To‘rtinchidan, mamlakat iqtisodiy strategiyasini amalga oshirishni o‘z zimmasiga olish darajasida qudratli, ayni vaqtda fuqarolik jamiyatining negizini tashkil etadigan xususiy sektorni shakllantirish ham davlat oldida turgan ulkan vazifalardan biridir.
Ko‘rinib turganidek, fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslari o‘ta murakkabligi bilan turli savollarni yuzaga keltiradi. Bu esa avvalo erkin bozor munosabatlari borasida yuzaga keladigan munozaralarga borib taqaladi. Fuqarolik jamiyati nuqtai nazaridan bozor sharoitida davlatning ahamiyati alohida e’tibor talab etadi.
Davlat hamisha mustaqil, qudratli institut bo‘lib, kichik tadbirkorlik sub’ektlaridan tortib yirik korxonalarga qadar bo‘lgan tuzilmalarni tashkil etadi. Albatta, jamiyat va davlatning birlamchiligi haqida gap ketganda albatta davlatning yetakchiligi e’tirof etiladi. O‘tish davrida faqat davlatgina ulkan islohotlarga bosh bo‘lgan holda jamiyatda tub burilish yasashga qodir.
Albatta, jamiyatda ro‘y beradigan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar islohotlarning pishib yetishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ammo davlat har qanday islohotni jadallashtirish yoki aksincha, unga to‘siq bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston sharoitida davlat barcha sohalardagi islohotlarga boshchilik qilmoqda. Ammo xususiy sektorni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan mustaqil o‘rta qatlamning shakllanib bo‘lganligini e’tirof etish mushkul. Jadallik bilan shakllanib kelayotgan o‘rta mulkdorlar qatlamida uyushmalarga a’zolik madaniyati, fuqarolik jamiyati institutlariga birlashgan holda faoliyat yuritishga qodir mustaqil kuchga aylanganligini ta’kidlash qiyin.
Ba’zi mamlakatlarda erkin bozor iqtisodi shakllanish jarayonida davlatning ahamiyati pasayib xususiy soha ommabop bo‘la borgani sari, ijtimoiy tabaqalanish kuchaygani holda odamlarning aksariyati butunlay xususiy sohaga o‘tib ketishi ro‘y berganligi kuzatilgan. Xususiy sohaning o‘ta rivojlanib ketishini fuqarolik jamiyati sifatida talqin etish noo‘rin. Boshqacha aytganda, xususiy soha qanchalik rivoj topmasin, fuqarolik jamiyati institutlariga birlashgan holda o‘z manfaatlarini davlat oldida himoya qilish ko‘nikmasi shakllanmas ekan, bunday jamiyatni fuqarolik jamiyati deyish mumkin emas. Bundan tashqari, jamiyat a’zolarida aynan bozor qonuniyatlari negizida yangicha mohiyatga ega bo‘lgan umumiy ko‘nikmalar shakllanishi maqsadga muvofiq. O‘z manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan faoliyat yuritayotgan fuqaro davlat organlari oldida o‘ziga xos tarzda siyosat yuritadi. Bu ma’noda fuqaro o‘zining xudbin manfaatlari yo‘lida emas, balki jamiyatda ko‘pchilikni tashkil etgan xususiy mulkdorlar manfaatlarining ifodachisi sifatida maydonga chiqadi. Bu yerda fuqaroning siyosatchiligi uning professional ma’nodagi faoliyatidan emas, balki jamiyat manfaatlarini ifodalashga qaratilgan fuqarolik burchidan kelib chiqadi.
Ma’lumki fuqarolik jamiyati kishilarning umumiy maqsadlari va vazifalari borasida o‘zaro munosabatga kirishishlari va bu munosabatlarni tartibga solish zaruratidan vujudga kelgan hodisadir.U bozorqonuniyatlari tufayli ham emas, hokimiyatning buyrug‘i bilan ham emas, balki jamoatchilikning tashabbusi asosida, erkin fuqarolardan tashkil topgan turli guruh va birlashmalarning mustaqil faoliyati natijasi sifatida pishib yetilgan. Kishilar aynan ijtimoiy foydali faoliyat yuritish qobiliyatiga ega bo‘lganliklari uchun ham fuqaro deb nomlanishadi.
