Bilish nazariyasi, yo’nalishlari va asosiy muammolari Reja-fayllar.org
Bilishda obekt va subektning o‘zaro aloqasi. Bilish jarayoni juda murakkab bo‘lib, u subektiv va obektiv tomonlarning birligidan, subektning obektga tomon borishidan iborat.
Bilishning falsafiy nazariyasiga ko‘ra, bilish moddiy va manaviy borliqning inson miyasidagi muayyan maqsadga qaratilgan faol aks etishidir. Inson bilishining manbai moddiy va manaviy borliq, ularni tashkil qilgan narsa va hodisalardir. Bilish moddiy va manaviy borliqning inson miyasidagi subektiv obrazlari, ramzlari va belgilaridir. Inson o‘z miyasida faqat tabiiy va ijtimoiy borliqni, ularning qonuniyatlarini aks ettirib qolmasdan, balki o‘zining manaviy-ruhiy va insoniy borlig‘ini ham inikos ettiradi. Buning manosi shuki, inson borliqni oynada aks ettirgandek inikos ettirmaydi. Insonning dunyoqarashi, bilim darajasi, hayotiy tajribasi va hokazolar bilish jarayonida o‘z tasirini ko‘rsatadi. Bilish obektiv dunyoning subektiv obrazidir, degan fikrda katta mano bor.
Inson bilishi o‘z moxiyatiga ko‘ra ijtimoiy bo‘lib, u inson ijtimoiy faoliyatining bir shakli sifatida tabiat, jamiyat va inson tafakkuri taraqqiyotining qonunlarini inson tomonidan o‘zlashtirishning real jarayoni tarzida subekt va obektning o‘zaro munosabatida vujudga keladi.
Inson bilishining obekti va subekti deganda nimani tushunamiz?
Bilishning subekti umuman olganda insondir. Ammo abstrakt inson yo‘q, bo‘lmaydi. Shu sababli bilishning subektini borliqdagi predmet va hodisalar bilan bevosita yoki bavosita muayyan tabiiy va ijtimoiy munosabatlarda bo‘luvchi, kishi yoki kishilar guruhi tashkil qiladi.
Bilishning obekti subektning bilish doirasiga kirgan, uning bilishi qaratilgan borlikdagi aniq narsa va hodisalardir. Inson bilishining tabiatini obekt-subekt o‘rtasidagi munosabatini to‘g‘ri tushunish asosida bilib olish mumkin. Bunda inson faolligi muhim rol o‘ynaydi.
Inson borliqni faqat bilib olish uchungina o‘rganmaydi, balki u borliq va uning qonunlarini bilib olishi bilan tabiatga, jamiyatga va o‘ziga faol tasir ko‘rsatib, tabiatni, jamiyatni va o‘zini o‘zgartirib boradi. Bu erda inson bilishining amaliyot bilan chambarchas bog‘liqligini namoyon bo‘ladi.
Inson bilishini unda borliq qanday aks etishiga qarab oddiy-kundalik va ilmiy bilishlariga ajratish mumkin. Insoniyat tarixining dastlabki davrlaridayoq tabiat va olam haqidagi eng oddiy malumotlar beruvchi kundalik amaliy bilimlarning manbai, asosi kundalik turmush tajribalari bo‘lib, unga oddiy malumotlar yig‘indisi sifatidagi tarqoqlik va notizimlilik xosdir. Oddiy kundalik bilish kundalik oddiy kuzatish, hayotiy tajriba asosida borliqdagi narsa va xodisalarni insonning o‘z sezgi va tafakkurlari orqali bilishidir. Masalan, hammaga ayonki kechadan so‘ng kunduz va yana kecha kelishini va u Cheksiz davom etishini hamma biladi, yoki yil fasllarini almashinib turishi, biridan keyin ikkinchisi kelishini ham hamma biladi. Ammo hamma ham nega shunday bo‘ladi? Sababi nimada ekanligi bilan qiziqmaydi?
Kundalik bilim haqiqatni qayd etsada, uni nomuntazam va isbotsiz amalga oshiradi. Bunday bilimning xususiyati shundaki, odatda, u inson tomonidan ongsiz, kundalik tajribaga asoslangan holda qo‘llaniladi.
Kundalik noilmiy bilim tarqoq, notizimli bilim bo‘lib, u qonunlar bilan izohlanmaydi va formallashtirilmaydi. Voqea va hodisalarni ilmiylik mezonlari nuqtai nazaridan asosli tushuntirmaydi. Kundalik noilmiy bilimning qatiy tizimi va klassifikatsiyasi bo‘lmaydi.
