2. Qarorlarni bajarish (ijro) tartibi.
Qarorlarni bajarish- bu oqibat natijasida yuqori bo’g’inda qabul qilingan rejalarni, shuningdek shu rejalar asosida quyi bo’g’inlar (sex, uchastka, brigada, smena, har bir xodim) uchun tuzilgan reja yoki topshiriqlarni bajarish demakdir. Qaror eng avvalo buyruq yoki farmoyish tarzida rasmiylashtiriladi, so’ngra u ma’muriy xujjat tusini oladi. Unda aniq ijrochilar, bajarish muddatlari, nazorat qilish usullari va hokazolar ko’rsatilgan bo’ladi.
Qarorning bajarilishiga rahbarlik qilish- bu tashkilot, korxona, sex, uchastka, brigadaning boshqarish apparati tomonidan ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatish jarayonida rahbarlik qilish bo’yicha aniq masalalarni hal etish demakdir.
Bunda har bir bo’linma o’zining funksional vazifasini bajarish bilan band bo’ladi. Binobarin, boshqarishning yagona tizimi amal qiladi. Shu tariqa barcha boshqaruv bo’linmalari bir-biriga o’zaro ta’sir ko’rsatib, bosh rejalarning bajarilishini ta’minlaydi.
Rahbarning asosiy vazifasi boshqaruv tizimini maqsadga muvofiq uyushtirishdan va o’zi uchun ishlab chiqarishning tub masalalari bilan shug’ullanish imkoniyatini yaratishdan iboratdir.
Qarorlarni bajarilishiga rahbarlik qilish jarayonida rahbarning vazifasi xodimlarning shaxsiy manfaatlarini umummanfaatlari bilan muvofiqlashtirishga erishishdan iboratdir. Jamoaga muvaffaqiyatli rahbarlik qilish farmoyish berish va nazorat qilish usullari, shakllari va texnikasini bilishgina emas, balki topshiriqlarni bajarishga xodimlarni safarbar eta olish qobiliyatini ham talab qiladi.
Erishilgan yutuqlarni rahbar faqat o’zining xizmatlari etib ko’rsatmasligi lozim. Qaror ijro etilmay qolganda aybdorni jazolashdan oldin buning sabablarini diqqat bilan o’rganish zarur.
Ko’pchilik rahbarlar yaxshi qaror qabul qilishni bilmasliklari tufayli emas, balki ularni amalga oshirishni tashkil qila bilmasliklari sababli o’z lavozimlariga mos kelmay qoladilar. Ba’zida bir masala yuzasidan ikki-uch martalab qaror qabul qiladilar. Qarorlarning bajarilmay qolish sabablari ham mana shundadir.
Qarorlarni bajarilishiga rahbarlik qilish muayyan me’yoriy xujjatga tayanadi. Korxona, tashkilot to’g’risidagi Qonun yoki Nizom ana shunday me’yoriy xujjatlardan hisoblanadi. Bu xujjatda mazkur korxona (bo’linma)ning asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlaridan tashqari uning shtat jadvali va ma’muriy rahbar (boshliq, mudir) ko’rsatilgan bo’ladi. Nizomda ko’pincha ushbu bo’linmaning boshqa xizmatlar bilan funksional aloqalari tartibga solinadi.
Nizomga binoan odatdagi sharoitlarda rahbar faqat bevosita bo’ysinuvchilargagina farmoyish beradi. Boshqa bo’ysinuvchilarga farmoyish faqat ularning bevosita rahbarlari orqali beriladi. Masalan, sex boshlig’i formal jihatdan xizmat bo’yicha o’zidan past turgan barcha xodimlarga buyruq berish huquqiga ega. Biroq, u bevosita rahbarlarni chetlab buyruq berganda bu hol:
-tashkiliy parokandalikka olib keladi;
-intizomga salbiy ta’sir ko’rsatadi;
-ko’ngilsiz ijtimoiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Ba’zan rahbarlar o’rtasida bir-birining ishiga aralashish xollari ro’y beradi.
Bunday harakat ham rahbarlar orasida ma’lum norozilikni keltirib chiqaradi.
Boshqarish jarayonidagi oxirgi bosqich - bu qabul qilingan qaror ijrosini nazorat qilishdir.