Korxonani tugatish va qayta tashkil qilish
Korxona faoliyatini to’xtatish uni tugatish yoki qayta tashkil qilish shaklida amalga oshirilishi mumkin. Ishlab chiqarishning barqaror emasligi, moliyaviy qiyinchiliklar, surunkali zarar ko’rish va to’lov qobiliyatining yo’qolishini korxonalarni tugatish yoki qayta tashkil qilishga asosiy sabab qilib ko’rsatish mumkin.
Korxonani qayta tashkil qilish – bu, uning birlashib ketishi, qo’shilishi, bo’linishi, ajralib chiqish va shaklini o’zgartirishi degani. Korxonani qayta tashkil qilish ta’sischi (ta’sischilar) yoki korxona boshqaruvi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi. Qayta tashkil qilish korxonaning ishlab chiqarish ko’rsatkichlari, moliyaviy va iqtisodiy ko’rsatkichlari avvalgiga nisbatan yaxshilanishiga xizmat qilishi lozim.
Korxonani tugatish huquqiy xatti-harakat bo’lib, ishlab chiqarish va xo’jalik yuritish faoliyatining to’xtatilishini anglatadi. Korxona tugatilganda u davlat ro’yxatidan chiqariladi, uning bankdagi hisob raqami yopiladi hamda muhr, shtamp va boshqa rekvizitlari haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Korxonani tugatishga quyidagilar sabab bo’lishi mumkin:
ishlab chiqarilayotgan mahsulot(ish, xizmat)ga bo’lgan talabning pasayib ketishi yoki umuman yo’qolishi;
ishlab chiqarishning zarar keltirishi;
ishlab chiqarishninng atrof-muhit hamda aholi hayotiga xavf tug’dirishi;
korxonaning bino va inshootlari, asbob-uskunalari va boshqa vositalaridan iqtisodiy jihatdan unumliroq, yanada sifatli va iste’molchilar talabiga javob beruvchi mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalanish imkoniyatining yuzaga kelishi.
Korxonani tugatishda tugatish komissiyasi tuzilib, unga kreditorlarga korxona tugatilganini xabar qilish, kreditorlarni aniqlash va debitorlik qarzini undirish choralarini ko’rish, shuningdek, korxonaning tugatilishi sababli ishsiz qolgan xodimlar ish bilan ta’minlanishiga yordamlashish vazifasi yuklanadi. Korxonani tugatish jarayonida oraliq tugatish balansi tuzilib, unga tugatilayotgan korxonaning mulki, kreditorlarning talablari va ularni ko’rib chiqish natijalari ro’yxati kiritilishi lozim. Ushbu balans korxonaning ta’sischisi (ta’sischilari) yoki korxonani tugatish
to’g’risida qaror chiqargan idora tomonidan tasdiqlanadi. Tugatish komissiyasi uning aybi bilan keltirilgan zarar uchun javobgar hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |