Usulelementlari. Usul (metod yunoncha metodos) tushunchasi ikki ma’noni bildiradi:
ayrim voqealarni bilish o’rganish usuli;
alohida usul, harakat usuli yoki ko’rinishi.
Birinchi tushuncha kengroq ma’noga ega. Har bir fan kabi buxgalteriya hisobi o’z usuli bilan ta’riflnadi. Hisob yuritish tartibini belgilab beruvchi tarkibiy qism sifatida buxgalteriya hisobiga xos bo’lgan quyidagi usullar ma’lum:
Hujjatlashtirish;
Investitsiya;
Baholash;
Kalkulyatsiya;
Buxgalteriya hisobi schetlari;
Ikkiyoqlama yozuv;
Buxgalteriya balansi;
Hisobot.
Bu tushunchalar buxgalteriya hisobi usul elementlari deyiladi.
Ikkinchi ma’noda – alohida foydalaniladigan usullar ma’nosida - qo’llaniladigan usullar yig’indisi hisobning metodologiya (uslubi)sini tashkil etadi.
Metodologiya buxgalteriya hisobi oldida turgan maqsad va vazifalar ham ularni echish imkoniyatlari, ya’ni mavjud texnik va texnologik baza bilan belgilanadi.
Usulning mazmuni - mazkur fanning predmeti, vazifalari va uning oldiga qo’yiladigan talablar xususiyatlariga bog’liq bo’ladi. Ular buxgalteriya hisobi usulining tarkibiga kiradigan aniq usullarni belgilab beradi.
Eng avval shunga e’tibor berish lozimki, buxgalteriya hisobida sodir bo’ladigan barcha xo’jalik jarayonlari, uning ixtiyoridagi barcha mablag’larni aks ettiruvchi axborotlar shakllanadi. Har xil jarayonlarda sodir bo’ladigan muomalalar soni hamda korxona ixtiyorida joylashgan mablag’lar turi va manbalari juda ko’pdir. Har bir xo’jalik muomalasi va mablag’lar hamda manbalar turi ustidan zaruriy boshqaruv axborotini umulashtirish, shakllantirishni hujjatlashtirish yordamida kuzatib boriladi.
Hujjatlashtirish buxgalteriya hisobining ob’ektlari (uning predmetining tarkibiy unsurlari) ustidan yoppasiga va uzluksiz kuzatishni amalga oshirish imkonini beradigan dastlabki aks ettirish usulidir. Buning uchun har bir alohida muomala uchun yoki ularning bir turdagi guruhi
uchun dastlabki hisob axborotini muayyan moddiy tashuvchisi tuziladi. Unda amalga oshirilgan muomalaning mazmuni qayd etiladi.
Hujjatlashtirish yordamida sodir bo’layotgan xo’jalik muomalalari haqida mukammal ma’lumotlar olinadi. Bu ma’lumotlar ularni keyinchalik iqtisodiy jihatdan guruhlash va umumlashtirish uchun asos bo’lib hisoblanadi. Yuridik talablarga rioya qilingan holda hujjatlardan foydalanish buxgalteriya hisobining ma’lumotlariga isbotlovchi kuch bag’ishlaydi.
Lekin, xo’jalik jarayonida bo’lib o’tayotgan barcha hodisalarni ham hujjatlashtirish yordamida qayd qilib bo’lavermaydi. Jumladan, tabiy yo’qolish, mablag’larni qabul qilish va topshirish paytidagi noaniqliklar, hisobdagi xatolar va qolaversa o’g’irliklar tegishli qiymatliklarning haqiqiy miqdorini dastlabki axborotni tashuvchilar va hisobda aks ettirilganlaridan chetga og’ishiga olib keladi. Bunday hodisalarning rasmiylashtirish, ular sodir bo’layotganda emas, balki ma’lum bo’lgandagina mumkin bo’ladi. Dastlabki axborot tashuvchilar tomonidan qayd qilinmay qolgan hodisalar, hujjatlashtirishga zaruriy qo’shimchalar qayta ro’yxatga olish (inventarizatsiya) yordamida aniqlanadi. Uning ma’lumotlari yuqorida keltirilgan u yoki boshqa sabablarga ko’ra o’z vaqtida hisobga olinmay qolgan hisob ko’rstatkichlarini haqiqatdagiga muvofiqlashtirish uchun xizmat qiladi.
