Tili, adabiyoti va folklori instituti, alisher navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi, urganch davlat universiteti



Yüklə 7,91 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə424/431
tarix15.09.2023
ölçüsü7,91 Mb.
#143696
1   ...   420   421   422   423   424   425   426   427   ...   431
Anjuman Boku (6)

Key word:
ghazal, tatabbu, content, tradition, radif, originality 
Sharq she’riyati, shu jumladan, O‘rta Osiyo xalqlari poeziyasi o‘tmish 
klassik adabiyotining barakali ta’siri ostida takomil topgandir. Xoh O‘rta Osiyoda, 
xoh Eronda, xoh Hindistonda bo‘lsin biror shoir ulug‘ sharq klassiklari Firdavsiy, 
Sa’diy, Hofiz, Navoiy, Bedil, Fuzuliy va boshqa mashxur so‘z ustalarining 
maktabini o‘tamay turib she’riyat maydoniga chiqmagan. Har bir shoir ijodining 
kamolga yetishuvida bu ustozlar ijodining ta’siri ma’lum ahamiyatga ega bo‘lgan. 
Bu hol XVIII-XIX asrlarda yashagan va ijod etgan Qo‘qonlik shoirlar ijodida ham 
yaqqol ko‘zga tashlanadi. “XIX asrning birinchi yarmida tatabbu’navislik eng 
rivojlangan adabiy muhit Qo‘qonda edi”[4.17]. Fuzuliy g‘azallariga deyarli barcha 
shoirlar tatabbu’ yozganlar. Sadriddin Ayniyning yozishicha aslida muayyan 
g‘azalga uning radifini saqlagan holda tatabbu’ yozish oson emas. Chunki bu 
borada ilk g‘azalni yozgan shoirga birmuncha oson: u o‘zi topgan ma’noni 
ifodalash uchun xohlagan radifga murojaat qilish mumkin. Tatabbu’navis shoirlar 
esa ayni radifda yangi ma’nolarni ifodalashlari, tatabbu’ bog‘lanayotgan g‘azal 
mazmunini kengaytirishlari va rivojlantirishlari taqozo qilinadiki, bu har qanday 
ijodkordan alohida iste’dod talab etadi [4.27] “chunki tatabbu’ ijodiy 
bellashuvdir.Zero, tatabbu’navislik an’ ana yangilik mahorat uchligi bilan bog‘liq 
faoliyatdir”. [3.197] Qo‘qon adabiy muhitining tashkilotchisi va homiysi shoh va 
shoir Umarxon Amiriy ijodi mashxur Ozarbayjon shoiri fuzuliy she’rlarining qattiq 
ta’siri ostida rivoj topganini ko‘rsatish mumkin. U Fuzuliy g‘azallariga bir necha 
tatabbu’ yozadi, taxmislar bog‘laydi ko‘plab fuzuliyona so‘zlarni g‘azal matniga 
olib kiradi. Fuzuliyning “gerakmazmu sango” radifli g‘azali ham Amiriyda 
munosib shakl va mazmunda ifoda etilgan.
Fuzuliy g‘azalining matla’sida tasvir yorning g‘amzasi – ko‘z qarashidan 
boshlanadi. Oshiq yorning g‘amzasiga mubtalo bo‘lganligidan lirik qahramon 
hayratga tushadi,chunki yorning nigohi tig‘ga o‘xshaydi va unga urilgan jism 
vayron bo‘lishi aniq. Bu yerda ilohiy muhabbat tarannum etilganini ko‘rishimiz 
mumkin. Yaratuvchining jamoliga intiq ko‘ngil jondan kechishga tayyor. Ishqqa 
mubtalo bo‘lish jismni tig‘ga urganday yaralaydi, oshiqqa esa buning ahamiyati 
yo‘q, jism vayron bo‘lsa ruhning o‘zi Ollohga yaqin bo‘ladi. 
G‘amzasin sevding, go‘ngil ,joning gerakmazmu sango? 
Teg‘a urding, jismu uryoning gerakmazmu sango? [2.46] 


914 
Amiriyda esa birinchi baytda la’li xandon – kulib turgan labga e’tibor 
qaratiladi. Lirik qahramon yorga murojaat qilib, xat ya’ni labi ustidagi mayin tuk 
xandon labiga soya solishidan havotirlanadi. Ikkinchi misrada yor obi hayvon – 
tiriklik suvini Xizrga berib yuborganligi tasvirlanadi. Demak, Xizr yordan hayot 
suvini olganligi uchun ham abadiy tiriklik mavqeyiga erishgan. 
Xat chiqording, la’li xandoning kerakmasmu sango? 
Xizra verding obi hayvoning kerakmasmu sango? 
Fuzuliyning lirik qahramoni ikkinchi baytda bog‘bonga murojaat qiladi va 
oshiqning otashin ohi gulbarglarni xazon qilishini bilib turib uni bog‘ga taklif 
etganligidan taajjubga tushadi. Ishq o‘tida yonayotgan oshiqning ohi lovvullab 
turgan otashga tashbih qilingan. 
Otashin ohimla aylarsan manga taklifi bog‘, 
Bog‘bon, gulbargi xandoning gerakmazmu sango? 
Amiriy ham ushbu tasvirdan uzoqlashmagan holda yangicha mazmun bilan 
yondashadi. Ma’shuq g‘am tirnog‘i bilan oshiq ko‘ksini dog‘lab tashlagan ,oshiq 
esa bunga e’tibor bermay yorning gulistoni haqida o‘ylaydi. Yor gulzorining qizil 
rangi oshiqning g‘am tirnog‘idan timdalangan ko‘ksining qizilligi oldida oldida 
hech narsa emas. Amiriy istiora ,mubolag‘a san’atlarini qo‘llash orqali bayt 
ta’sirchanligini yanada oshirgan. 
Toza qilding noxuni g‘am birla ko‘ksim dog‘ini, 
Yod qilmassan, gulistoning kerakmasmu sango? 
Fuzuliyning uchinchi baytida oshiq yordan parishon zulfiga zarar yetmasligi 
uchun hadeb u yoqdan bu yoqqa yuguravermasligini so‘raydi. Ma’shuqaning 
yoyilgan sochlari shu qadar uzunki yurganida oyoqlaridan keyinda qoladi . 
Yela verma dog‘idub, har dam oyoqlardan ketur, 
Ey pari, zulfi parishoning gerakmazmu sango? 
Fuzuliy ushbu g‘azalni 7 baytda yozgan bo‘lsa Amiriy bu mazmunni 10 
baytda ifodalaydi. Shuning uchun ham tahlilga olingan ikki g‘azaldagi baytlar 
mazmuni ketma ketligi mutanosib emas. Yuqoridagi mazmunga mos tasvir 6-
baytda kelgan. Amiriyning uchinchi baytida oshiq o‘zini yorning uyini 
qo‘riqlovchi it deb biladi va go‘zallar shohi - yordan ag‘yorlarni deb uni eshigidan 
quvmasligini so‘raydi. 
Bir itingman, dargahingdan quvmag‘il ag‘yor uchun, 
Ey nakular shohi, darboning kerakmasmu sango? 
Keyingi baytda oshiq yorning hayolini ko‘ngliga mehmon deb biladi va 
ko‘ngliga o‘zini pok tutishlikni buyuradi. Shu o‘rinda turkiy xalqlarning mehmon 
kutish odobiga ishora qiladi. Bunga ko‘ra mehmon hamisha pokiza joyga olib
kiriladi, hattoki turkiy xalqlar mehmon uchun har doim alohida yasatilgan chiroyli 
joy hozirlab qo‘yishadi. Oshiq yorning hayolini ham pok joyda mehmon qilishni 


915 
xohlaydi. Ko‘ngilning poklanishi bu nafsoniy istaklarning so‘nishi dunyoga 
muhabbatning yo‘qolishi va ko‘ngilda faqat yaratgan ishqi qolishidir. 
Keldi har on ko‘ngluma ul oy hayoli yoshurun, 
Pok tut, ey diyda, mehmoning kerakmasmu sango? 
Oshiq darddan chekkan oh o‘ti butun falakni yondirishga qodirligi 
mubolag‘a san’ati asosida ifodalangan. 
Javr aylab, kechalar yondirma ohim o‘tini, 
Ey falak, bu qasru ayvoning kerakmasmu sango? 
Oshiq yorga ko‘ngil olganlarning ya’ni oshiq bo‘lganlarning hisobini 
qilmaslikni, soch tolalari ham bunga yetmasligini ta’kidlaydi. 
Ko‘ngul olg‘onlar hisobi birla solma ko‘p bukun, 
Rishtayi zulfi parishoning kerakmasmu sango? 
Fuzuliyning to‘rtinchi baytida yana matla’dagi tasvirga qaytadi va yorning 
raqibga nigoh tashlamasligini maslahat beradi. Sababini raqibga nazar tashlash 
toshga o‘q otish bilan barobar deb hisoblaydi. O‘z navbatida,yorning qoshini 
kamonga, nigohini o‘qga o‘xshatadi. 
Ey kamonabro‘ raqiba verma g‘amzangdin nasib , 
O‘q odarsan dosha, paykoning gerakmazmu sango? 
Amiriyda bu bayt tasviri o‘zgacha. Oshiq oyinaga yor yuziga boqmaslikni 
,aks holda yor yuzining tiniq, sofligini ko‘rib o‘zidan uyalib yig‘layverganidan suv 
bo‘lib ketishi mumkinligidan ogohlantiradi. Bu yerda Ollohning cheksiz 
go‘zalligiga ishora mavjud. 
Boqma, ey oyina, ul oy orazig‘a bo‘lma suv, 
Intizori chashmi giryoning kerakmasmu sango? 
Fuzuliyning oltinchi baytida oshiqning muhabbat o‘ti yanada kuchayganini 
ko‘ramiz. Mubolag‘a san’ati vositasida bu oh chaqmog‘i quyoshni ham kuydirishi 
mumkinligi aytilgan. 
Yondurub jonim, jahonso‘z etma barqi ohimi, 
Osmon, xurshidi toboning gerakmazmu sango? 
Amiriyda ham xuddi shu mazmun 9-baytda davom etadi Falak yetkazgan 
jabr tufayli oshiq chekkan oh chaqmoqqa aylanib barcha yulduzlarni xarob etishga 
qodir. 
Barqi ohim anjuming jam’iyatin aylar taboh, 
Javr etarsan, charx, osmoning kerakmasmu sango? 
Fuzuliyning navbatdagi baytida so‘fidan agar iymoni kerak bo‘lsa oshiqni 
yor zulfini ko‘rishdan qaytarmasligini so‘raydi. 
Kufri zulfindin bani man’ aylamak loyiqmidir, 
So‘fi, insof ayla, iymoning gerakmazmu sango? 


916 
Amiriyda bu baytda murojaat obyekti - ko‘ngil. Yor yuzini ochib chiqqani 
uchun uni oshiq kofir deb ataydi va ko‘nglini yor ruxsoriga qarashdan qaytaradi. 
Bu o‘rinda islom dinida ayollarning yuzini yopib yurish qoidasiga ishora qilingan. 
Chiqti ul kofir ochib ruxsoridin yag‘mosini, 
Ey ko‘ngul, ko‘z saqla, iymoning kerakmasmu sango. 
Fuzuliy g‘azali matla’si g‘amza tasviridan boshlangan edi, maqta’da ham 
undan uzoqlashmasdan ko‘z atrofida qoladi.
Tutalimkim, ask selobina yo‘qdir e’tibor, 
Ey Fuzuliy, chashmi giryoning gerakmazmu sango? 
Amiriy maqta’da avvalgi baytlarga hamohang tarzda tasvir yaratadi. Lirik 
qahramon Amiriyga murojaat qilib :”yor jamolini qo‘msab bir o‘tli so‘z aytdim 
lekin uni daftarga yozmagin devoning kuyib ketishi mumkin.deydi. 
Orazi ishqida bir o‘tlug‘ so‘z aydim, ey Amir, 
Solmag‘il daftarga devoning kerakmasmu sango? 
Amiriy ushbu tatabbu’ g‘azalida Fuzuliyning yuksak badiiy mahoratidan 
ilhomlanib, yangicha badiiy mazmun yarata olgan. Salafi qo‘llagan o‘xshatish, 
sifatlash,istiora ,mubolag‘a kabi badiiy tasvir vositalarini yuqori darajalarda 
qo‘llay olgan. G‘azalni hajm jihatdan kengaytirib o‘z uslubi, dunyoqarashi va 
g‘oyalarni badiiy so‘z mag‘ziga singdirgan. 
Foydalanilgan adabiyotlar: 
1.
Amiriy. Devon.- Toshkent: Tamaddun, 2017. 
2.
Fuzuliy. Devon. – Toshkent: Badiiy adabiyot, 1959 
3.
Sadriddin Ayniy. Namunayi adabiyoti tojik. – Moskva, 1926. 
4.
Fayzulloyev B. O‘zbek she’riyatida tatabbu’ tarixi va mahorat masalalari
( XVII-XIX asrlar va XX asr boshlari g‘azalchiligi asosida): 
Filol.fan.nomzodi. diss.avt.- Toshkent, 2002. 
5.
Zohidov V. O‘zbek adabiyoti tarixidan. – Toshkent: O‘zadabiynashr, 1961. 
6.
Qobilova Z. Amiriy she’riyati. – Toshkent: Fan.2010 

Yüklə 7,91 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   420   421   422   423   424   425   426   427   ...   431




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin