Mustaqillik yillarida madaniyat va san’atning rivojlanishi.
Millatlararo va dinlararo munosabatlardagi barqarorlik.
1. Mustaqillik yillarida ma’naviy va ma’rifiy hayot
Har qanday jamiyat taraqqiyoti, uning u yoki bu vaqt va makondagi darajasi ko’p jihatdan fuqarolar ma’naviyati, turmush tarzi, kishilarning ma’naviy-moddiy, ijtimoiy ehtiyojlari hamda ularning qay darajada qondirilishiga bog’liqdir. Mustaqillik davrigacha va undan keyingi o’tgan tarixan qisqa muddat ichida ro’y bergan holatlar jamiyat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy-mafkuraviy sohasidagi o’zgarishlar bizga sovet mustabid tuzumi hamda istiqlol yillarida O’zbekistonning real hayotida xolisona javob izlashga va unga erishishga imkon beradi.
O’tish davri mashaqqatli va sinovli yillar bo’lib, barcha sohalarda islohotlar olib borildi va davom ettirilmoqda. Ayniqsa, ma’naviy hayotimizda asrlarga barobar ulkan ezgulik ishlari amalga oshirilmoqda.
Jamiyat ma’naviyati mamlakat barqarorligi va taraqqiyotining muhim sharti va kafolatidir. Tarixdan ma’lumki, mamlakatimiz bir necha bor ajnabiy bosqinchilar hujumiga duchor bo’lgan, qaramlik va zulm ostida qolgan. Buning oqibatida xalqimizning boy ma’naviy merosi, urf-odatlari qadrsizlanishga mahkum bo’lgan. Ayniqsa, Rossiya imperiyasi va sovetlar tuzumi davrida milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz oyoq osti qilindi. Ona tilimiz, boy ma’naviy merosimiz qadrsizlantirildi, ko’plab masjid-u madrasalar, milliy maktablar, tarixiy yodgorliklar buzildi, qarovsiz qoldi.
O’zbekiston davlat mustaqilligini qo’lga kiritgan kundan boshlaboq mamlakatimizda boy ma’naviy merosimizni tiklash va rifojlantirish, jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish davlat siyosati darajasiga ko’tarildi. Jamiyat ma’naviyatini tiklash va yuksaltirishni ta’minlovchi ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning yo’nalishlari belgilab olindi.
O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.Karimov ta’kidlaganidek, “Moddiy islohotlar, iqtisodiy islohotlar o’z yo’liga. Ularni hal qilish mumkin. Xalqning ta’minotini ham amallab turish mumkin. Ammo ma’naviy islohotlar – qullik va mutelik iskanjasidan ozod bo’lish, qadni baland tutish, ota-bobolarimizning udumlarini tiklab, ularga munosib voris bo’lish – bundan og’irroq va bundan sharafliroq vazifa yo’q bu dunyoda”.
Shu borada “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchilik markazini tashkil qilish va ularning ish samaradorligini oshirishga qaratilgan 1994 yil 23 apreldagi va keyingi Prezident farmonlari Respublikada ma’naviy va mafkuraviy ishlarni yuksaltirishda katta ahamiyatga ega bo’ldi. O’zbekiston Prezidentining 2000 yilning 2 iyunidagi Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashini qo’llab-quvvatlash to’g’risidagi yangi farmoni mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy islohotlarni izchil amalga oshirish, milliy istiqlol g’oyasining asosiy tushuncha va tamoyillarini xalqimiz ongi va qalbiga singdiri borasida ulkan ishlarni amalga oshirishga qaratilgan muhim dastur bo’ldi.
Milliy istiqlol g’oyasi va mafkuraviy masalalar. Jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish sohasidagi eng asosiy vazifa milliy istiqlol g’oyasini shakllantirish va odamlar ongiga singdirishdan iboratdir.
1993 yil 23 aprel kuni O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov bir guruh adiblar bilan suhbatda milliy istiqlol g’oyasini ishlab chiqish zaruratini asoslab berdi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashiniing XII sessiyasida 1993 yil 7-may kuni nutq so’zlab, I.Karimov quyidagilarni ta’kidladi: “Milliy istiqlol g’oyasi xalqimizning azaliy an’analariga, udumlariga, tiliga, diniga, ruhiyatiga asoslanib, kelajakka ishonch, mehr-oqibat, insof, sabr-toqat, adolat, ma’rifat tuyg’ularini ongimizga singdirishi lozim.
Shu bilan birga, bu g’oya xalqimizda o’zining qudrati va himoyasiga suyangan holda, umuminsoniy qadriyatlarga asosslanib, jahon hamjamiyatidagi taraqqiy topgan davlatlar orasida teng huquqli asosda munosib o’rin egallashiga doimiy intilish hissini tarbiyalamog’i kerak”.
I.Karimov O’zbekistonning milliy istiqlol g’oyasini yaratish tashabbuskori va ijodkori bo’ldi. Milliy istiqlol g’oyasining ma’no-mazmunini ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligiga erishish, komil insonni tarbiyalash, ijtimoiy hamkorlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag’rikenglikni ta’minlash kabi insonparvar tamoyillarni o’zida uyg’unlashtirgan holda shakllandi. Milliy istiqlol mafkurasining asosiy maqsadi: ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish, deb belgilandi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda jamiyat hayotining ma’naviy-ma’rifiy asoslarini mustahkamlash, milliy istiqlol g’oyasining asosiy tushuncha va tamoyillarini hayotga joriy etish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik va mas’uliyat hissini oshirish, yot g’oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga yo’naltirilgan targ’ibot tizimi shakllandi. Bu jarayonda Ma’naviyat targ’ibot markazi, uning joylardagi tuzilmalari hamda Milliy g’oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etish lozim.
Ma’lumki, bizning davlatimizda hyech bir mafkura davlat mafkurasi sifatida o’rnatilishi mumkin emas. Milliy mafkura jamiyatimizdagi qarashlar rang-barangligi, g’oyalar xilma-xilligini saqlagan holda, ularni bir-biri bilan kurashishga, bahslashuviga, har qanday partiya, harakat, har qaysi inson, fuqaroning fikrini erkin ifoda etish va uni himoya qilishga ziyon va tazyiq ko’rsatmasligiga yo’naltirilgan.