlarning mazmuni, maqsadga yo‘naltirilganligi muammoni hal qilish uchun belgilangan tadbirlarning yetarli yoki yetarli emasligi, asoslanganligi, amalga oshirish mexanizmlari mavjudligi, jamoatchilik fikri hisobga olingani yoki olinmaganligi, uni tuzishda jamoatchilikning ishtirok etish darajasi baholanadi.

Jamoatchilik monitoringidan o‘tkazishning tashkiliy shakli tashabbuskor tashkilot tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hisoblanadi. Loyihada jamoatchilik monitoringini tashkil qilishning asosiy bosqichlari ifodalangan bo‘ladi: tayyorgarlik ko‘rish bosqichi, jamoatchilik monitoringi bo‘yicha tadbirlarni tashkil qilish bosqichi, yakunlovchi bosqich.

Jamoatchilik muhokamasi. Jamoatchilik muhokamasi ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar, me’yoriy-huquqiy hujjatlarning loyihalari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qaror, buyruq va farmoyishlari, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan boshqa hujjat va materiallarni tahlil qilishga bag‘ishlanadi. Amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi o‘zgarishlar kiritish, yoki ularni yangi tahrirda qabul qilish zarur bo‘lgan hollarda jamoatchilik fikri hisobga olinishini ta’minlash maqsadida o‘tkaziladi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda qabul qilinadigan qonun loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish odat tusiga kirdi. Milliy ong va milliy ma’naviyatning tiklanishi va rivojlanishi natijasida qonunlardan tashqari, ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan boshqa hodisalarni muhokama qilish ham ijtimoiy amaliyotda mustahkam o‘rin egallay boshladi.

Oliy Majlis fuqarolarning vakillik organi sifatida mamlakat hayotida muhim rol o‘ynaydi. Shunday bo‘lsa ham, Qonunchilik Palatasi hamda Senat a’zolari qonunlarning sifatli bo‘lishi hamdaijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini egallashini ta’minlash uchun, ularning loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazishga ehtiyoj sezadilar. Bundan tashqari, qonunlar legitimlikka ega bo‘lishi uchun, keng xalq ommasini ularning muhokamasiga jalb qilish zarur bo‘ladi. Qonunlarning loyihalari bo‘yicha loyiha mavzusi bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan ekspertlar jalb qilinadi. Ayni paytda, qonunlarni qabul qilishda ekspertlardan tashqari, turli maqsadli guruhlarga murojaat qilish ham zarur bo‘ladi. Bunday maqsadli guruhlarga mazkur qonunning qabul qilinishidan manfaatdor bo‘lgan tomonlarni kiritish mumkin. Masalan, chorvachilikni rivojlantirishga oid qonun qabul qilinmoqchi bo‘lsa, uning loyihasi muhokamasiga, birinchi navbatda, chorvadorlarning vakillari jalb qilinishi kerak. Bundan tashqari, chorva hayvonlariga yem-xashak yetkazib beruvchi dehqonlar, omuxta yem yetkazib beruvchi sanoat vaklillarini ham jalb qilish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, chorvachilik mahsulotlarini iste’mol qiluvchi keng xalq ommasi vakillari ham ishtirok etishi shart bo‘ladi.

Mana shu bir qonun loyihasini muhokama qilishga jalb qilinganlar orasida bir necha maqsadli guruh vakillarini ko‘rish mumkin. Sanab o‘tilgan guruhlardan tashqari, qonun loyihasini muhokama qilishga mamlakatimizdagi ijroiya va qonun chiqarish organlarining, shuningdek, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillarini ham jalb etish maqsadga muvofiq. Bulardan tashqari, qonun loyihasini muhokama qilishda fuqarolik jamiyatlari institutlari (kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar, yoshlar tashkilotlarining vakillari ham) ishtirok etishi zarur bo‘ladi. Sanab o‘tilganlardan tashqari, mamlakatdagi har bir fuqaro qonun muhokamasida ishtirok etishi mumkin.

Jamoatchilik muhokamasi o‘z mohiyatiga ko‘ra, ijtimoiy-siyosiy jarayon bo‘lib, davlat boshqaruvida siyosiy qadriyatlarni, ya’ni fuqarolarning siyosatni ishlab chiqishdagi ishtirokini ta’minlashga qaratilgan bo‘ladi. Davlat boshqaruvi uchun siyosiy qadriyatlardan tashqari, huquqiy qadriyatlar ham xos bo‘lib, ular siyosiy qarorlar qabul qilish chegaralarini belgilab beradi, alohida fuqarolarning va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlarini himoya qiladi. Qarorlar qabul qilishda siyosiy va huquqiy qadriyatlardan tashqari, boshqaruv qadriyatlari ham mavjud bo‘lib, ular qonunlarni amalga tadbiq qilish jarayonida namoyon bo‘ladi. Huquqiy qadriyatlar jumlasiga huquqning ustuvorligi, tenglik kabilar kirsa, boshqaruv qadriyatlariga boshqaruv organlari faoliyatining samaradorligi, optimalligi kabilarni kiritish mumkin.

Jamoatchilik muhokamasini o‘tkazishda ishtirokchilar oldindan ro‘yxatdan o‘tishlari, xulq-atvor qoidalariga hamda jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish reglamentiga amal qilishlari shart.

Muhokama qilinayotgan loyihani ko‘rib chiqayotgan davlat hokimiyati organi yoki mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organi jamoatchilik muhokamasi tashkilotchisini mazkur tavsiyalarni ko‘rib chiqish muddati va tartibi to‘g‘risida oldindan xabardor qilishi shart.

Jamoatchilik surishtiruvi. Jamoatchilik surishtiruvi keng jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan va kam o‘rganilgan, ayni paytda, jamoatchilik qiziqishini uyg‘otgan muammoni atroflicha va batafsil tadqiq etish maqsadida o‘tkaziladi. Jamoatchilikning qiziqishini uyg‘otadigan masalalar jumlasiga jinoyatchilikni fosh etish yoki oldini olish, jamoat tartibini buzish, korrupsiya va adolatsizlikni fosh etish, odamlarning salomatligi va xavfsizligini himoya qilish, ijtimoiy muhim masalalar bo‘yicha yetarli ma’lumot asosida qarorlar qabul qilinishi uchun zarur bo‘lgan axborotni ommalashtirish kabilarni kiritish mumkin.

Jamoatchilik surishtiruvining ob’ekti ko‘pchilikni qiziqtirgan har qanday hodisa, voqea yoki tamoyil bo‘lishi mumkin.

Boshlangan surishtiruvlarda mazkur muammoga qiziqqan jamoat tashkilotining har qanday a’zosi ishtirok etishi mumkin. Jamoatchilik surishtiruvini boshlagan jamoat tashkiloti jamoatchilik surishtiruvining yetakchisi mavqeiga ega bo‘ladi. Yetakchi surishtiruvga foyda keltirishi mumkin bo‘lgan mutaxasis va shaxslarni jalb etishi mumkin. Shu bilan birga, yetakchi surishtiruvning har qanday bosqichida har qanday ishtirokchini surishtiruvdan chetlashtirishi mumkin. Bunda u chetlashtirishning sabablarini bayon qilishi lozim.

Yetakchi tashkilotning qarorisiz masalani muhokama bosqichiga olib chiqishi mumkin emas. Shuning uchun masalani keyingi bosqichga olib chiqishdan avval yetakchi avvalgi bosqichda barcha vazifalar bajarilganiga ishonch hosil qilishi lozim.

Surishtiruvning barcha bosqichlarini yopiq rejimda o‘tkazish tavsiya etiladi. Bu esa, surishtiruv doirasidagi barcha masalalar, tahlillar, tortishuvlar va boshqa materiallar faqatgina surishtiruv ishtirokchilariga ma’lum qilinishini anglatadi. Bundaycheklash oxirigacha tekshirilmagan axborot va materiallartarqab ketishining oldini olish maqsadida amalga oshiriladi. Biroq, surishtiruv jarayonida shunday vaziyat ham vujudga kelishi mumkinki, unda surishtiruv olib borilayotganiga jamoatchilikning e’tiborini tortish zarur bo‘lib qoladi. Bunday hollarda surishtiruvga yangi odamlar, yangi ekspertlar va jurnalistlarni jalb qilishga to‘g‘ri keladi.

Surishtiruvning yakunlari bo‘yicha tayyorlangan hujjat jamoatchilik muhokamasiga olib chiqiladi. Muhokama jarayonida bildirilgan taklif, mulohaza va e’tirozlar yakunlovchi hujjatda aks ettiriladi. Yakunlovchi hujjat ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullangandan keyin, u jamoatchilikka yetkazilishi, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi mumkin.



Yüklə 480,36 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   114   115   116   117   118   119   120   121   ...   128




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin