Metonimiya – grekcha so'z bo'lib, boshqacha, nom berish, qayta nomlash, nomini almashtirish degan ma'noni anglatadi. Metonimiya ham so'zlarning ko'chma ma'nosiga asoslanadi. Bunda tashqi va ichki tomonidan bir-biriga aloqador narsa yoki hodisaning nomi boshqa narsa yoki hodisaga ko'chiriladi. Agar metoforada bir-biriga o'xshash narsalar belgilari ko'chirilsa, metonimiyada ikki narsa bir-birlari bilan qandaydir aloqada bo'lsa ham, umuman o'zaro farqlanuvchi (bir-biriga o'xshashlikka asoslanmagan) narsalar belgilari chog'ishtiriladi, ko'chiriladi. Narsalar o'rtasidagi ichki yoki tashqi aloqa bog'lanish, narsalarning nomini boshqa narsalarga o'tkazish bir necha xil ko'rinishlarga ega: Jumladan: 1. Narsa (idish) ichidagi narsaning ma'nosi o'sha narsaga (idishga) o'tkaziladi. Masalan: Bir tovoq (lagan) palov yedim deyish o'rniga, ba'zan, bir tovoqni tushirdim: Bir kosa qimiz ichdim deyish o'rniga, bir kosani tushirdim, deymiz. Bunda palov va qimiz ma'nosi tovoq va kosaga ko'chirilgan.2. Muallifning nomi asarning nomi bilan qo'llaniladi: Hamzani o'qi-dim. Bu o'rinda Hamza asarlarini o'qidim degan ma'no tushuniladi. 3. Harakat yoki uning natijasi shu harakatni bajarishdagi vosita, qurol bilan almashtiriladi: uning perosi qasos o'ti bilan yonardi.4. Biror narsani o'zi yasalgan material bilan almashtirish: qo'lda po'lat shirqillar (qilichi demoqchi).5. Ma'lum mamlakatda, davlatda yoki ma'lum o'rinda yashab turgan kishilar ma'nosi shu yerga, davlat yoki mamlakatga ko'chiriladi: «Majlisga butun qishloq keldi».6. Alohida olingan aniqlovchi to'liq narsani almashtiradi: Yalqov Mamajon samovarda yotib tush ko'radi (P.Qodirov «Xalq tili va realistik proza», 109- bet).
7. Aniq tushuncha nomi o'rnida mavhum ma'noli ot qo'llaniladi:
«Majlis botir, keskin so'zla, dag'dag'adir.
Shu raportni berish uchun qildi qaror». G'.G'ulom «Ko'kan». «…Majlis raisga xo'mrayib qaraydi». (A.Qahhor «Sinchalak»). Majlis qaror qildi, majlis qaraydi, gaplaridan majlisda ishtirok etayotgan odamlar qaror qildi, majlisdagi kishilar qaradi tushunchasi anglashiladi.