Kasalliklarni modellashtirish masalasi tibbiyotda katta ahamiyatga ega. 100 yildan ortiqroq vaqt davomida ko‘pgina insonlarda uchraydigan kasalliklarining patogenezini, davolash usullarini va profilaktikasini o‘rganish maqsadida hayvonlarda biologik modellashtirish usuli qo‘llanilmoqda. Ayniqsa infektsion kasalliklarni davolash va oldini olishning samarali usullarini ishlab chiqishda modellashtirish katta rol o‘ynaydi. Irsiy patologiyani o‘rganishda ham modellashtirish usuli katta ahamiyatga ega. N.I.Vavilovning irsiy o‘zgaruvchanlikning gomologik qatori qonuniga ko‘ra bunday modellar tabiatda mavjuddir. Hayvonlarda uchraydigan irsiy anomaliyalarni chuqur o‘rganish, ularning patogenezi odam irsiy kasalliklariga o‘xshashligini ko‘rsatdi. Masalan, mushak distrofiyasi odamlarda, sichqonlarda, xomyaklarda, olmaxonlarda, tovuqlarda uchraydi, itlardagi A va B gemofiliyalari odamlardagi kabi X ga birikkan retsessiv genlar orqali yuzaga chiqadi, qandli diabet xitoy xomyaklarida, irsiy semiruvchanlik kalamushlarda, irsiy karlik mushuklarda uchraydi. Bu qonunga ko‘ra irsiy jihatdan yaqin bo‘lgan turlar va avlodlar o‘xshash irsiy o‘zgaruvchanlikka egadir. Bundan shunday xulosa chiqarish lozimki, doimiy jihatdan yaqin bo‘lgan hayvonlarda odamlarga o‘xshash irsiy kasalliklar uchrashini kutish mumkin.