Fuqarolik jamiyati rivojida so‘zsiz bozorning ham, davlatning ham ahamiyati yuksak bo‘lsa-da, ularni aralashtirib yuborish maqsadga muvofiq emas. Zero davlat fuqarolik jamiyatisiz ham mavjud bo‘la oladi, biroq fuqarolik jamiyati sharoitida davlat o‘zgacha ko‘rinish va usullarga ega bo‘lgan institut sifatida namoyon bo‘ladi.
Shundan kelib chiqqan holda ta’kidlash kerakki, bozor munosabatlariga o‘tish bilan fuqarolik jamiyatini barpo etish ikki xildagi masala bo‘lib, o‘z maqsad va vazifalari nuqtai nazaridan ular bir-biriga aynan mos kelmaydi. Avtoritar boshqaruv bilan ham bozor munosabatlariga o‘tish mumkin bo‘lsa, bunday boshqaruv usuli bilan fuqarolik jamiyatiga o‘tish aslo mumkin emas. Bu ikki vazifani bir-biri bilan aralashtirish iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga ham, demokratlashtirish jarayoniga ham xalaqit beradi. Demokratik islohotlar hamda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishni erkin bozor munosabatlariga o‘tish bilan umumlashtirish xudbinlikka yo‘g‘rilgan xususiy mulkchilik hissiyoti bilan fuqarolik hissiyotini aralashtirishni anglatadi. Aslida esa, bu masalada jiddiygina aniqlik talab etiladi. Har bir kishining xususiy mulkka egalik qilish huquqi, ko‘pgina hollarda xususiy mullka ega bo‘lishgina fuqarolik jamiyatini shakllantirishga asos bo‘ladi, deya tushuniladi. Aslida esa xususiy mulkka ega bo‘lmagan, ishchi kuchidan iborat aholi jamiyatning aksariyat qismini tashkil etadi. Demak, bu borada faqatgina xususiy mulk emas, balki mulkdor bo‘lmaganlarning manfaatlarini ifoda etuvchi fuqarolik jamiyati institutlarining mavjudligi ham fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslarini tashkil etadi. Xususiy hayotning mutlaqlashtirilishi nafaqat fuqarolik jamiyatiga to‘sqinlik qiladi, balki avtoritar xarakterdagi boshqaruvga qaytishni taqozo qilaveradi.
Fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asoslari erkin bozor iqtisodiyoti bilan chambarchas bog‘liqdir. Demokratik jamiyat boshqa erkinliklar barobarida o‘z qonuniyatlari bilan taraqqiy topadigan xo‘jalik tizimini taqozo etadi. Faqat ana shu qonunlar asosidagina muvaffaqiyat bilan tadbirkorlik faoliyatini yuritish mumkin. Eng muhimi yakka holda bozor qonunlariga qarshi kurashish mushkul. Tadbirkorlarning turli xil uyushmalari, ya’ni fuqarolik jamiyati institutlari bu masalalarni hal etishni osonlashtiradi.
Fuqarolik jamiyati mavjud bo‘lmagan sharoitda bunday bozor davlatning qattiq nazorati bilangina tartibga solinishi mumkin. Davlat organlarining korrupsiyaga aralashib ketishi ehtimoli yuksakligini hisobga oladigan bo‘lsak, erkin bozorning shakllanishi sharoitida ko‘pgina mansabdorlarning jinoiy to‘dalar ta’siri ostida tom ma’nodagi erkin bozorni shakllantirishga to‘sqinlik qilishini kuzatish mumkin.