Shunday qilib, hujjatlashtirish va ro’yxatga olish buxgalteriya hisobining ob’ektlarini dastlabki kuzatish amalga oshirish uchun qo’llaniladi. Ulardan foydalanish - mulkning but saqlanishi ustidan nazorat qilish imkonini beradi. Hujjatlashtirish va ro’yxatga olishning ma’lumotlari moddiy-javobgar shaxslarning hatti-harakatlari, amalga oshirilayotgan muomalalarning qonuniyligi, mablag’larning to’g’ri saqlanishi, ulardan maqsadga muvofiq ravishda foydalanish va shu kabilar ustidan kuzatish imkonini beradi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, xo’jalik muomalalari va mablag’lar juda turli-tumandir. Lekin, buxgalteriya hisobi ular haqida yig’ma (umumlashtirilgan) ko’rsatkichlarni berishi kerak. Bu, yig’iladigan ma’lumotlar o’lchagichlarida ifodalaniladi. Buning uchun buxgalteriya hisobida baholash usuli qo’llaniladi. Baholash yordamida natura va mehnat ko’rsatkichlarini pul ko’rsatkichlariga aylantiriladi.
Xo’jalik jarayonini boshqarish uchun uni amalga oshirish bilan bog’liq bo’lgan barcha chiqimlarni hisoblab chiqish, har bir jarayonda ishlatilgan ham jonli, ham moddiylashtirilgan mehnatni hisoblab chiqish kerak. Bunda har bir chiqim turining miqdorinigina emas, balki aniq bo’lgan, ularning ob’ektiga tegishli bo’lgan umumiy summasini topish, ya’ni hisobga olinayotgan mahsulotlarning tannarxini aniqlab topish lozim bo’ladi. Mahsulot tannarxi - ishlab chiqarish harajatlarining miqdori ustidan nazorat qilish uchun qo’llaniladigan kalkulyatsiya yordamida hisoblab topiladi. U ob’ektlarning haqiqiy tannarxini aniqlash imkonini beradi.
Shunday qilib, kalkulyatsiya buxgalteriya hisobi ob’ektlarini qiymatli o’lchash uchun xizmat qiladi. Ularning qo’llanilishi tijorat hisob-kitobini mustahkamlash uchun katta ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, tijorat hisob-kitobiga rioya qilish korxona harajatlari bilan uning faoliyat natijalari o’rtasidagi muvofiqlikni talab qiladi. Harajatlar bilan natijalarni solishtirish haqiqiy tannarx kalkulyatsiyasi ma’lumotlariga asoslanadigan puldagi ifodalash yo’li bilan erishiladi.
Buxgalteriya hisobining ob’ektlari tarkibidagi va funktsiyalaridagi farqlanishlar ularning ustidan alohida guruhlar bo’yicha, masalan, mehnat vositalari, mehnat buyumlari, pul mablag’lari va hokazolarni kuzatish zarurligini taqazo etadi. Undan tashqari, ushbu guruhlarning ichida mablag’larning alohida turlari va ularning joylashgan joylari bo’yicha tashkil qilish kerak bo’ladi. Demak, hisob bilan alohida ajratilgan har bir mehnat vositasining turi - binolar, mashinalar, uskunalar va hokazo; mehnat buyumlari - asosiy va yordamchi materiallar, yoqilg’i, yarim tayyor mahsulot va boshqalar; pul mablag’lari ularning joylashgan joylari bo’yicha hisob- kitob, valyuta va bankdagi boshqa schyotlar, korxonaning kassasida va shu kabilar qamrab olingan bo’lishi kerak. Shu bilan birga bunday guruhlash ko’pincha kamlik qilib qoladi. Masalan, mehnat buyumlarining har xil turlari ustidan, aytaylik asosiy materiallar ustidan, kuzatish ularning har bir turi, sorti, katta-kichikligi va hokazolar to’g’risida ma’lumotlar olishni talab qiladi. Shunga o’xshash guruhlash buxgalteriya hisobida mablag’lar manbalari va xo’jalik jarayonlari bo’yicha ham amalga oshiriladi.
Xo’jalik mablag’lari va xo’jalik muomalalarini aks ettirishda, ularni boshqarish uchun zarur bo’lgan ma’lumotlarni olishda, buxgalteriya hisobi ob’ektlarini iqtisodiy jihatdan guruhlashda schyotlardan foydalaniladi.
Axborotni dastlabki tashuvchilardagi ma’lumotlar hisob ob’ektlariga faqat tarqoq bo’lgan tavsif beradi, shu sababli schyotlarga ehtiyoj tug’iladi. Bu ma’lumotlarni umumlashtirgan holda guruhlash va summalashtirish lozim bo’ladi. Bunday funktsiyani buxgalteriya hisobida schyotlar bajaradi.