Bugungi kunda, noilmiy bilimning quyidagi shakllari ham etirof etiladi:
Parailmiy bilim (mavjud standartlarga mos kelmaslik), yolg‘on ilm (turli aqidalardan ongli ravishda foydalanish), kvaziilmiy bilim (zo‘ravonlik va majbur qilish metodlariga asoslanib o‘ziga hamkor izlaydi), antiilmiy bilim (haqiqat haqidagi tasavvurlarni ongli buzish va utopizm), psevdoilmiy bilim (ananaviy nazariyalarni targ‘ib qiluvchi intellektual faollikda namoyon bo‘ladi) va boshqalar.
Demakki, noilmiy bilim tarqoq, notizimli bilim sifatida tushunilib, u qonunlar bilan izohlanmaydi va formallashtirilmaydi, mavjud dunyoning ilmiy manzarasiga qarama-qarshi turadi. Noilmiy bilim kimningdir uydirmasi yoki yolg‘on emasligini anglash zarur. Chunki u (ratsionallikdan farq qiluvchi) o‘zining normalari, etalonlari, bilish vositalari va manbalariga ega bo‘lgan aniq intellektual asoslarda shakllanadi.
Eng umumiy manoda ilmiy bilish obektiv olamdagi narsa va hodisalar haqida obektiv haqiqiy bilimni egallash jarayonidir. Ilmiy bilish narsa va hodisalarni izohlash, tushuntirish va bashorat qilish kabi vazifalarni bajaradi.
Ilmiy bilish esa ana shu hodisalarining mohiyati, sababi, qonun va qonuniyatlarini ochib berishga yo‘naltirganligi bilan ajralib turadi. Demakki, ilmiy bilish borliqdagi predmet va hodisalarning qonuniyatlarini, ularning mohiyatini bilishdir. Ilmiy bilish, odatda ilmiy tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar olib borish asosida amalga oshadi.
Inson bilishi bilmaslikdan bilishga, aniq bo‘lmagan bilishlardan, to‘liq bo‘lmagan, qisman bilishlardan to‘liqroq bilishlarga, oddiy bilishdan murakkab ilmiy bilishlarga tomon borishidan iboratdir.
Hissiy, mantiqiy, empirik, nazariy, intuitiv bilish darajalari, ularning o‘ziga xosligi va aloqadorligi. Inson bilishida bilishning qanday paydo bo‘lishi jihatidan hissiy, mantiqiy, empirik, nazariy, intuitiv, g‘oyibona bilish kabi ko‘rinishlari ham mavjud.
Hissiy bilish - insonning his qilishi, sezgi azolari orqali predmet va hodisalarni, ularning tashqi tomonlarini bevosita idrok qilish tushuniladi.
Hissiy bilish inson bilishining dastlabki bosqichi bo‘lib, uning natijasida inson miyasida predmet va hodisalarning belgilari, signallari, hissiy obrazlari hosil bo‘ladi.
Hissiy bilish bosqichi: his qilish, sezgi, idrok va tasavvur kabi shakllarda sodir bo‘ladi.
His qilish - inson bilishining shunday shakliki, unda kishi o‘z-o‘ziga, atrofdagi narsa-hodisalarga, kishi yoki kishilarga bo‘lgan munosabatida o‘zining muayyan holatga kirishi, muayyan holda bo‘lishidir.
Sezgi - hissiy bilishning dastlabki shakllaridan bo‘lib, u insonning borliqni, undagi narsa va hodisani bilishning o‘ziga xos ko‘rinishidir.
Sezgi va sezgilar insonning sezgi azolariga borliqdagi predmet va hodisalarning bevosita yoki bilvosita tasiri natijasida yuzaga keladigan hissiy obrazlardir. Sezgilarni hosil qiluvchi bunday sezgi azolari insonda tashqi va ichki holatlarda joylashgan bo‘lib, ular: ko‘rish, tam bilish, teri sezgisi va eshitish sezgi azolaridir, qolganlari ichki sezgi azolari hisoblanadi. Bu sezgi azolari insonning borliqni bilishida o‘ziga xos bir vosita bo‘lib, ular orqali predmet va hodisalar haqidagi dastlabki malumotlar inson miyasiga qabul qilinadi. Inson bu sezgi azolari orqali borliqdagi predmet va hodisalarning tashqi belgi va xususiyatlarini bilib oladi. Biroq his qilish va sezgilar insonning borliqni bilishi uchun hali etarli emas. Buning uchun inson o‘zining hissiy bilishida his qilish va sezgilar shakllarida hosil qilgan malumotlarini to‘plab, umumlashtirib, ularni bir butun holda inikos ettirishi ham lozim bo‘ladi. Hissiy bilishning bunday yangi shakli idrokdir.
