Rivojlanayotgan mamlakatlar to’lov balanslarini tuzish usullarining o’ziga xos tomonlari. XVF chizmasi bo’yicha to’lov balanslarini tuzish uslubi, kredit va debet yozuvlarining mos kelishi talab qilinganligi bois, rivojlanayotgan mamlakatlar, bu maqsadlarda, «xatolar» moddasidan foydalanadilar. U orqali, bir qator mamlakatlarning valyuta organlari, statistik ma’lumotlar yoki birlamchi hisob xatolarini qoplaydilar. Ko’rsatilgan bu modda bo’yicha, ko’p hollarda, katta summalar o’tadi va shuning uchun, rivojlanayotgan mamlakatlar to’lov balanslarida, xalqaro hisoblar bo’yicha real holat to’liq aks etmaydi. Shu bois XVF, agarda valyuta to’lovlar bazasida hisoblangan, ko’rsatilgan modda bo’yicha o’tadigan summa mamlakatning importi yoki eksportining 10 foizidan oshmasa (bu qiymatlarning eng kattasi hisobga olinadi), to’lov balansi qoniqarli tuzilgan deb hisoblaydi. «Xatolar» moddasi bo’yicha katta qoldiq, to’lov balansini sezilarli xatolar bilan tuzilgani haqida dalolat beradi. Lekin, ko’rilayotgan moddaning yirik hajmdagi qoldig’i ham, aniqlik kafolati bo’la olmaydi, chunki bitim to’lov balansida qayd qilinmasa (misol uchun, kontrabanda), uning ma’lumotlari aniq bo’lmaydi. Lekin, «xatolar» moddasi bilan yo’qotish kerak bo’lgan, muvozanatsizliklar yuzaga kelmaydi. Bu moddaning kattaligi ham, mamlakatdagi valyuta nazoratining va statistikaning holati bilan bog’liq. Umuman, rivojlanayotgan mamlakatlar to’lov balanslari ma’lumotlari, rivojlangan mamlakatlarnikiga qaraganda, ko’p hollarda, ishonchsizroq bo’ladi. Ko’p rivojlanayotgan mamlakatlar hisob balansini ham tuzishadi (xalqaro talablar va majburiyatlar mutanosibligi). Bu balanslar qoldig’i, odatda, bir-biriga to’g’ri kelmaydi. Misol uchun, kapitallar chiqimini amalga oshirayotgan OPEK a’zolari bo’lgan mamlakatlarning hisob balanslari aktivdir, to’lov balansi esa, neft narxini tushishi paytida, passivdir. Misol uchun, 1980-yillar o’rtasi va 1990-yillar oxirida, neft import qiluvchi bo’lgan rivojlanayotgan mamlakatlarga, ikkala balansning ham passiv qoldigi xarakterlidir. Bu balanslarning farqi, kapitallar va kreditlar harakati bilan bog’liq bo’lgan operatsiyalarning ularda aks etishi bilan namoyon bo’ladi. Agar, AQSH Braziliyaga 100 mln. AQSH dollari miqdorida kredit bersa, kapitallaming oqib ketishi sifatida bu summa kreditor mamlakatning to’lov balansining passiviga yoziladi, hamda uni kelajakda to’lashi kerak bo’lgan mamlakatga talab sifatida, hisob balansining aktiviga yoziladi. Braziliya kredit olgani bois, bu uning to’lov balansining aktivida va mamlakat qarzi qayd qilingan hisob balansining passivida aks etadi.