Xo’jalik muomalalarini buxgalteriya schyotlarida aks ettirish ikkiyoqlama yozuv vositasida amalga oshiriladi. Ikkiyoqlama yozuvning mohiyati har bir xo’jalik muomalasi natijasida yuzaga keladigan ikki hodisani o’zaro bog’langan xolda aks ettirishdan iborat. Masalan, materiallarni xarid qilish muomalasini qayd etaturib, sotib olingan qiymatliklarning kelishi (tayyorlanishi) va mol etkazib beruvchilarga to’langan pul mablag’larining sarflanishi (qarzning yuzaga kelishi) ko’rsatkichlari o’zaro bog’lanadi yoki mahsulot tayyorlashga meteriallar sarflashni aks ettiraturib, o’zaro bog’liqlikda ishlab chiqarish chiqimlarining oshishi va korxona omboridagi materiallarning kamayishi ko’rsatiladi. Muomalalarni bunday usul bilan yozish ularning iqtisodiy mazmunini ochib beradi va xo’jalik faoliyatini chuqurroq o’rganishga yordam beradi.
Shunday qilib, schyotlar va ikkiyoqlama yozuv buxgalteriya hisobi ob’ektlari to’g’risidagi ma’lumotlarni joriy guruhlash maqsadida qo’llaniladi. Ular yordamida korxonani tezkor boshqarish, moddiy javobgar shaxslar mulklarining but saqlanishi ustidan nazorat amalga oshiriladi. Ular xo’jalik faoliyatining yig’ma ko’rsatkichlarini hisoblab chiqish uchun zarur bo’lgan ma’lumotlarni asta-sekin jamg’arish va tartibga solish (sistemalash) imkonini beradi.
Buxgalteriya hisobi, aniq ob’ektlarning keng bo’lgan tarkibi korxona xo’jalik mablag’larini doimiy ko’zdan kechirish zarurligini taqozo etadi. Buning uchun xo’jalik mablag’larini ikki xilga, ya’ni ularning turlari va joylashishi hamda tashkil topish manbalari va qanday maqsadga mo’ljallanganligiga qarab, ko’rsatadigan buxgalteriya balansi xizmat qiladi. Xo’jalik mablag’larini aks ettirishning bunday tartibi ularning barcha yig’indisini o’zaro bog’langan holda ko’rish imkonini beradi va korxonaning ular bilan ta’minlanganligini tahlil qilishni engillashtiradi.
Xo’jalik jarayonlarini vaqti-vaqti bilan ko’zdan kechirish buxgalteriya hisobida ularni tavsiflovchi ko’rsatkichlar ustidan kuzatish yo’li bilan amalga oshiriladi. Bunday ko’rsatkichlar xo’jalik faoliyatining barcha asosiy uchastkalari bo’yicha belgilanadi. Bu - ishlab chiqarish va sotish hajmi, foyda va rentabellik, tannarx va boshqalardir. Bularning hammasi hisob ma’lumotlari asosida byudjetning bajarilishining yig’ma tizimini ifodalovchi hisobotda aks ettiriladi. Hisobot - hisob-kitoblarning ilmiy asoslangan tizimi yordamida tuziladi. U hisoblab chiqariladigan ko’rsatkichlarning to’g’riligini va ularning o’tgan davrdagi huddi shunday ko’rsatkichlari bilan hamda korxonaning moliyaviy ahvolini baholash maqsadida boshqa korxonalarning huddi shunday ko’rsatkichlari bilan solishtirish mumkinligini ta’minlaydi.
Yuqorida aytilganlardan kelib chiqib, balans va hisobot buxgalteriya hisobi ma’lumotlarini yakunlovchi umumlashtirish usuli hisoblanadi desak bo’ladi. Bu usullardan foydalanish buxgalteriya hisobining muhim vazifalari hisoblangan korxona va uning tarkibiy bo’linmalarini boshqarish, korxonaning moliyaviy ahvolini baholash kabi muhim bo’lgan vazifalarni echishni ta’minlaydi. Korxonada tezkor boshqarish hujjatlar va schyotlar ma’lumotlari bo’yicha har kuni amalga oshiriladi, lekin u uzoqroq bo’lgan muddatdagi korxonalar ishini chuqur tahlil qilish imkonini bermaydi. Xo’jalik faoliyati natijalarini uzoq bo’lgan vaqtlar uchun har tomonlana va mukammal tahlil qilishni faqat balans va hisobot yordamigina amalga oshirish mumkin.
Shu bilan buxgalteriya hisobida qo’llaniladigan usullar mohiyatini ko’rib chiqishga yakun yasaymiz. Shunday qilib, buxgalteriya hisobining usuli (metodi) quyidagi usul(element)lardan iborat ekan: hujjatlashtirish va yo’qlama qilish (inventarizatsiya), baholash va kalkulyatsiya, schyotlar va ikkiyoqlama yozuv, balans va hisobot.
