Tasmasimonlar chuvalchanglar sinflari: tuzilishi, ko‘payishi va rivojlanishi. Odam va mahsuldor hayvonlarda parazitlik qiluvchi vakillarining rivojlanishi va patogen ahamiyati.
REJA:
1. Monogeneyalar sinfining tuzilishi, ko‘payishi va rivojlanishi.
2. Tasmasimonlar chuvalchanglar sinfining tuzilishi, ko‘payishi va rivojlanishi.
3. Odam va mahsuldor hayvonlarda parazitlik qiluvchi vakillarining rivojlanishi va patogen ahamiyati
Monogeneyalar sinfining tuzilishi, ko‘payishi va rivojlanishi.
Monogeneyalar (Monogenea) sinfi, ya'ni ko'p so'rg'ichlilar sinfi vakillari baliqlar terisi va jabralarida parazitlik qiladigan ektoparazitlardir. Ba'zan ular suvda hamda quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilarning qovug'i va boshqa organlarida ham parazitlik qiladi. Monogeneyalar tanasi cho'ziq va yassi bo'lib, keyingi tomonida yopishuv diski joylashgan. Diskda xo'jayin tanasiga yopishish uchun zarur bo'lgan bir qancha ilmoqlari, so'rg'ichlari yoki ikki tavaqali klapanlari bo'ladi. Bunday yopishuv organlari ularni tez harakatlanadigan baliqlar tanasidan tushib ketmasligiga yordam beradi.
Monogeneyalar tanasining oldingi tomonida ham uncha katta bo'lmagan so'rg 'ichlari bo'ladi. So'rg'ichlarga yopishqoq suyuqlik ajratadigan bir hujayrali bezlarning yo'li ochiladi. Bu so'rg'ichlar parazit tanasi oldingi qismini xo'jayin tanasiga yopishib turishi uchun xizmat qiladi.
Monogeneyalarning tana qoplag'ichi va ichki tuzilishi so'rg'ichlilarga o'xshash tuzilgan. Og'iz teshigi tanasining oldingi qismida joylashgan, ichagi xaltasimon yoki ikki shoxli bo'ladi. Ayirish sistemasi-protonefridiylar tanasining oldingi uchida bir juft teshiklar bilan tashqariga ochiladi. Nerv sistemasi ortogen tipida; bosh nerv gangliylaridan uch juft nervlar chiqadi. Bu nervlarni ko'ndalang nerv tolalari tutashtirib turadi. Sezgi organlari yaxshi rivojlanmagan. Faqat ayrim turlari tanasining oldingi qismida invertirlangan (teskari ag'darilgan) ko'zlari bo'ladi.
Jinsiy sistemasi germafrodit. Urug'donlari bitta yoki ko'p, tuxumdoni bitta bo'ladi. Hayot siklida xo'jayin almashinish va nasl gallanish sodir bo'lmaydi. Monogeneyalar sinfiga 1100 tur kiradi.
Monogeneyalar sinfiga yaqqol misol sifatida baqa ko'p so'rg'ichlisi (Polystoma integerrimum) ning hayot sikli bilan tanishib chiqish mumkin. Baqa ko'p so'rg'ichlisi voyaga yetgan davrida baqaning qovug'ida yashaydi.
Bahorda baqalar ko'payishi bilan birga parazit ham ko'paya boshlaydi. Parazit qovuqdan kloakaga chiqib, suvga bir qancha urag'langan tuxum tashlaydi. Tuxumdan juda mayda kiprikli lichinka suvga chiqadi. Bunday lichinkaning 16 ta mayda ilmoqchalari bo'ladi. Lichinka itbaliq jabralariga yopishib olib, kipriklarini tashlaydi. Lichinka tanasining keyingi qismida ikkita yirik ilmoq va so'rg'ichlari hosil bo'ladi. Lichinka voyaga yetib, tuxum qo'ya boshlaydi. Bu tuxumlardan lichinkalarning ikkinchi nasli rivojlanadi, lekin bu lichinkalar itbaliq metamorfozi tamom bo'lguncha rivojlanishga ulgurmaydi. Itbaliqning jabralari baqaga aylanishda yo'qolib ketadi. Bu davrda parazit xo'jayin terisi orqali borib, uning kloakasiga va undan siydik pufagiga kirib oladi. Bu lichinka endi uch yildan so'ng, ya'ni baqa voyaga yetishi bilan birga voyaga yetadi. Shunday qilib, baqa ko'p so'rg'ichlisining rivojlanishi uning xo'jayini-baqaning rivojlanishi bilan chambarchas bog'liq. Baqa ko'p so'rg'ichlisi rivojlanish davomida parazit jabra ektoparazitidan qovuq endoparazitiga aylanadi.
Karpsimon baliqlar paraziti daktilogirus (Dactylogyrus vastator) ning rivojlanishi boshqacharoq boradi. Daktilogirusning uzunligi 1-3 mm, baliqlar jabrasida parazitlik qiladi va o'sha joyga tuxum qo'yadi. Tuxumdan kiprikli lichinka chiqadi. Lichinkaning oldingi qismida ikki juft ko'zlari, orqa qismida ilmoqchalari joylashgan diski-serkomerasi bo'ladi. Lichinka shu joyining o'zida yoki boshqa baliqlar jabrasiga o'tib voyaga yetadi.
Girodaktilus (Gyrodactylus) deb ataladigan ko'p so'rg'ichli esa tirik tug'adi. Uning bachadonida partenogenetik yo'l bilan bitta embrion shakllanadi. Bu embrion voyaga yetguncha uning ichida ikkinchi embrion, keyingisi ichida esa uchinchi, uchinchisi ichida to'rtinchi embrion shakllanadi. Monogeneyalar germafrodit bo'lib, ular o'z-o'zini urug'lantiradi. Shuning bilan birga ayrim turlarida o'z-o'zini urug'lantirishga to'sqinlik qiluvchi omillar ham rivojlangan. Masalan, spaynik (Diplozoon paradoxum) yosh davrida yakka yashaydi. Keyinroq parazitlar juft-juft bo'lib qorin so'rg'ichlari orqali bir-biriga yopishib olishadi. Parazitlardan birining urug' yo'li ikkinchisining tuxum yo'liga ochilishi tufayli ular bir-birini urug'lantiradi.
Monogeneyalar baliqchilikka katta ziyon keltiradi. Ular orasida ayniqsa, chuchuk suv baliqlari jabrasida parazitlik qiladigan Dactylogyridae oilasi vakillari katta patogen ahamiyatga ega. Dactilogiruslar teridagi shilimshiq modda va epiteliy, ba'zan qon bilan oziqlanib, baliqlarni yoppasiga qirilib ketishiga sabab bo'lishi mumkin. Gyrodactylidae oilasi vakillari ham baliqlarga katta ziyon keltiradi. Volga daryosida osetrsimon baliqlarga nitsha (Nitzchia sturionis) katta ziyon keltiradi. Bu parazit sevryuga balig'i iqlimlashtirilganida Orol dengiziga ham kelib qolganligi va mahalliy osetrsimon baliqlarda (baqra) parazitlik qilishga o'tganligi ma'lum.
Dostları ilə paylaş: |