13.3. Agrosanoat integratsiyasi va agrobiznes Iqtisodiy rivojlanish jarayonida qishloq xo‘jaligi hamma vaqt sanoat, savdo va boshqa tarmoqlar bilan mustahkam bog‘liq bo‘lib kelganligini hisobga olish kerak. Chunki mamlakatning oziq-ovqat mahsulotlariga va qishloq xo‘jalik xomashyosidan tayyorlangan tovarlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish faqat qishloq xo‘jaligining holatiga emas, balki sanoat tarmoqlari bilan uyg‘un rivojlanishiga ham bog‘liq bo‘ladi. Xuddi ana shu holat iqtisodiyot tarkibida agrosanoat majmuasini bitta pirovard natijani ro‘yobga chiqarishga
bo‘ysundirilgan tarmoqlarning yagona, yaxlit tizimini keltirib chiqarish uchun asos bo‘ladi.
Agrosanoat integratsiyasi – qishloq xo‘jaligi bilan sanoat, ayniqsa, unga xizmat qiluvchi va mahsulotni iste’molchiga yetkazib beruvchi tutash tarmoqlar o‘rtasida ishlab chiqarish aloqalarining rivojlanishi hamda ularning uzviy birikish jarayonidir. Agrosanoat integratsiyasi ko‘p qirrali bo‘lib, u g‘oyat xilma-xil shakllarda namoyon bo‘ladi. Bular eng avvalo ana shu jarayon qaysi darajada, ya’ni butun mamlakat ko‘lami, viloyat doirasi yoki korxona darajasida yuz berishiga bog‘liq. Butun mamlakat va mintaqalar ko‘lamida agrosanoat integratsiyasi qishloq xo‘jaligining tarmoqlararo aloqalari kuchayishida, iqtisodiyotning oziq-ovqat
(tarmoq) va mintaqa agrosanoat majmualari tashkil bo‘lishi va rivojlanishida ifodalanadi.
Hozirgi vaqtda agrasanoat integratsiyasi klaster xo‘jaligi shaklida tashkil topmoqda.
Qishloq xo‘jalik sohalarida foyda olish maqsadida olib borilayotgan tadbirkorlik faoliyati agrobiznes deyiladi. Agrobiznes tushunchasiga bevosita qishloq xo‘jaligi sohasiga kirmaydigan, biroq u bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat bilan shug‘ullanuvchi biznes turlari ham kiritiladi. Bu qishloq xo‘jaligiga texnikaviy, ta’mirlash xizmati ko‘rsatish, uning mahsulotlarini qayta ishlash va iste’molchilarga yetkazib berish bilan bog‘liq bo‘lgan tadbirkorlik faoliyatidir. Qisqacha qilib aytganda, agrobiznes agrosanoat integratsiyasi natijasida vujudga kelgan agrosanoat majmuasining barcha bo‘g‘inlarini qamrab oladi. Agrobiznes faoliyatining maqsadi iste’mol bozorini yetarli miqdorda sifatli qishloq xo‘jalik mahsulotlari, sanoatni esa xomashyo bilan uzluksiz ta’minlash orqali foyda ko‘rishdan iborat.
Agrobiznesning asosiy shakli va birlamchi bo‘g‘ini fermer va dehqon xo‘jaliklaridir. Chunki ular bevosita qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Bu xo‘jaliklar o‘z erida yoki ijaraga olingan yerda ish yuritib, unda mulk egasi va ishlab chiqaruvchi fermerning o‘zi va oila a’zolari hisoblanib, ayrim hollarda yollanma mehnatdan foydalanish ham mumkin. Fermer xo‘jaligining
afzalligi shundan iboratki, unda mulk va mehnat bevosita qo‘shiladi, bu esa ishlab chiqarishning yuqori samaradorligini ta’minlaydi. Fermer xo‘jaliklari mustaqil tuzilma bo‘lish sababli o‘z faoliyatini bozor kon’yunkturasiga tez moslashtira oladi. Unda iqtisodiy manfaat va pirovard natija uchun mas’uliyat bitta faoliyatning ikki tomonini tashkil qiladi. Bularning hammasi fermer xo‘jaligining yashovchanligini ta’minlaydi.
Agrobiznes turlaridan biri agrofirmalardir. Agrofirma ma’lum turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini etishtirish va uni pirovard mahsulot darajasigacha qayta ishlashni qo‘shib olib boradigan korxonadir.Agrofirmalar ham qishloq xo‘jaligi, ham sanoatga xos resurslarni ishlatib, iste’molga tayyor bo‘lgan mahsulot yaratadi. Mazkur turdagi korxonalar turli mulkchilikka asoslanishi, chunonchi oilaviy xo‘jalik asosida ham tashkil topib, kichik zavodlar bilan birikishi mumkin. Agrosanoat birlashmalari va kombinatlari agrobiznesning yangi turlaridir.
Agrosanoat birlashmalari bir turdagi mahsulot ishlab chiqaruvchi va unga bog‘liq ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi bir necha xo‘jalik hamda korxonalarning birlashmasidir. Masalan, bog‘dorchilik va uzumchilik bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklar, ular mahsulotini qayta ishlovchi sex va zavodlar, iste’molchilarga yetkazib beruvchi savdo-sotiq korxonalari bir texnologik jarayonga birlashib agrosanoat birlashmalarini tashkil qiladi. Birlashma ishtirokchilari ishlab chiqarish, xo‘jalik va moliyaviy mustaqilliklarini saqlab qolishi bilan birga, ularning umumiy mulki ham tarkib topib boradi.
Agrosanoat kombinatlari qishloq xo‘jalik mahsulotlarini etishtirish, qayta ishlash va iste’molchilarga yetkazib berishgacha barcha texnologik jarayonga xizmat qiluvchi xo‘jalik va korxonalarning ma’lum bir hududida birlashuvidir. Agrobiznes turiga ko‘ngilli va paychilik mablag‘lari asosida tashkil qilingan turli xil uyushma va ittifoqlarni ham kiritish mumkin.
Qishloq xo‘jaligidagi davlat korxonalari, jamoa xo‘jaliklari va shirkatlari, turli xil mulkchilik asosida tashkil qilingan qo‘shma korxonalar ham agrobiznes turlari sifatida faoliyat ko‘rsatadi.