Bu usullardan ba’zi birlari xo’jalik hisobining boshqa turlarida ham keng qo’llaniladi. Bularda keng miqyosda hujjatlashtirish, baholash, kalkulyatsiya, hisobot va ma’lum darajada
balans (balansli usul) qo’llaniladi. Masalan, statistikada balansli usuldan - mehnat balansini, turli moddiy resurslarning balansini tuzish uchun foydalaniladi va hokazo.
Buxgalteriya hisobining amaliyotida barcha usullar ajralgan holda emas, balki yagona butunlikning bir qismi sifatida quyidagi ketma - ketlikda qo’llaniladi. Hujjatlashtirishdan - xo’jalik muomalalari haqida dastlabki ma’lumotlarni olish uchun foydalaniladi. Ma’lumotlarni hujjatlashtirish asosida xo’jalik faoliyatini buxgalteriya hisobida navbatdagi aks ettirish amalga oshiriladi. Hujjatlardan ma’lumotlar albatta umumlashtirilgan pul o’lchagichida ifodalanadi. Buning uchun natura va mehnat ko’rsatkichlaridan pul ko’rsatkichlariga o’tkazish imkonini beradigan baholash xizmat qiladi.
Hujjatlarda qayd etilgan buxgalteriya hisobi ob’ektlari to’g’risidagi ma’lumotlar iqtisodiy jihatdan guruhlanadi va summalashtiriladi, buning uchun esa schyotlar va ikkiyoqlama yozuvdan foydalaniladi. Schyotlarda olinadigan ko’rsatkichlar ikkiyoqlama yozuv yordamida o’zaro bog’lanadi. Schyotlarda keltirilgan ma’lumotlar yo’qlama qilish jarayonida tekshiriladi va aniqlanadi. Tekshirilgan ma’lumotlar asosida u yoki boshqa ob’ektga tegishli bo’lgan chiqimlar hisoblab chiqiladi, ya’ni ularning tannaxri hisoblab chiqiladi - kalkulyatsiya tuziladi.
Shunda tezda joriy buxgalteriya hisobi yuritiladi hamda korxona va uning tarkibiy bo’linmalarining faoliyati boshqariladi. Buxgalteriya hisobi ob’ektlarini joriy aks ettirish mablag’larning turlari va ularning manbalari sinov (probniy) balansida solishtirish bilan nazorat qilinadi va ichki hisobot yordamida joriy ma’lumotlarni vaqti-vaqti bilan yig’ib yakunlanadi.
Buxgalteriya hisobi usulining turli unsurlari bilan birga olib borish va ulardan amaliy foydalanish mana shulardan iborat. Usulning unsurlari bir birovlari bilan chambaras bog’liq bo’lib, ularning har biri oldingilaridan foydalanadi yoki o’zlari keyingilariga ma’lumotlar beradi. Shunday qilib, buxgalteriya hisobining usuli - bu xo’jalik mablag’lari va jarayonlarini boshqarish uchun axborotni shakllantirish usullarining yig’indisidir.
Buxgalteriya hisobining usuli qator usullardan keng foydalanish bilan tavsiflanadi va ularning har biri ma’lum maqsadlarga xizmat qilib, birgalikda yagona tizimni hosil qiladi. Buxgalteriya ob’ektlari unda yoppasiga va uzluksiz o’z aksini topadi. Buxgalteriya hisobining usuli hisobga olinayotgan ob’ektlarni o’zaro bog’langan holda aks ettirish imkonini beradi va shu bilan ayrim hodisalar o’rtasidagi sababli bog’liqlikni yuzaga chiqaradi. Xo’jalik hodisalari buxgalteriya hisobida real ma’lumotlar asosida ko’rsatiladi va shu bilan uning ob’ektivligi ta’minlanadi.
Buxgalteriya hisobining ususli xo’jalik hayotining barcha hodisalari, xo’jalik faoliyati jarayonida sodir bo’layotgan barcha ko’p sonli muomalalarni kuzatish imkonini beribgina qolmay, undan tashqari, ilmiy asoslangan boshqaruv echimlarini ishlab chiqish uchun katta
ahamiyatga ega bo’lgan ma’lumotlarni iqtisodiy jihatdan umumlashtirish imkoniyatini ham yaratadi.
Buxgalteriya hisobi usulidan foydalanishning bosh maqsadi xo’jalik faoliyatini boshqarishni amalga oshirish uchun talab qilinadigan ko’rsatkichlarni hisoblab chiqishdan iborat.
Yuqorida yozilganlarga asoslanib buxgalteriya hisobi usulining mohiyatini quyidagicha ta’riflash mumkin.
Buxgalteriya hisobining usuli - buxgalteriya hisobi ob’ektlarini xo’jalik faoliyatini boshqarishni amalga oshirish maqsadida yoppasiga, uzluksiz, o’zaro bog’langan va ob’ektiv aks ettirishni ta’minlaydigan usullar tizimidan iborat.