10.2. Tadbirkorlik faoliyati shakllari, ularni tashkil etish va boshqarishning bozor tizimi Hozirgi davrda ishlab chiqarish vositalarining ijtimoiy, umumdavlat
maqsadlarida foydalanadigan va nihoyat, jamoa, guruh, xususiy va shaxsiy
maqsadlarda ishlatiladigan turlari mavjud. Shunga mos ravishda tadbirkorlikning
turli-tuman: davlat, jamoa, xususiy, aralash va boshqa hosila shakllari rivojlanadi.
Turli mamlakatlarda davlat korxonalarining huquqiy maqomi turli-tumanligi
bilan ancha farqlanadi. Hatto biron-bir mamlakatda barcha davlat korxonalari
faoliyatini tartibga soluvchi yagona qonuniy hujjat mavjud emas. Yuqorida ko‘rib
o‘tilgan sharoitlar asosida davlat korxonalarini uchta guruhga bo‘lish mumkin:
- budjet korxonalari;
- davlat ishlab chiqarish korxonalari;
- aralash kompaniyalar.
Budjet korxonalari – davlatning vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda faoliyat ko‘rsatuvchi hamda davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriluvchi xo‘jalik mustaqilligiga ega bo‘lmagan korxonalar. Ular o‘zlarining holati
bo‘yicha davlatning ma’muriy-boshqarish tizimiga kiradi va biron-bir vazirlik,
mahkama yoki mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga bevosita bo‘ysunadi
yoki ularning tarkibiy qismi hisoblanadi. Barcha daromad va xarajatlari davlat
budjeti orqali o‘tib, olingan foydasidan soliq to‘lamaydi.
Davlat ishlab chiqarish korxonalari – xo‘jalik faoliyati bilan birga davlat tomonidan belgilangan doirada boshqarish va tartibga solish vazifalarini ham bajaruvchi, alohidalashgan mol-mulkka ega bo‘lgan korxonalar. Bundan
ko‘rinadiki, davlat ishlab chiqarish korxonalari yoki korporatsiyalari o‘zida tijorat
korxonalari va davlat organlari belgilarini mujassamlashtirib, korxonalarning ancha
keng tarqalgan tashkiliy, huquqiy shakli hisoblanadi.