Ishchi kuchi taklifi – bu muayyan vaqtda ish haqining tarkib topgan darajasida ishga yollanishga tayyor bo‘lgan mehnatga layoqatli ishchi kuchi miqdori
Ishchi kuchi taklifi – bu muayyan vaqtda ish haqining tarkib topgan darajasida ishga yollanishga tayyor bo‘lgan mehnatga layoqatli ishchi kuchi miqdori. Ishchi kuchi taklifi mehnat qilish yoshidagi turli kasb va mutaxassislikka ega bo‘lgan kishilarning ishlashga bo‘lgan layoqatini namoyon etadi.
Ishchi kuchi taklifi – bu ish haqining muayyan darajasi hamda ishga yollashning muayyan shart-sharoitlarida mehnatga layoqatli ishchi kuchining o‘z kasbi, mahorati va boshqa xususiyatlariga mos ravishda ishlashga ehtiyojidir.2 U ishchi kuchining demografik va kasb tayyorgarligi xususiyatlariga bog‘liq bo‘lib, ishchi kuchini takror ishlab chiqarishni ta’minlash maqsadida uni sotish
(ayirboshlash) holati orqali namoyon bo‘ladi.
Ishchi kuchiga bo‘lgan talab va taklifni muvofiqlashtirish uchun ishchi kuchi bozori infratuzilmasini rivojlantirish, o‘quv muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish va mintaqalarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish masalalari bo‘yicha bandlikka ko‘maklashuvchi tashkilotlarning o‘quv yurtlari bilan hamkorligini yanada kеngaytirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish modеrnizatsiyalashning muhim yo‘nalishidir1.
Ishchi kuchi bozorida taklif mehnatga qobiliyatli kishilarning quyidagi muayyan guruhlaridan iborat bo‘ladi:
ishlamayotgan, lekin ish topishni istaydigan va faol ravishda ish
qidirayotganlar; - ish bilan band, biroq undan to‘la ravishda qoniqmay, boshqa ish
qidirayotganlar;
ishlayotgan, lekin tez orada ishidan mahrum bo‘lib qolishi mumkinligi sababli boshqa ish joyi qidirayotganlar.
Ishchi kuchi bozorini tavsiflashdan oldin uning asosiy va o‘ziga xos tovari bo‘lgan ishchi kuchining qiymati va iste’mol qiymati (nafliligi) to‘g‘risida to‘xtalib o‘tish zarur.
Ishchi kuchining qiymati nafaqat ishchining shaxsiy ehtiyojlarini qondirish, balki ishchi kuchini takror ishlab chiqarish hamda uning sifatini oshirish jarayonlarini, uning oilasini yetarli darajada ta’minlash uchun zarur bo‘lgan barcha hayotiy ne’matlarning qiymatini o‘z ichiga oladi. Ishchi kuchi qiymati o‘zgaruvchan ko‘rsatkich bo‘lib, u turli omillar ta’sirida oshib yoki pasayib turishi mumkin. Ishchi kuchi qiymatini oshiruvchi omillar qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin: ish kunining uzaytirilishi, mehnat intensivligining oshishi; turli xil tabiiy va tarixiy sharoitlar, fan-texnikaning rivojlanishi, o‘qish va kasbiy bilimlar olishga sarflarning ko‘payishi va h.k. Ishchi kuchi qiymatini pasaytiruvchi asosiy omil bo‘lib ishlab chiqarish sohasidagi ijtimoiy mehnat unumdorligining o‘sishi hisoblanadi. U ishchi va uning oilasi ehtiyojlarini qondiruvchi hayotiy vositalar qiymatining pasayishiga olib keladi.