Tayanch iboralar : texnik loyihalash , modellashtirishning metodlari
Texnik loyihalash va modellashtirishning metodlari. Bilimlarni to’g’ri idrok etishlari, anglashlari, eslab qolishlari va amalda ijodiy qo’llashlari, zarur ko’nikma va malakalarni egallashlari uchun didaktika printsiplari va o’rganiladigan materialning xarakteriga muvofiq mehnat ta’limining eng samarali metodlaridan foydalanishi kerak. Ma’lumki ta’lim metodining turli klassifikatsiyasi mavjuddir. Mehnat ta’limi, unumli mehnat va talabalarning texnik ijodkorligi amaliyoti uchun eng ma’quli o’zaro bog’liq ikkita jarayon - pedagogning rahbarlik faoliyati va talabalarning mustaqil ijodiy faoliyati yaqqol namoyon bo’ladigan - pedagog va talabalar ishining usullari bo’yicha beriladigan metodlar klassifikatsiyasidir. Bu klassifikatsiya talabalarning mehnatga tayyorlanishi va unumli mehnatda asosiy o’rinni egallaydi.
Ijodiy faoliyat metodlarining ana shunday klassifikatsiyasi sifatida quyidagilar qabul qilinishi mumkin:
Muammoli ta’lim metodlari - o’quv materialini muammoli bayon etish, izlanish suhbatlari, tadqiqot metodi;
Og’zaki metodlar - ijodiy suhbat;
Ko’rsatmalilik metodlari - ratsionalizatorlik faoliyatini kuzatish, turli ijodiy ishlarni namoyish qilish;
Amaliy ish metodlari - talabalarning mustaqil ijodiy ishlari, texnik adabiyotlar va spravochniklar bilan ishlash;
Nazorat qilish metodlari - ijodiy topshiriqlarni tekshirish, texnik masalalarni hal etish va ularni nazorat qilish.
Bunda pedagogning vazifasi har bir amaliy mashg’ulotda texnik ijodkorlikning turli metodlarini uyg’unlashtirib, talabalar o’quv materialini chuqur o’zlashtirishini ta’minlashdan iboratdir.
Texnik ijodkorlikning turli metodlari va didaktik usullari o’quv materialining mazmuniga va mashg’ulotda hal qilinadigan didaktik hamda tarbiyaviy vazifalarga qarab har xil yo’sinda qo’shib va o’zaro bog’lab qo’llaniladi.
O’quvchilarni ijodiy faoliyati jalb etish bo’yicha asosiy psixologik-pedagogik talablarni bajarish bilan birga bunday faoliyatning mazmuniga qo’yilgan maqsadga va o’quvchilarning yoshiga muvofiq metodlarni tanlash ham katta ahamiyatga ega.
Hozir qator samarador metodlar aniqlangan, ularga quyidagilar kiradi: buyumlarni konstruktsiyalash (modellashtirish), manipulyativ konstrukstiyalash, ma’lumotlari qisqartirilgan texnik hujjatlarni qo’llash, ijodiy masalalarni hal qilish, ijodiy topshiriqlarni bajarish, ilgari tayyorlangan konstruktsiyalarni o’zlashtirib, ishlarni qayta bajarish, xayoliy eksperiment, texnik vositalardan (shu jumladan trenajyorlar) foydalanib kamchiliklarni tuzatish kabilar. Ana shu metodlardan muayyan tartibda foydalanish o’quvchilarning ijodiy qobiliyatlarini o’stirish ularda texnik sohasidagi mehnatga qiziqish uyg’otish imkonini beradi.
Ijodkorlik masalalarini tadqiq qilish uslublari Intuitiv fikrlashga asoslangan ijodkorlik masalalarini tadqiq qilish uslubi evristik uslublar guruhi deb ataladi. Ixtirochilik masalalarini yechish uslublari G.S.Altshuller, L.V.Aleksandrov va boshqalar tomonidan o’rganilgan bo’lib, ular o’z tadqiqotlarida evristik hamda tahliliy uslublar guruhini ajratib ko’rsatadilar. Evristik uslub vositasida ijodkorlik masalalarini yechishga an’anaviy yondashish quyidagi tartibda amalga oshiriladi: muammodan kelib chiquvchi masala shartlarini aniqlash; xususiy hol uchun muammoni tahlil qilish va maqsadni shakllantirish; masalani hal qilish rejasini tuzish; rejani amalga oshirish va masalani qisman hal qilish; topilgan yechimlarni maqsadga muvofiqligini tadqiq qilish va maqbulini tanlash. Ijodkorlik masalalarini yechishning tahliliy uslubida muammo yechimini topish uchun uning matematik modelini qurish ko’zda tutiladi. Bu uslubda yechim aniqligi ob’yekt yoki jarayon ko’rsatgichlarining uni o’rganish uchun ishlab chiqilgan model ko’rsatgichlariga mutanosiblik darajasi bilan belgilanadi, ijodkorlik masalalarini tadqiq qilishning keltirilgan uslublarini talabalar faoliyatiga moslash uchun ularni amalga oshirish qadamlarini birmuncha soddalashtirish hamda sub’yektiv ixtirolardan foydalanish uchun qo’llashda ikkala guruhga tegishli uslublardan iborat umumiy majmua ishlab chiqish talab etiladi.
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar: Texnik loyihalash va modellashtirishning tashkiliy shakllari.
Texnik loyihalash va modellashtirishning metodlari.