Biogeosenotik (ekologik) usul – bunda biogeosenozning barcha komponentlarini: tuproq, o‘simliklar, jonivorlar, mikroorganizmlar, atmosfera, tabiiy suvlar, tog‘ jinslarini, geografik muhitning muayyan sharoitlarini hisobga olgan holda va bir vaqtning o‘zida bir-biri bilan bog‘liq holda o‘rganish tushuniladi.
Modellashtirish – obyektning ba‘zi bir xossalari va belgilarini bevosita uning o‘zida emas, balki boshqa, shu obyektga o‘xshash bo‘lgan obyekt (model) da tadqiq qilish usuli.
Tuproqlar kaliti usuli – tuproqlar kaliti kichikroq maydonlarni sinchiklab genetik-geografik analiz qilish va olingan xulosalarni tuproq qoplami bir xil strukturali yirik maydonlarga qo‘llashga asoslangan. Tuproq monolitlari usuli – tuproq jarayonlarini tabiiy tuzilishi buzilmagan tuproq kolonkalarida (monolitlarda) fizik modellashtirish (namning, tuzlarning xarakati va x.z.) prinsipiga tayanadi.
Tuproq lizimetrlari usuli tabiiy tuproqlardagi moddalarning vertikal ko‘chishi jarayonlarini lizimetrlar yordamida o‘rganishda keng foydalaniladi. Tuproq – rejim ko‘zatishlari usuli bir tuproqning o‘zida uzoq vaqt mobaynida (bir mavsumda, vegetasiya davrida, bir yilda, bir necha yilda) berilgan vaqt oraliqlarida u yoki bu parametr (ko‘rsatkich) larni (namlik, temperatura, tuzlar, gumus, azot va boshqa oziq elementlari) miqdorini o‘lchash asosida hozirgi tuproq hosil bo‘lish kinetikasini tekshirishda qo‘llaniladi.
Vegetasion idishlar usuli tuproq – o‘simlik sistemasida o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganishda keng qo‘llaniladi. Aerokosmik usul. Tuproqshunoslikda aerokosmik usullar bir tomondan, yer yuzasining spektorning turli diapazonlarida va turli balandlikdan olingan fotosuratini asboblar yordamida yoki oddiy ko‘z bilan o‘rganishni, ikkinchi tomondan tuproqning spektral qaytarish yoki yutish qobiliyatini bevosita samolyotlar va kosmik apparatlardan turib o‘rganishni o‘z ichiga oladi.
Tuproqlar geografiyasi, tuproqning bir qator muhim xossalari-namlik, zichlik, tuz miqdori, gumuslilik va boshqalar dinamikasi shu usul bilan tekshiriladi. Tuproqli so‘rim usuli har bir erituvchi (suv, turli kislotalar, ishqorlar yoki har xil konsentrasiyali tuzlar eritmalari, organik erituvchilar – spirt, aseton, benzol va x.z. lar) ta‘sirida nazorat qilinadigan sharoitda tadqiqotchini qiziqtiruvchi qandaydir ma‘lum guruhdagi birikmalarni tuproqdan ajratib olishga asoslangan. Tuproqshunoslikda radioizotoplar usuli tuproqlar va ekosistemalardagi u yoki bu elementlar va ular birikmalarining ko‘chish jarayonlarini nishonlangan atomlar asosida o‘rganishda qo‘llaniladi. Tadqiqot o‘tkaziladigan joyga ko‘ra dala va laboratoriya tuproq tekshiruvlariga bo‘linadi.
Dala sharoitida o‘tkaziladigan tuproqshunoslikka oid tadqiqotlar tuproqlarni o‘rganishning ekspedision va stasionar usullari rekognossirovka maqsadidagi marshrutli tuproq tekshiruvlari, berilgan masshtabda tuproq qoplamining kartosxemasini olish, maxsus stasionarlarda, tajriba stansiyalarida ko‘p yillik rejimli ko‘zatishlar, tuproqlar meliorasiyasi va transformasiyasiga doir tajribalar (shu jumladan ishlab chiqarish sharoitlarida); tabiiy sharoitlardagi modelli tajribalarni (shu jumladan lizimetrlar va stok maydonlaridan foydalanib) o‘z ichiga oladi. Tadqiqotning laboratoriya usullarida tuproqlarning fizik, minerologik, mikromorfologik xossalari tekshiriladi, tuproq jarayonlari fizik va matematik modellashtiriladi, dala ishlari ma‘lumotlari ishlab chiqiladi. Fizikaviy, fizik – kimyoviy, kimyoviy va biologik analitik usullar. Tuproqning xossalari va tarkibini o‘rganishda qo‘llaniladi. Tuproqshunoslikda sistemali uslubiy yondoshuvdan keng foydalaniladi. Bunda tuproq bir tomondan o‘zaro bog‘liq holda harakat qiluvchi ko‘plab kichik sistema - bloklardan iborat bo‘lgan yaxlit sistema deb qaralsa, ikkinchi tomondan, biosfera va ekosferaning ekosistemalaridagi kichik sistema deb qaraladi.