Bola hayotining birinchi oyi davomida yurak massasi o’ng qorincha hisobiga
15-20% atrofida kamayadi. O’ng qorincha miokardini tashkil qiluvchi tolalar
ingichkalashadi, muskul tola qavatlari soni kamayadi. Ayni vaqtda chap
qorincha miokardi qalinlashadi. Natijada qorinchalar massasidagi nisbat
o’zgaradi: chap qorinchaning massasi 2 marta ko’p bo’ladi. Bu o’zgarishlarga
kichik qon aylanish doirasida qarshilikning ortishi sabab bo’ladi. Bola
hayotining ikkinchi yilida miokardning qisqaruvchi va atipik tolalarining
takomillashishi davom etadi. Bu davrda yurak massasining ortishi juda jadal
o’tadi. Miokard aylanma yo’nalishdagi tolalar hisobiga qalinlashadi. Tolalar
yo’g’onlashib, ularning yadrolari kattalashadi, miofibrillalar soni ko’payadi.
Yurakning kattalashishi va o’z o’qi atrofida burilishi natijasida uning
chegaralari o’zgaradi. Yurakning o’ng chegarasi to’sh suyagining o’ng
qirrasidan uzoqlashadi, chap chegarasi esa bu suyakning chap qirrasiga
yaqinlashadi. Yuqori chegarasi sekin-asta pastga tushadi. U bola hayotining
birinchi oyi davomida uikkinchi qovurg’alar oralig’ida bo’lsa, yetti yoshga borib
uchinchi qovurg’alar oralig’iga tushadi. 1,5-2 yashar bolalarda yurakning uchi
to’rtinchi qovurg’alar oralig’idan beshinchi qovurg’alar oralig’iga o’tadi.
Ikki yoshdan keyin yurakning o’sishi ancha sekinlashadi. 2-6 yosh oralig’ida
yurakning katta tomirlari (toj tomirlar) yaxshi rivojlanadi, intrakardial nervlar
to’la shakllanadi. 7 yashar bolaning yuragi kichkina bo’lsa ham, kattalar
yuragiga xos tuzilishga ega bo’ladi. Bundan keyin yurakning shaklida
o’zgarishlar bo’lmaydi, u faqat o’sadi. Prepubertat davrda uning o’sishi yana bir
marta tezlashadi.
Bola o’sishi bilan yurak urish chastotasi siyraklashadi (15-jadval). Pulsning
kamayishi emizikli davrda ancha sezilarli. Bir yil davomida 140 zarbadan 120
zarbagacha kamayadi. Undan keyin yurak urishining siyraklashishi unchalik
jadal bo’lmaydi. 7 yashar bolaning yuragi 1 daqiqada 85 marta uradi.
O’smirlarda (11-13 yashar bolalarda) puls chastotasi sal ortadi. Ikkinchi bolalik
davrida (6 yoshdan keyin) puls ko’rsatkichida jinsga bog’liq farq paydo bo’ladi:
o’g’il bolalarda uning chastotasi qiz bolalardagiga nisbatan siyraklashadi.
Bola o’sishi bilan yurak siklining davomiyligi ortadi. Emizikli davrda
qorinchalar sistolasi 0,26 sek., diastolasi 0,27-0,30 sek. Katta yoshdagi
odamning yurak sikli bosqichlari bilan solishtirsak (sistola – 0,33 sek., diastola –
0,47 sek.), bolalikning bu davrida ham qorinchalar diastolasi nisbatan
qisqaroqligini ko’ramiz. Keyingi davrlarda bola yuragi siklining davomiyligi
asosan diastola hisobiga ortadi (16-jadval).
16-jadval
Dostları ilə paylaş: