4-MAVZU. YEVROPADA UYGʻONISH DAVRI TILSHUNOSLIGI. UMUMIY RATSIONAL GRAMMATIKANING YARATILISHI
Reja:
1. Uyg‘onish davri tilshunosligi.
2. Umumiy ratsional grammatika (“Por-Royal grammatikasi”)ning yaratilishi.
3. Rus tilshunosligi.
Uyg‘onish davri tilshunosligi
Tilshunoslik alohida, mustaqil fan sifatida XIX asrning birinchi choragida (1816-yilda) fanlar olamiga kirib keldi. Tilshunoslik fani shu kungi taraqqiyot bosqichiga yetib kelguncha uzoq tarixiy taraqqiyot davrini, “o‘sish” davrini bosib o‘tdi. U turli maktablar, oqimlar, ta’limotlar ta’sirida bo‘ldi, olimlar tomonidan lisoniy hodisalar haqida aytilgan fikrlar qarama-qarshiligiga, til hodisalari haqida yaratilgan juda ko‘plab manbalarga “guvoh bo‘ldi”, shakllandi.
Tilshunoslik fanining qadimgi eng muhim manbalari, ta’limotlari, maktablari ilk bor qadimgi Hindiston, Yunoniston, Rim va Xitoy mamlakatlarida maydonga keldi. O‘rta va yangi asrlarda esa til haqidagi fan Yevropada, Arabiston va O‘rta Osiyoda taraqqiy etdi. Yevropada Uyg‘onish davri tilshunosligi XV-XVIII asrlarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda insoniylik g‘oyalari, milliy o‘zini anglash, san’at va adabiyotga bo‘lgan qiziqish, fanga bo‘lgan jiddiy qarash, e’tibor kuchaydi, o‘sdi. Sharq tillarini, ayniqsa, semit tillarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kuchaydi, semit filologiyasi maydonga keldi. Bu davrda barcha tillarning yagona, bitta mantiqiy asosi bo‘lishi – bitta grammatika bo‘lishi kerak degan ta’limot yaratildi. Natijada mantiqiy grammatika yaratish g‘oyasi maydonga keldi va Parij atrofidagi Por-Royal monastirining rohib olimlari mantiqshunos Anton Arno va tilshunos Klod Lanslolar «Umumiy ratsional grammatika» asarini fransuz tilida yaratib, Parijda nashr qildilar.
Uyg‘onish davrining boshlanishi bilan cherkovning obro‘-e’tibori susayib, antik davrga bo‘lgan e’tibor, qiziqish, uni qadrlash kuchaya bordi. Anig‘i, uyg‘onish davrining vakillari, ziyolilari yunon va rimliklarning boy milliy madaniyatiga murojaat qila boshlashdi. Uyg‘onish davri kapitalizmning feodalizm ustidan bo‘lgan g‘alabasi bilan yakunlandi.
Yangi asr Yevropada Kolumb, Magellan, Galiley, Kopernik, Dekart, Nyuton, Leybnits, Lomonosov kabi dastlabki kashfiyotchilar va ulkan olimlarni yuzaga chiqaradi.
Uyg‘onish davrida, dastavval, dunyo tillari haqidagi ma’lumotlar ancha ko‘paydi. Tilshunoslik fanining keyingi taraqqiyoti uchun muhim va zarur bo‘lgan lisoniy materiallarni, faktlarni to‘plash, yig‘ish jarayoni amalga oshirildi.
Kapitalizmga o‘tish, uning rivoji, millatlar va milliy tillarning yuzaga kelishi, milliy iftixor kabilar qator tillarning grammatikasini tuzishga, yaratishga undadi. Ayni davrda arman, fors, venger, yapon, koreys, ispan, niderland, fransuz, ingliz, polyak, chex, nemis, ukrain va boshqa tillarning grammatikasi hamda leksikasiga oid asarlar yaratildi.
Ushbu davrda lisoniy materiallarni to‘plab, yig‘ib borish ularning mohiyatini tushunish, mazmunini anglash bilan birgalikda olib borildiki, natijada til haqida e’tiborli fikrlar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, faylasuf Bekon “tildan boshqa aloqa vositasi mavjud” desa, faylasuf Lokk “tovush bilan tushuncha o‘rtasida tabiiy bog‘lanish yo‘q”, degan asosli fikrni ta’kidladi. Faylasuf Leybnits mantiqiy-matematik asosga qurilgan xalqaro til yaratish masalasini ko‘tardi.
Yevropa olimlarining – yunon va rimliklarning boy madaniy va ma’rifiy merosini egallashlari juda katta mehnat natijasida va lotin tiliga oid qator asarlarning – matnlarning nashr qilinishi hamda ularni sharhlash natijasida mumkin bo‘ldi.