Idrok - borliqdagi predmet va hodisalarni yaxlit hissiy obrazidir. U o‘zida his qilish va sezgilar shakllaridagi obrazlarni jamlab ifodalovchi xususiyatga ega. Biroq insonning hissiy bilishi idroklar shakllarida yuzaga kelgan hissiy malumotlar inson miyasida qayta ishlanib, hissiy bilishning yangi, yuksak shaklini hosil qiladi. Bu tasavvurdir.
Tasavvur - ilgari idrok etilgan, ammo ayni vaqtda bevosita idrok etilmayotgan predmet va hodisalarning inson miyasidagi qayta ishlanib, tiklangan hissiy obrazidir.
Hissiy bilishning tasavvur shaklida predmet va hodisalarning ikkinchi darajali, muhim bo‘lmagan xususiyatlari tashlab yuborilib, faqat ayrim muhim xususiyatlarigina inikos etgan bo‘ladi. Shu tufayli tasavvur predmet va hodisalarni umumlashtirgan, mavhumlashtirgan darajada aniq hissiy shaklida inikos ettiradi.
Aqliy yoki mantiqiy bilish hissiy bilish bergan malumotlarga suyangan holda insonning predmet va hodisalarni ularning eng muhim tomonlari, mohiyatlarini tafakkur orqali umumlashtirib, mavhumlashtirib va konkretlashtirib, ularni fikrda ifodalanishidir. Faqatgina aqliy bilishgina bizga narsa va hodisalarning mohiyatini bilib olish imkoniyatini beradi.
Aqliy bilishda inson tafakkuri borliqdagi predmet va hodisalarning izchil bog‘lanishlari va aloqadorliklarini, ularning harakat, o‘zgarish va rivojlanish qonunlarini malum fikr shakllari —tushuncha, hukm va xulosa chiqarish kabilarda ifodalaydi.
Tushuncha - predmet va hodisalar, ularning muhim va zaruriy belgi va xususiyatlarining umumlashtirilgan, mavhumlashtirilgan va ayni choqda aniqlashtirilgan fikri obrazidir. U bilish jarayonida malum guruhdagi narsalarni bazan malum, umumiy, muhim belgilariga ko‘ra umumlashgan xolda ajratib aks ettiradi. Umuman olganda, tushuncha abstrakt tafakkur shakli sifatida bazi narsalarni umumlashtirish va shu narsalar uchun umumiy bo‘lgan belgilar yig‘indisini fikran ajratish natijasidir. Tushuncha muhim jihatlar va xossalarni aniqlaydi va ularni o‘zida mujassamlashtiradi: tushuncha mohiyatning fikrda ifodalangan obrazidir. Shuning uchun ham oz sonli tushunchalar son-sanoqsiz narsalar – xossalar va munosabatlarni qamrab oladi.
Hukm — mantiqiy bilishning shunday fikriy shakliki, unda borliqdagi muayyan predmet va hodisalar, ular o‘rtasidagi bog‘lanish va aloqadorliklar haqida tasdiq yoki inkor fikr ifodalanadi. Hukm – fikrning shunday shakliki, uning yordamida tushunchalarning haqiqatga mosligi tasdiqlanadi yoki inkor etiladi.
Xulosa chiqarish - mantiqiy bilishning shunday shakliki, unda bir yoki bir necha hukmlar asosida yangi hukm — yangi fikr hosil bo‘ladi. Xulosalash inson mantiqiy bilish bosqichining yuqori shaklidir.
Shunday qilib, insonning bilish jarayoni hissiy bilish shakllari: his etish, sezgi, idrok va tasavvurlardan boshlanib, aqliy bilish shakllari: tushuncha. xukm va xulosa chiqarish shakllarida tafakkurda qayta ishlanib, bilishning «quyi» bosqichidan, «yuqori» bosqichi tomon ko‘tarilib boradi.
Xissiy va akliy bilish, bilish jarayonining bir-biridan ajralmas ikki boskichi bo‘lib, ularning birini rolini oshirib yuborish va absolyutlashtirish mumkin emas. Xissiy bilish bergan dalillarsiz akliy bilishning bo‘lishi mumkin bo‘lmaganidek, akliy bilishsiz narsa va xodisalarning moxiyatini bilib bulmaydi. Shuningdek bilish empirik va nazariy ilmiy bilish darajalariga ham bo‘linadi. Ilmiy bilishning empirik darajasi kuzatish, eksperiment, o‘lchash, guruhlarga ajratish, sinflarga bo‘lish, ilmiy tasnifga doir amallarni o‘z ichiga oladi.
Ilmiy bilishning nazariy darajasida gipotezalarni ilgari surish, ilmiy nazariyni yaratish, qonunlarni tariflash, bir gipoteza va nazariyani boshqalari bilan taqqoslash, shuningdek, umumlashtirish, tushuntirish va avvaldan aytish amallari bajariladi.
Malumki, empirik bilish biluvchi inson – subektning hissiy qobiliyatlari bilan chambarchas bog‘langan bo‘ladi. Biroq tajribaning vosita va shakllari xissiy qabullashga nisbatan muayyan avtonomlikda bo‘ladi. Masalan, bosimni aniqlovchi asbobning ko‘rsatishi qayd qilinsa, bu bilish amali hali ilmiy dalil bo‘la olmaydi. Ilmiy dalil kuzatishlar natijalarini biror fikr ko‘rinishida – yani «strelka shkala bo‘limlarining 760 mm simob ustunini ko‘rsatayapti», - degandan boshlanadi. Agar nazariy bilish to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, bu bilishda bizning hissiy qobiliyatlarimiz qatnashadi. Buning uchun elementar geometriyadagi teoremalarni isbotlashni ko‘rsatishimiz mumkin, bu erdagi fikrlar geometrik shakllarni uchburchaklar, kvadratlar, aylanalar va shunga o‘xshash qabullashimizga asoslanadi. Avvalo, bu bilish darajalari o‘zlarining predmetlari bo‘yicha farqlanadi. Izlanuvchi ilmiy bilishning bu ikki darajasida ham ayni bir obekt bilan ish ko‘radi, biroq obekt har bir darajada turlicha namoyon bo‘ladi. Empirik bosqichda subekt hodisalarni kuzatish bilan band bo‘ladi, hodisalarning munosabatlari – bog‘lanishlarini qayd qiladi. Nazariy darajada esa kuzatilayotgan hodisalarni yuzaga keltirgan sabablari to‘g‘risidagi gipotezalar aytiladi. Odatda sabablarni aniqlash o‘rganilayotgan obektning mohiyatini ochish bilan bog‘liqdir. Nazariyaning vazifasi, jumladan sababni aniqlagan holda hodisaning tabiatini tushuntirishdir.
Empirik va nazariy ilmiy bilish darajalari bilish vositalari bo‘yicha farq qiladi. Empirik darajada subekt o‘zi o‘rganayotgan obekt bilan bevosita o‘zaro tasirda bo‘ladi, uni kuzatadi yoki parametrlarini o‘lchaydi. Bunda bilish vositasi sifatida obekt to‘g‘risida malumot olib beradigan tegishli asboblar bilan qurollangan holda ko‘rish yoki eshitish qobiliyatidan foydalanish mumkin. Nazariy darajada subekt bilish obekti to‘g‘risida bilvosita fikrlashi mumkin, yani bunda u tajribada olingan natijalar asosida ish ko‘radi.
Ilmiy bilish darajalari shuningdek, tushuncha vositalari va tili bilan ham farq qiladi. Empirik atamalar belgilarini sistemalashtirish (tavsiflash) asosida shakllanadi. Hosil qilingan tushunchalar (atamalar) empirik tavsiflash sistemasini tashkil qiluvchi fikr – davolar tarzida tartiblanadi. Bunday empirik fikrlarni bevosita tekshirish imkoni bo‘ladi. Masalan, «dinamometrning strelkasi 100 bo‘linish shkalasini ko‘rsatib turipti», - degan fikr haqiqiy bo‘ladi, agar o‘sha asbob rostdan ham shkalaning shu bo‘limini ko‘rsatayotgan bo‘lsa. Nazariy fikrlarga kelsak, ularning mavqei empirik fikrlardan anchagina farq qiladi. Nazariyaning tushunchalari – atamalar nazariy bilish darajalariga xos vositalari bilan o‘rganiladigan obektlarning yuksak abstraksiyalar, ideallashtirishlardir. «Moddiy nuqta», «absolyut qattiq jism», «ideal gaz» singari ideallashtirilgan tushunchalar yaxshi tanish. Bunday ideallashtirishlarni o‘z ichiga olgan nazariy fikrlarning ham haqiqiyligi sinab ko‘riladi. Biroq bunday sinov – tekshirishlarda tajribaga bevosita «chiqish» bo‘lmaydi, bunday ularni nazariya ichida ham, empirik fikrlarni amallarni talab qiladi.
Odatda empirik fikrlar ham nazariy yuklamaga ega bo‘lib, nazariyasiz inson aslida nimani kuzatayotganini va nima uchun eksperiment o‘tkazayotganini, yani u nimani izlayotganini, nimani o‘rganayotganini bilmagan bo‘lardi. Masalan, kuzatishlar asosida «jism to‘g‘ri chiziqli tekis harakat qilayapti» deb aytilagan fikr bunday harakatni tasnif qilish mumkin bo‘lgan ideal sxemaga tayanishnitalab qiladi, bu o‘z navbatida, klassik mexanikadagi to‘g‘ri chiziqli tekis harakat nazariyasini foydalanishni taqozo qiladi. Tajriba dalillarining nazariyaga bog‘liqligi bazan go‘yo kuzatishlar va eksperimentlarning natijalari turli nazariyalar uchun birday bo‘lmaydi. Biroq bunday davo bilan kelishib bo‘lmaydi, chunki kuzatishlar va o‘lchash amallarida ayni bir vosita, asbob, sonli shkalalar va shunga o‘xshashlardan foydalaniladi. Bundan tashqari, fan tarixi shuni ko‘rsatadiki, empirik bilish natijalari uzoq vaqtgacha o‘zining avtonomligini saqlashi va malum vaqt o‘tgandan keyingina nazariy bilishga o‘z tasirini o‘tkazishi mumkin. Masalan, fransuz fizigi A.Bekkerelning (1896 yilda) kashf etgan uran tuzining tabiiy nur aktivligi fizikaning taraqqiyoti uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi. Faqat yillar o‘tgandan so‘nggina «radioaktivlik», yani nur aktivligi nomini oldi. Bu avval M.Kyuri nazariyasi so‘ngra E.Rezerford nazariyasida tushuntirib berildi. Biologiyadagi buyuk voqealar, angliyalik olim Robert Guk tomonidan (1668 yilda) hujayraning mavjudligi aniqlangandan boshlandi. Yillar o‘tgach, M.Shleyden va T.Shvan (1838 – 1839 yillar) tomonidan hujayra nazariyasi deb atalgan konsepsiya ilgari surilib, shakllantirildi.
Intuitiv bilish o‘z tabiatiga ko‘ra, hech qanday hissiy idroksiz va mantiqiy muhokamasiz biror bir yangi fikrning birdaniga, kutilmaganda tug‘ilishidir. Ammo intiutiv bilish kishining oldingi tajriba, ko‘nikma, malaka va erishgan bilimlariga asoslangan holda yuzaga kelishini, busiz intiutiv bilishning bo‘lishi mumkin emasligini ham esdan chiqarish kerak emas.
Inson bilishini turlarga bo‘lishda intuitiv bilishdan farkli ravishda qadimdan g‘oyibona bilish haqida ham turli fikrlar mavjud. G‘oyibona bilish inson bilishining shunday turiki, bunda kishi uzoq masofadan turib sodir bo‘lgan yoki sodir bo‘ladigan hodisa va voqeani bilishi, his qilishi bu hodisa va voqeaning qanday sodir bo‘lishi unga ayon bo‘ladi.
Lekin shuni aytish kerakki, g‘oyibona bilishning hozircha mexanizmi fanga malum emas. Shu sababli ko‘pincha g‘oyibona bilishni kishilar ilohiylashtirib, bunday bilish faqat aziz-avliyolarga, alohida g‘ayri tabiiy xususiyatlarga ega kishilarga xos, deb qarab kelishmoqda.
Inson bilishini yana uning ijtimoiy hodisalari bilan bog‘liqligiga ko‘ra, uni mifologik bilish, diniy bilish, falsafiy bilish, badiiy-estetik bilishlarga ajratish ham mumkin.