Iqtisodiy sikllarni iqtisodiy tizimning o‘ziga xos ichki omillari ta’sirida vujudga kelishini asoslovchi nazariya internal nazariya deb ataladi. Asosiy kapitalning jismoniy va ma’naviy jihatdan eskirib, xizmat muddatitugashi va uning yangilanishi ko‘pchilik iqtisodchilar tomonidan iqtisodiy siklni keltirib chiqaruvchi muhim omillardan biri sifatida qaraladi.
Agar bir yoki bir necha tarmoqda mashina-uskunalarga talabning keskin ortishini keltirib chiqaradigan iqtisodiy o‘sish boshlansa, tabiiyki, bu hol mashina va uskunalar to‘liq eskiradigan har 10-15 yildan keyin takrorlanadi. Fan-texnika taraqqiyoti natijasida bu muddat qisqarib boradi va inqirozlar tez takrorlanadi.
Shuningdek, quyidagi boshqa ichki omillar ham ajratib ko‘rsatiladi:
-shaxsiy iste’molning o‘zgarishi (qisqarishi yoki kengayishi);
investitsiyalar, ya’ni ishlab chiqarishni kengaytirish, uni yangilash va yangi ish joylarini vujudga keltirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmi;
ishlab chiqarish, talab va takliflar hajmiga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan davlat iqtisodiy siyosatining o‘zgarishi.
Iqtisodiy sikllarning kelib chiqishini faqat eksternal yoki internal nazariya orqali tushuntirish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Iqtisodiy sikl va umuman iqtisodiy tizimdagi miqdoriy va sifat o‘zgarishlar tashqi va ichki omillar birgalikdagi ta’siri oqibatida kelib chiqishi mumkin. Shuningdek, iqtisodiyotning siklli rivojlanishi sabablarini izohlashda bir qator nazariyalar ham ilgari suriladi. Quyida ulardan asosiylarini ko‘rib chiqamiz.
Sof monetar nazariya. Bu nazariya tarafdorlarining fikricha bozor iqtisodiyotida markaziy o‘rinni pul va kredit egallaydi. Iqtisodiyotning siklli o‘zgarishi eng avvalo pul massasi oqimini o‘zgartirishga bog‘liq.
Iqtisodiy faollikning o‘sishi, iqtisodiyotning ravnaq topishi, uning turg‘unlik bilan almashinib turishiga yagona sabab pul oqimining o‘zgarishidir. Tovarlarga talabning ortishi natijasida savdo, chakana narx o‘sib, ishlab chiqarishning kengayishiga olib keladi.
Pul oqimi (iste’mol xarajatlari summasi) pul miqdorining o‘zgarishi natijasida o‘zgaradi. Pul miqdorining kamayishi iqtisodiy faoliyat faolligini pasaytiradi.
Pul va kredit tizimi beqaror tavsifga ega ekanligi sababli pul oqimini barqarorlashtirish murakkab hisoblanadi. Hozirgi paytda kredit pullari to‘lov va muomala vositasi sifatida asosiy rolni o‘ynaydi. Aynan bank tizimi kredit pullarni yaratadi, shunga ko‘ra, pul oqimining o‘zgarishida banklarning hisob stavkalari katta ahamiyat kasb etadi. Bu nazariyaning ayrim namoyandalari pulni harakatga keltiruvchi kuch sifatida qarab, muvozanatning buzilishiga asosiy sabab deb ko‘rsatadilar.
Ikkinchi guruhi esa pul tizimi mutanosiblikni buzmaydi, faqat mutanosiblikni buzilishiga olib keluvchi boshqa omillar uchun sharoit yaratadi, degan fikrni ilgari suradilar. Muvofiq ravishda monetar va nomonetar yo‘nalish vujudga keldi.
Monetar nazariyaning e’tiborli tomonlari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
yuksalish fazasi davrida kreditni kengaytirish tufayli kelib chiqqan ishlab chiqarish tuzilmasi nomutanosibliklari tahlil qilinadi;
mazkur nomutanosibliklarning salbiy oqibati sifatida kelib chiquvchi inqirozlar tahlil qilinadi.
Shunday qilib, bu nazariya tarafdorlari jamg‘arishning davriy ravishda oshib ketishi va mutanosiblik buzilishining asosiy sababi sifatida pulni ko‘rsatadilar. Nomonetar nazariya tarafdorlari esa texnologik o‘zgarishlar, yangiliklar, ixtirolarning ahamiyatini alohida ta’kidlab, pul jamg‘arishning ko‘payib ketishidagi rolini ko‘rsatishadi. Monetar va nomonetar yo‘nalish o‘rtasidagi farq uncha katta emas, biri ikkinchisini to‘ldiradi.Har ikkala nazariya ham oxir-oqibat iqtisodiy faollikning kuchayishiga iste’mol emas, balki investitsiya sabab bo‘ladi, degan fikrni ilgari suradi.
Iqtisodiy sikllarni iste’mol tovarlariga talabning o‘zgarishiga bog‘lab, akseleratsiya prinsipiga e’tibor qaratiladi. Bu prinsip mohiyatiga ko‘ra texnik sabablar tufayli iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabning ozgina o‘zgarishi ishlab chiqarish uchun zarur tovarlarga talabning keskin o‘zgarishiga olib keladi.