Ko‘rinib turganidek, fuqarolik jamiyati mavjud bo‘lmagan holatda bozorda beshafqat qonunlar hukm surishi kuzatiladi. Korrupsiya domiga tortilgan davlat mansabdorlari ko‘pgina hollarda qonunbuzarliklarga qarshi kurashga bardosh bera olmay qoladi. Davlat bunday boshboshdoqlikka qarshi kurashga intilar ekan, odatda fuqarolik institutlaridan foydalanmaydi va qaytadan avtoritar usul hamda qog‘ozbozlikka duchor bo‘ladi. Bu esa bozor munosabatlarining ko‘psonli ishtirokchilarining faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Erkin bozor munosabatlariga o‘tishda kuchli hokimiyatga tayanish zarurligi haqida fikrlar mavjud. Kuchli hokimiyatning bozor munosabatlarini tartibga solishi turli talqinlarga ham sabab bo‘ladi. Zero, fuqarolik jamiyatida erkin bozor, siyosiy erkinliklar va demokratiya hamda jamiyatda yuzaga keladigan muammo va mojarolarni mustaqil sudlar vositasida hal etish nazarda tutiladi. Ma’lumki, bozorning erkinligi tabiiy ravishda yakkahokimlikka olib keladi va o‘z-o‘zini boshqarish qonuniyatini buzadi. Ba’zi mamlakatlarda bozorda yakkahokimlikka erishgan kompaniyalar davlat apparati bilan birlashgan holda fuqarolik jamiyatiga qarshi turishgan. Natijada bunday mamlakatlarda o‘tgan asrning birinchi yarmida sotsializmga nisbatan “yumshoqroq” bo‘lgan totalitar tizimlarning shakllanishi ro‘y bergan (Italiya, Germaniya). O‘z-o‘zini boshqarish qobiliyati kuchli bo‘lgan jamiyatlarda esa davlat fuqarolik jamiyati tarafiga o‘tib, yakkahokim kompaniyalarga qarshi harakat qilgan. G‘arbiy Yevropaning ko‘pgina mamlakatlari tarixidan ma’lum bo‘lishicha, erkin bozor munosabatlari sharoitida ko‘zga tashlangan boshboshdoqlikka barham berish zarurati davlat tomonidan anglab yetilgan. Natijada an’anaviy mazmundagi erkin bozor munosabatlariga barham berilgan va davlat rang-barang ijtimoiy guruhlarning manfaatlarini himoya etish maqsadida, bozorni muvofiqlashtirish yo‘liga o‘tgan. Biroq, shuni alohida ta’kidlash kerakki, davlat tomonidan tartibga solinadigan bozor muvaffaqiyatga erishishi uchun mamlakatda ilgaridan erkin bozor munosabatlari mavjud bo‘lgan bo‘lishi zarur. Boshqacha aytganda, erkin bozor munosabatlari tajribasini boshidan o‘tkazmagan, xususiy mullka asoslangan bozor sharoitida erkin raqobatga asoslangan tadbirkorlik an’ana va ko‘nikmalariga ega bo‘lmagan mamlakatlarda davlat tomonidan bozor tartibga solinadigan bo‘lsa, tom ma’nodagi bozor munosabatlarini rivojlantirish mushkul bo‘ladi. Bunday mamlakatlarda tom ma’nodagi iqtisodiy elitaning shakllanishi ehtimoli juda kam bo‘lib, iqtisodiy taraqqiyot to‘laligicha davlatning zimmasida qolib ketadi. Bunday sharoitda mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini o‘z yelkasiga oladigan mulkdorlar jamiyatning aksariyatini tashkil eta olmaydi. Uning o‘rniga davlat hokimiyati tomonidan boshqariladigan o‘ziga xos yarim erkin bozor munosabatlari shakllanadi.
Shunday qilib fuqarolik jamiyatining iqtisodiy asosini xususiy mulkka tayanadigan ko‘p ukladli bozor iqtisodiyoti tashkil etadi. Shunday ekan fuqarolik jamiyatini barpo etishga intilgan har qanday mamlakatda o‘rta mulkdorlar qatlamini shakllantirish jarayonini jadallashtirish zarur. Zero, o‘tish davrida davlatning zimmasida bo‘lgan ko‘plab vazifalarni fuqarolik jamiyati rivojlanishi bilan aynan o‘rta qatlam o‘z zimmasiga oladi. Bu esa ixtiyoriy va ko‘ngilli uyushmalar yordamida rivojlanadigan, sog‘lom raqobatga tayanadigan bozor qadriyatlari ustuvor bo‘lgan tom ma’nodagi fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga asos bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |