Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLidep) – 2003 yilning 15 noyabrida tuzilgan. Partiya o‘zining asosiy maqsadi sifatida – tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlarning yanada kengroq faoliyat yuritishlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish, ularning istiqbolini ham nazariy, ham amaliy jihatdan asoslab berish, jamiyatning mazkur qatlami manfaatlarini himoyalash va ertangi kunini ta’minlash ekani qayd etiladi. O‘zLidepning a’zolari soni 252 ming nafarni tashkil etadi. Partiya siyosiy kengashi raisi – Aktam Xaitov. Matbuot organi – “XXI asr” ijtimoiy-siyosiy gazetasi.
O‘zbekistonda yana bir siyosiy partiya - O‘zbekiston ekologik partiyasi paydo bo‘ldi. O‘zbekiston Ekologik harakatining 250 nafar vakillari ishtirokida Toshkentdagi Xalqaro savdo markazida tashkil etilgan majlisda, O‘zbekiston Ekologik partiyasini ta’sis etish haqidagi qaror qabul qilindi. Partiyaning Markaziy Kengashi a’zolari, Nazorat-taftish komissiyasi a’zolari saylab olindi.
Delegatlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida O‘zbekiston ekologik partiyasi Ustavi va Dasturi loyihalari hamda s’ezdda ko‘rib chiqilgan boshqa masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.Partiyaning ramzlari tasdiqlandi.
Bu O‘zbekiston siyosiy hayotida muhim yangilik. Shu kunga qadar Respublikada 4ta siyosiy partiya mavjud edi: O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi (Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati).
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Ekologik harakati 2008 yil 2 avgustda tashkil etilgan edi. Keyinchalik Ekoharakat O‘zbekistonda eng faol jamoat tashkilotlaridan biriga aylandi. Harakatning vakolatxonalari barcha viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ochildi. Shuningdek Ekoharakat deputatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidan o‘n beshta o‘rin ajratildi. Ekoharakat rahbari - Alixanov Boriy Botirovich O‘zbekiston Oliy Majlisi spikeri o‘rinbosari lavozimiga saylandi.
So‘ngi yillarda, O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimini shakllantirish va faoliyati samaradorligini oshirish borasida yetarlicha huquqiy asoslar yaratildi deyishimiz mumkin. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to‘g‘risidagi”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risidagi”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risidagi”, “Siyosiy partiyalar faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risidagi”, “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risidagi” qonunlarini alohida takidlash lozim.
Bundan tashqari, 2018 yilning 4 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, respublikada Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish hamda barcha darajadagi saylovlar tizimiga Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini ishlab chiqish va joriy qilish vazifalari belgilab berildi.
Shuningdek, amaldagi siyosiy partiyalarning 1994 y, 1999 y, 2004 y, 2009 y. va 2014 yillardagi Oliy Majlis va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylovlarda ishtiroki va saylovlar jarayonida orttirilgan o‘ziga xos tajribasi ham O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimining rivojiga ijobiy ta’sir etadi, albatta.
Birinchidan, amaldagi siyosiy partiyalar o‘z harakati va faoliyati jihatidan jamiyatdan, elektoratdan uzilib qolgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Siyosiy partiyalar dasturlarida individuallik va raqobatni ko‘ra olmaymiz. Mazkur partiyalar rasmiy hukumat tomonidan olib borilayotgan siyosatga nisbatan muqobil dastur va modellarni ilgari surish qobiliyatiga ega emas. Shuni ta’kidlash lozimki, har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo‘lib, uning o‘tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi
Ikkinchidan, eng asosiy muammolardan yana biri bu haligacha siyosiy partiyalarning ijtimoiy asosi – elektorati to‘liqligicha shakllantirilmagani hisoblanadi. Shuningdek, amalda siyosiy partiyalar bilan, ular o‘z elektorati deya e’lon qilgan, ijtimoiy guruhi o‘rtasida “qayta aloqa” tizimi mavjud emas. Ijtimoiy hayotimizda shunday omil ko‘zga tashlanadi-ki, bugungi kunda, go‘yoki siyosiy partiyalar o‘z hayotida, elektorat esa o‘z hayoti bilan yashamoqda;
Uchinchidan, hozirgi kunda, siyosiy partiyalar tashkilotlarida kadrlar muammosi juda dolzarbligicha qolmoqda. Partiya tizimida hali-xamon yoshi o‘tgan va eskicha fikrlaydigan parttashkilotchilar faoliyat olib bormoqda. Oylik maoshining pastligi, partiya tashkilotlari tizimida o‘rnatilgan byurokratik tizim va boshqa faktorlar sababli yosh, tashabbuskor, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar siyosiy partiyalar tizimiga kelishmayapdi;
To‘rtinchidan, eng asosiy muammolardan yana biri bu – siyosiy partiyalarning o‘zida demokratiyaning sustligidir. O‘zlarini “demokratik” partiya deya e’lon qilgan mazkur siyosiy partiyalarning faoliyatida demokratiyaga xos bo‘lmagan kayfiyat ustuvorligini kuzatish mumkin. Bular, partiya boshqaruv organlari saylovida, siyosiy partiyadan deputatlikka nomzodlarning ko‘rsatilishida, partiya tizimida o‘rnatilgan chuqur vertikal munosabatlarda yaqqol ko‘rinadi. Mazkur holatlar esa, aslida jamiyatda demokratiyani mustahkamlashga qaratilgan fuqarolik jamiyati instituti hisoblanmish – siyosiy partiyalarning xalq oldidagi imidjini tushishiga olib kelishi shubhasiz.
Dostları ilə paylaş: |