Antik (yoki klassik filologiya) davrining adabiy asarlarini nashr qilish va ularga lisoniy sharhlar yozishda, ayniqsa, quyidagi olimlarning xizmatlari, mehnatlari katta bo‘ldi. Bular: Jyul Sezar Skaliger (1484-1558), Robert Stefanus (1503-1559), uning o‘g‘li Genrix Stefanus (1528-1598), Gerxardt Iogann Fossiy, Sharl Dyukanj, Iogann Reyxlin, Iogann Melanxton va boshqalar.
J. Skaliger «Lotin tili asoslari haqida» (1540) asarini yaratgan bo‘lsa, R. Stefanus «Lotin tili xazinasi» (1553) tadqiqotini e’lon qiladi. G. Stefanus esa yunon tiliga bag‘ishlab, «Grek tili xazinasi» asarini chop ettirdi.
Ayni vaqtda sharq tillarini, ayniqsa, semit tillarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kuchaydi, semit filologiyasi maydonga keldi. Ya’ni qadimgi yahudiy, aramiy, arab, efiopiya tillari tadqiq qilindi. Qator asarlar yaratildi. I. Reyxlin qadimgi yahudiy tili grammatikasini (1506) yaratib, unda birinchi bo‘lib «affiks» terminini qo‘lladi va bu termin XVI-XVIII asrlarda faol ishlatila boshlandi. P. de Alkam arab tili grammatikasiga oid asarlarini (1506) e’lon qildi. Yakov Xolius va Erleniylar arab tili tadqiqi bilan shug‘ullangan bo‘lsalar, Iov Ludolf efiopiya tili yuzasidan ish olib bordi.
Ayniqsa, XVI asrda qator tillarning – nemis (1527), fransuz (1531), ingliz (1538), venger (1539), chex (1567), polyak (1568), slavyan (1596) va boshqa tillarning gramatikasiga oid asarlar maydonga keldi.
Ana shunday lug‘atlardan biri rus sayyohi akademik Pyotr Simon Pallasning «Barcha tillar va shevalarning (lahjalarning) qiyosiy lug‘ati» asaridir. 272 tilga oid to‘rt tilli bu lug‘at Peterburgda 1786-1791-yillarda nashr qilingan bo‘lib, unda ruscha so‘zlarning 272 tilga qilingan tarjimasi beriladi va qiyoslanadi. Bu lug‘at qiyosiy-tarjima lug‘at sifatida e’lon qilinadi. Mazkur lug‘atga Osiyo, Yevropa, Afrika va Amerika tillari kiritiladi, ushbu tillarga oid materiallar beriladi.
Yana bir katta lug‘at ispaniyalik Lorenso Gervasning «Ma’lum xalqlar tillarining katalogi» (Madrid, 1800-1804) asaridir. Ushbu lug‘at 307 tilga oid leksik va grammatik ma’lumotlarni berishi bilan ajralib turadi.
Leksikografik tadqiqotlar yo‘nalishida ma’lum bo‘lgan ishlardan biri nemis olimlari I.K. Adelung va I.S. Faterlarning «Mitridat yoki umumiy tilshunoslik» lug‘atidir. Ushbu lug‘at 500ta tilni qamrab olishi, ular haqida ma’lumotlar berishi bilan e’tiborga loyiq bo‘lgan.
Xullas, ko‘plab tillarni o‘z ichiga olgan qator lug‘atlarning nashr qilinishiga, ulardagi ma’lumotlarning to‘liq va mukammal emasligiga qaramay, bunday ishlar tillarni taqqoslab, qiyosiy o‘rganishga – qiyosiy-tarixiy tilshunoslikka zamin yaratdi.
XVII asr tilshunoslari ratsionistlarning “aql inson faoliyatida yetakchi rol o‘ynaydi”, degan fikrini olib, uni tilga tadbiq qilganlar, ya’ni aqlga, mantiqqa aloqador bo‘lgan qonuniyatlarni tilga nisbatan qo‘llaganlar. Shuning uchun Por-Royal tadqiqotchilari tadqiqot ishlarini fransuz tilini tavsiflashdan boshlagan bo‘lsalar ham, o‘z fikrlarini dalillashda grek, lotin, hatto qadimgi yahudiy tili dalillariga ham murojaat qilganlar. XVII-XVIII asrlar davomida “ratsional” va “universal” grammatikalarning bir necha variantlari yaratilgan bo‘lib, ular falsafiy, mantiqiy grammatika deb ham yuritilgan. Ularning fikricha, gap mantig‘ida universal grammatikaning falsafiy asosi bo‘lgan ratsionalizm mavjud (ratsionalizm – aql).
Dostları ilə paylaş: |